Amir Temurning yoshligi haqida badiiy film, Abdulla Oripov haqida hujjatli film ishlanadi

16:06 10 Mart 2020 Madaniyat
1007 0

Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov haqida hujjatli film, buyuk sarkarda, temuriylar davlatining asoschisi Amir Temurning yoshligi haqida tarixiy badiiy film ishlanadi. Bu haqida “Oʻzbekkino“ Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxalikovning Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev bilan uchrashuvida maʼlum qilindi.

Vazirlar Mahkamasida 2019-yil 10-dekabrda oʻtkazilgan yigʻilish bayoni ijrosini taʼminlash, viloyatlar bilan hamkorlikda badiiy, hujjatli filmlarni suratga olish ishlarini muhokama qilish, joylardagi kinoteatrlar ahvoli bilan yaqindan tanishish kabi masalalarni hal etish uchun “Oʻzbekkino“ Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxalikov navbatdagi xizmat safarini Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirdi.

Firdavs Abduxalikovning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi viloyat hokimi Zoir Mirzayev bilan uchrashuvdan boshlandi. Uchrashuv davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasidagi topshiriq va vazifalar ijrosi, bugungi kunda Buxoro viloyatida kinoteatr va kinozonalar qurilishi, Buxoro viloyati bilan hamkorlikda badiiy va hujjatli filmlarni suratga olish ishlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Qashqadaryo viloyatida tarixiy mavzudagi va zamon qahramoni aks ettirilgan filmlar suratga olish taklifi ham berildi.

“Qashqadaryo viloyati bilan hamkorlikda viloyatning buyuk farzandlari hayotini kinoasar qilishga kelishdik. Oʻzbek sheʼriyatining zabardast vakili Abdulla Oripov, Qashqadaryo viloyatining mashhur tarixiy yodgorliklaridan biri Langar Ota ziyoratgohi haqida hujjatli film, buyuk sarkarda Amir Temurning yoshligi haqida tarixiy badiiy film yaratiladi”, dedi “Oʻzbekkino“ rahbari Firdavs Abduxalikov.

Uchrashuvdan keyin viloyatdagi mavjud kinoteatrlarning moddiy texnika taʼminoti va bugungi ahvoli oʻrganildi.

“Oʻzbekkino” rahbari Navroʻz bayrami arafasida Respublika kinoprokati markazining Qashqadaryo filialiga zamonaviy maxsus jihozlangan 2 ta "Damas" avtomashinasi sovgʻa qilinishini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, tuman va shaharlardagi madaniyat markazlari zamonaviy kinojihozlar bilan taʼminlanishi haqida taklif bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?