Amerikalik mashhur rassom Tramp va Putinni Moskvada ochiladigan san’at asarini borib ko‘rishga taklif qildi

14:21 05 Iyun 2018 Dunyo
259 0
Foto: ТАСС

Amerikalik mashhur rassom Devid Datuna KXDR va Janubiy Koreya chegarasi, Nyu-York va Moskva shaharlariga tinchlikparvarlik kompozitsiyalarini o‘rnatmoqchi. Ayni paytda shu bo‘yicha ikki davlat vakillari bilan muzokaralar olib borilyapti. Bu haqida ijodkor TASS axborot manbasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Bundan oldin Datuna futbol bo‘yicha Rossiyada tashkil etiladigan jahon chempionati uchun ham san’at asari yaratayotgani va Moskvada paydo bo‘lishi haqida xabarlar tarqatilgandi.

“Mening g‘oyam shundan iboratki, ham KXDR, ham Janubiy Koreya chegaralari uchun, ya’ni bir vaqtning o‘zida ikki tomon uchun installyatsiya yaratishdir. Hamma ma’no shunda. O‘z ijod mahsulimni davlat rahbarlari Kim Chen In va Mun Chje In uchrashgan joyga o‘rnatishni rejalashtirganman”, dedi Datuna.

U KXDR va Janubiy Koreya bu fikrni qo‘llab-quvvatlaganini bildirgan.

“Biz ushbu mamlakatlardagi hamkasblarimiz bilan aloqadamiz, ular mening g‘oyamni qo‘llab-quvvatlamoqda. AQSHda ham xuddi shunday tasvir paydo bo‘ladi. O‘ylashimcha, uni yoz davomida Nyu-Yorkda ochamiz. Va men prezident Tramp va prezident Putinni Moskvadagi installyatsiyam ochilishiga chin dildan taklif etishni xohlardim”, dedi u.

Ma’lumot uchun, rassom 2013 yilda o‘zining ilk san’at obyektini yaratdi. Uni Google Glass qurilmasi orqali ko‘rish mumkin. Uning nomi “Amerika portreti” bo‘lib, 2014 yilda Vashington Milliy portretlar galereyasida namoyish etilgandi.

U bugun san’at yanada ko‘proq multimedia texnologiyalari bilan bog‘lanib ketganini ta’kidlaydi.

“Multimedia sohasi, foydali texnologik qurilmalar, sun’iy intellekt – biz xohlaymizmi, yo‘qmi, kelajak shular bilan. Kelajakda san’atni zamonaviy texnologiyalarni joriy etmasdan tasavvur qilib bo‘lmaydi” , dedi u.

“Hozir NASA bilan o‘ziga xos loyiha ustida ishlayapman. Bu istalgan odam kosmosga o‘z ijodiy g‘oyalari – rasmlari, filmlari, xohlagan narsasini jo‘natish imkonini beradigan san’at sun’iy yo‘ldoshidir. U hozir tayyor, faqat uni samoga uchirish uchun navbatda turibmiz”, deya ta’kidladi rassom.

Ma’lumot uchun, Devid Datuna 1974 yil 10 fevralda Tbilisida tug‘ilgan. 1998 yilda Gruziyadan AQSHga ko‘chib ketgan. Uning asosiy ijod mavzusi mamlakatlar milliy bayroqlari hisoblanadi. Oxirgi bir necha yil davomida u o‘zining falsafiy-tarixiy konsepsiyasiga tayangan holda dunyodagi deyarli 80 ta davlatning 500 xil ko‘rinishdagi bayroqlari installyatsiyalarini yaratgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?