Amerikalik olim Kristofer Fort oʻzbek tilida maqola yozdi

15:36 21 May 2019 Jamiyat
575 0

Bugun oʻzbek tili sharqu gʻarb davlatlarida, jumladan, Yevropada ham oʻrganilayotgani barchamizni faxrlantiradi.

Til – dil kaliti, deyishadi. Yugurik zamon soʻqmoqlarida insoniyat uchun tobora qadr topayotgan, oʻzlikni va yashab qolish shartini ortmoqlab chopayotgan manzara – bu, ona tili hodisasidir. Oʻzbek tili ham ana shu qutlugʻ kahkashon ichida yanada sayqallanib, goʻzallashib bormoqda. Bugun oʻzbek tili sharqu gʻarb davlatlarida, jumladan, Yevropada ham oʻrganilayotgani fikrimiz dalilidir.

AQSHning Michigan universiteti doktoranti Kristofer Fort yaqinda oʻzbek tilida maqola yozdi. “Oʻzbek tili XXI asrda“ deb nomlangan maqolada ona tilimizning oʻziga xos jihatlari, shaloladek serjilo qirralari haqida soʻz yuritilgan. Quyida K.Fortning shu maqolasini havola qilamiz. Baʼzan oʻzimiz oʻz tilimiz qolib boshqa tilda soʻzlashishni afzal bilayotgan bugungi kunda okean orti fuqarosi bizning tilimizda ravon maqola yozgani kishini behad quvontiradi, qalbimizda ONA TILImizdan faxr tuygʻusini yuksaltiradi. Zora, bu biz uchun ibrat, namuna vazifasini oʻtasa, degan oʻy kechadi koʻngildan.

OʻZBEK TILI XXI ASRDA

Movarounnahrda turk tilida birinchi boʻlib yozmagan boʻlsa ham, Alisher Navoiy eski oʻzbek tilining bobosi unvonini qozongan, chunki u birinchi boʻlib turk tilida yaxshi yozgan. U “Muhokamat ul-Lugʻatayn” asaridagi son-sanoqsiz goʻzal baytlari bilan turk tilining husni fors tilinikiga nafaqat teng, balki ayrim jihatlarda ustun chiqadi, deb isbot qilgan.

Navoiyning vafot etganidan besh yuz yildan ortiq vaqt oʻtganiga qaramay, uning soʻzlari va keltirgan dalillari hali ham oʻz isbotini topmoqda. Biz, albatta, globallashayotgan dunyoda yashaymiz. Oʻzbek tiliga qaraganda jahon boʻylab keng tarqagan tillar – masalan, ingliz, fransuz, rus yo xitoy tili koʻproq ijtimoiy harakatchanlik imkoniyatini beradi. Tarix va mustamlakachilik natijalari shular – taqdirga tan berishga toʻgʻri keladi. Ammo bu zamonaviy fakt Navoiy merosiga ziyon yetkaza olmaydi, chunki Navoiy ijod qilgan turk tili va hozirgi oʻzbek tili oʻziga xos husn va lakunalarga ega.

Oʻzbek tilining oʻziga xosligi haqida soʻz borganda, koʻp mualliflar tilning lugʻatidagi durlarni koʻrsatib oʻtadilar. Masalan, “zavol” soʻzi boshqa tillarda yoʻq. Mabodo “zavol” haqida aytilmasa, oʻzbek tilining benazir maqollari toʻgʻrisida gapiriladi.

Shaxsan meni esa lugʻaviy soʻzlar emas, balki oʻzbek tilining sintaksisi yoki soʻzlar tartibi koʻproq qiziqtiradi. Ona tili ingliz tili boʻlgan mendek odam uchun oʻzbek tilining soʻzlar tartibini oʻrganib olish juda qiyin boʻlgan va bu soʻzlar tartibi meni nafaqat gaplarni boshqacha oʻylab tuzishga, balki men kuzatgan dunyo va gaplashgan odamlarga boshqacha nuqtai nazardan qarashga majbur qiladi. Oʻzbekchada gapirsam, shunday aytishim mumkin, oʻzimni boshqa odamdek his qilaman. Bu tilda oʻziga xos goʻzallik bor.

