Amir Tyemur va Alining qilichi xalqaro festival koʻrgazmasida

14:22 11 Sentyabr 2019 Madaniyat
355 0

2002-yildan buyon tashabbus koʻrik tanlovlarining viloyat bosqichida muntazam ishtirok etayotgan Chust tumanilik pichoqchi Bahrom Mamajonov ustalar avlodining ikkinchi silsilasi. Ayni paytda 20 dan ortiq shogirdlar bilan Xalqaro hunarmandchilik festivalida oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etib kelmoqda. Hunarmandning “xazinasi”dan joy olgan milliy hunarmandchilik mahsulotlarini koʻzdan kechirar ekansiz, tarix kitoblari va afsonalardan bizga maʼlum va mashhur Xalifa Alining qilichiga koʻzingiz tushadi. Uzunligi 1,5 metr, eni 8 santimetrni tashkil qiluvchi ushbu qilich har qanday festival ishtirokchisini befarq qoldirmaydi.

– 360 hil pichoq va 96 turli qilich namunalari bilan xalqaro festivalda ishtirok etyapmiz, –deydi B.Mamajonov. Kecha va bugunning oʻzidayoq ishtirokchilar 34 dona suvenir pichoq va 13 dona sovgʻa uchun qilich xarid qilishdi. Qoʻlimda turgan pichoqchaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Dandon pichogʻini asosan savdogarlar yoki musofirchilikda muntazam yuruvchi fuqarolar beliga taqib yurgan. Buni hunarmandlar juda yuqori baholashadi. Uning sopi filning tishidan,qini va gulbandi (sop va tigʻni bogʻlovchi qism)toza kumushdan yasaladi. Dandon pichogʻini qiyinchilikda sotib ehtiyojiga ishlatadigan ayollarning qimmatbaho taqinchoqlariga qiyoslash mumkin. Agar savdogar ishlari yurishmay qolsa yoki sayohat davomida pulga kuchli ehtiyoj sezsa, boshiga tashvish tushib qolsa yonidagi dandon pichogʻini savdogarlarga garovga qoʻygan yoki kimoshdi savdosiga oʻxshash udum bilan sotib yuborgan. Mablagʻga bogʻliq muammolarini shu tariqa hal etishgan. Qoʻlimdagi ushbu Dandon pichogʻi mening bobokalonimdan qolgan. Hozir ham uni juda qadrlayman. Uning nafis va tarovati menga ijodda kuch bagʻishlaydi.

Andijonning Shahrixon tumanidan ishtirok etayotgan Sodiqjon Neʼmatov Amir Temurning damashqiy qilichi namunasini koʻrgazmaga qoʻydi. Moʻtabar qilichning oʻrta qismida kuch adolatdadir, deya yozib qoʻyilgan. Mahobatli ushbu qilichni diqqat bilan koʻzdan kechirar ekansiz,koʻz oʻngingizda tarix gavdalanadi.

Usta S.Neʼmatov pichoqchilik ishlari davomida qadimiy“Damashq poʻlati”ni qayta tiklashga muvaffaq boʻldi. Uning taʼkidlashicha,qadimda musulmon olamiga mashhur Damashq shahrida qurol-yaroq uchun xomashyo bozori boʻlgan. Aslida Damashq poʻlati bu shaharda kashf etilmagan. Uni Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi qadimiy goʻsha Axsikentda oʻylab topishgan. Buni yaqinda yaponiyalik olimlar Axsikentdan qazib olingan topilmalar bilan isbotlashdi. Faqatgina Damashq bozorida savdogarlarimiz bu yerdan olib borib sotishgani uchun“Damashq poʻlati” nomi bilan mashhur boʻlgan.

– Damashq poʻlatidan qiliq va pichoqlarning tigʻ qismi yasalgan, – deydi hunarmand Sodiqjon neʼmatov.Uning asosiy xususiyati – janglarda qurol tigʻi bir-biri bilan toʻqnashganda qayrilib ketmagan, aksincha raqib qurolini yaroqsiz ahvolga keltirib qoʻygan. Uzoq muddat davomida charxlash shart boʻlmagan. Bu noyob poʻlat turi choʻyan, temir va turli uglevodlar aralashmasidan tayyorlanadi. Oʻtda toblanayotgan paytda bir joyning oʻziga 300 marotabadan koʻp oʻriladi va pishiq boʻlib yetiladi. Buni pichoqchi hunarmandlar tilida 300 qavat deyish mumkin.

Bundan tashqari, shahrixonlik usta Amir Temur davrida xufiyalar, elchilar muntazam ishlatgan, kamar sifatida taqib yurilgan, egiluvchan elastik qilich materialining qadimiy turini qayta tiklashga erishdi.

Xalqaro hunarmandlar festivali doirasida 17 gektar maydonda 29 turdagi hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi davom etmoqda.

 

Elyorjon EHSONOV (Xalq soʻzi),

Xursandbek ARABBOYEV olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?