Amnesty International: “Оxirgi besh yilda O‘zbekistonda beshta, 2018 yilning dastlabki besh oyida esa 200 tadan ko‘p oqlov hukmi chiqarildi”

16:27 13 Iyun 2018 Jamiyat
153 0

Rahm-shafqat, mehr-muruvvat ko‘rsatish, kechirimli bo‘lish insoniyatning ulug‘ xislati, jamiyatning yuksak ma’naviy-axloqiy qiyofasini ko‘rsatib beruvchi ko‘zgulardan biri va islom dinining asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi. Payg‘ambarimiz Muhammad (S.A.V.) ham kechirimlilik borasida tengsiz bo‘lgani buni tasdiqlaydi. Bir safar u zotdan “Yo Rasululloh, go‘zal xulq nima?” deb so‘rashganida, ushbu oyatni o‘qib bergan ekanlar: “Afv-marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring” (A’rof, 199).

Shu ma’noda xalqimiz davlatimiz rahbarining kuni kecha qabul qilgan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonini bag‘rikenglik, olijanoblik, insonparvarlikning yuksak namunasi sifatida kutib oldi.

Zero, mamlakatimizda ilk marotaba muborak Ramazon hayiti munosabati bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 226 nafar fuqaro afv etildi. Ularning 40 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 39 nafarini chet el fuqarolari, 37 nafarini ayollar, shuningdek, 51 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi. O‘z navbatida, afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga har tomonlama ko‘mak beriladi...

Binobarin, uzoq yillar davomida respublikamizda inson huquqlarini himoya qilish borasida faqat salbiy fikr bildirib kelgan xalqaro tashkilotlar, xorij ommaviy axborot vositalari ham bugungi kelib bu borada sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berayotganini tan olib, ularga munosib baho berib kelyapti.

Xususan, oxirgi 14 yil ichida ilk bor O‘zbekistonga tashrif buyurgan Amnesty International xalqaro tashkiloti delegatsiyasi vakillari ham buni alohida e’tirof etdi. Vaholanki, mazkur nufuzli tashkilot doimo keskin, murosasiz va deyarli to‘liq tanqidiy fikrlar bildirishi bilan tanilgan.

Bular haqida uning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori o‘rinbosari Denis Krivosheyev Germaniyaning eng nufuzli Deutche Welle xalqaro teleradiokanaliga bergan intervyusida gapirib berdi.

Uning fikricha, ayni paytda O‘zbekistonda qamoqxonalarning to‘lish darajasi 80 foizgacha pasaygan va bu respublikada afv etish tamoyili qo‘llanilayotgani, oqlov hukmlari ko‘paygani hamda ozodlikdan mahrum qilish jazosi hukmlari kamaygani bilan bog‘liq.

“Bu juda sezilarli o‘zgarish, sababi ma’lumotlarda O‘zbekistonda, umuman mintaqada qamoqxonalar to‘lib ketganini ko‘rsatib kelardi”, - deydi Denis Krivosheyev.

“Agar oxirgi besh yilda O‘zbekistonda faqatgina besh marotaba oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lsa, 2018 yilning dastlabki besh oyining o‘zida ularning soni 200 tadan ortdi. Bu raqamlar ko‘plab davlatlar, jumladan, Rossiyada ham oqlov hukmlari tobora kamayib borayotgan bir sharoitda, ayniqsa, tahsinga loyiq. RFda mazkur ko‘rsatkich nihoyatda kam – yiliga 0,3 foizga teng, bu tizimning o‘zida nimadir ishlamayotganini anglatadi”- deya qo‘shimcha qildi u.

Ekspert O‘zbekistonda sudyalar agar ayblanuvchining aybiga ishonch hosil qilmasa, o‘zining professional burchini bajarish maqsadida shubha-gumonlarni sudlanuvchining foydasiga talqin etayotgani, ish esa aybdorlikni isbotlash yo‘lida ishonchli dalillar aniqlanishi uchun tergovchiga qaytarilayotgani, bu esa konstitutsiyaviy tamoyillarga mos ekanligiga urg‘u bergan.

Denis Krivosheyev 2017 yilda qamoqqa olinib, 2018 yil sud zalidan ozod qilingan jurnalist Bobomurod Abdullaning ishi bo‘yicha hukm ham O‘zbekistonning odil sudlov tizimida o‘zgarishlar ro‘y berayotgani haqida o‘ylashga majbur qilishini bildirdi.

AQSHda o‘zining jizzakiligi bilan mashhur Project Syndicate internet nashrida yaqinda e’lon qilingan materialda ham O‘zbekistonda voqealarning bunday ijobiy rivojlanishi yuqori baholangan. Unda mazkur yangilanishlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat tarixida yangi sahifa ochishga bo‘lgan real intilishlarini tasdiqlashi hamda nekbinlik(optimizm) hissini misli ko‘rilmagan darajada kuchaytirib yuborishi ta’kidlanadi. Binobarin, taniqli ommaviy axborot vositasi birinchi marta oxirgi yigirma yilda O‘zbekistonda panjara ortida birorta jurnalist qolmaganiga alohida urg‘u bergan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?