Oʻzbek tilining sintaksisdagi husni men uchun subyektiv hissiyot hamdir. Tildagi soʻzlar tartibi quloqqa yoqadigan simmetrik kuy tuzadi. Biron gap “men”dan boshlansa “man” bilan tugaydi, “sen”dan esa “san” bilan tugaydi va hokazo. Bu tabiiy simmetriyadan oʻzbekchada har bir gapda toʻlalik yo tugallash hissi bor.

Hazrat Navoiy bu xushohanglikni shubhasiz sezgan boʻlsa kerak, chunki ushbu oʻziga xos ovoz uning turk tilidagi gʻazallari va ruboiylarida betakrorona ifodalanadi. Navoiyning vorislari, shu jumladan, men shugʻullanadigan va asarlarini ingliz tiliga tarjima qilayotgan XX asr oʻzbek adiblari, oʻz ajdodi merosidan toʻla foydalanishgan. 

Tez orada Choʻlponning “Kecha va kunduz” romani men ingliz tiliga oʻgirgan tarjimamda “Akademik Stadis Press” tomonidan chop etiladi. Choʻlponni tarjima qilishga bel bogʻladim, chunki romanning birinchi soʻzlarini oʻqishim bilan uning oʻzbek tiliga xos usuli meni oʻziga afsun qilib qoʻydi. Xuddi buyuk bobosi Navoiydek Choʻlpon oʻzbek tilining oʻziga xos ifoda qilish imkoniyatlarini toʻla tarzda kashf etadi. “Kecha va kunduz” romanining oʻzbekcha lakunalaridan foydalanib, koʻzga tashlanadigan istioralaridan biri mana bu: “Oy hali chiqmagan; faqat kechaning qorongʻisiga oʻchakishgan sanoqsiz yulduzlar tepada turib mashʼallarini yondirganlar, xuddi peshona oldida koʻringan eng yorugʻ bir yulduz, piyoz toʻgʻrab yotgan kelinchakning koʻzlariday, pirpirab yonardi”. Albatta, boshqa xalqlarda ham piyoz toʻgʻrash koʻz yoshlariga sabab boʻlishi maʼlum, ammo bu istiora oʻzbek oilalaridagi munosabatlarni ochib beradi va shu zahotiyoq Markaziy Osiyodagi madaniy hayotning oʻziga xos jihatini ifodalaydi.

Globallashuv jarayoniga qaramay, oʻzbek tili jahon tamadduni tarixiga oʻzining hissasini qoʻshgan til boʻlgan va boʻladi. Oʻzbek tilining badiiy soʻz ustalari – Navoiy va Choʻlpondek allomalar jahon boʻylab dong taratishga loyiq. Men tarjimon boʻlib, ularning nomlarini dunyoga tanitishda ishtirok etishdan xursandman. Ishonamanki, hozirgi zamon Oʻzbekiston yoshlari oʻz bobolari merosidan faxrlanadi va uni dunyoga tarqatishdan iftixor qiladi.

Kristofer Fort, Michigan universiteti doktoranti (AQSH).

* * *

Kristofer Fort – 1988 yili AQSHning Minnesota shtatida tugʻilgan.

2010 yilda siyosatshunoslik va rus tili boʻyicha bakalavr darajasi bilan Michigan davlat universitetini tamomlagan. Ohayo davlat universitetida magistr darajasini olgan.

Kristofer doktorlik ishida XX asr rus va oʻzbek adabiyotlarini qiyoslab, tahlil qilmoqda. Uning Tolstoy va oʻzbek adabiyoti haqida maqolalari nashr qilingan.

Hozirda u Choʻlponning “Kecha va kunduz“ romanini ingliz tiliga tarjima qilib, chop ettirish harakatida.

Kristofer Fort bir necha yil Oʻzbekistonda yashab, oʻzbek tilini oʻrgangan. 2018 yilning avgustida Toshkentda oʻtgan “Oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda oʻrganish va targʻib qilishning dolzarb masalalari“ mavzuidagi xalqaro konferensiyada ham ishtirok etib, nutq soʻzlagan edi.

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?