Amerikalik kadetlar Toshkentdagi harbiy institutda boʻldi, kursantlar bilan osh pishirdi (foto)

15:44 24 May 2019 Jamiyat
452 0

AQSH Qurolli Kuchlari rezervdagi ofitserlarni tayyorlash korpusining bir guruh kursantlari Oʻzbekiston oliy harbiy taʼlim muassasalarida boʻlib, boʻlgʻusi ofitserlar bilan oʻzaro tajriba almashmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Oldin xabar berganimizdek, amerikalik kursantlar Qurolli Kuchlar akademiyasida oʻtkazilgan anjumanda qatnashgan edi. Shuningdek, mehmonlar Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Chirchiq oliy tank qoʻmondon-muhandislik bilim yurtida ham boʻlishdi. AQSHlik kursantlarga dastlab bilim yurti faoliyatini aks ettiruvchi taqdimotlar namoyish qilindi. Mehmonlar taʼlim jarayoni, oʻzbekistonlik tengdoshlarining harbiy taʼlim olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ushbu uchrashuv avvalo ikki davlat yoshlarining oʻzaro fikr almashishi, erkin va doʻstona muloqoti uchun zamin yaratdi.

Amerikalik mehmonlarga harbiy institut kursantlari bilan birgalikda oʻzbek milliy taomi — palovni pishirishlari uchun imkoniyat yaratib berildi.

“Toʻgʻrisi men juda katta taassurotlarga ega boʻlyapman. Birinchisi, kursantlarning bilimli va xushmuomalaligi meni qoyil qoldirgan boʻlsa, keyingisi mamlakatingizni ming yillik tarixga ega madaniyati qiziqishimni yanada oshirdi”, – deydi Florida universiteti kursanti Julissa Rojas.

Taʼkidlash kerakki, AQSH qurolli kuchlari vakillari uch hafta davomida oʻzbekistonlik kursantlar bilan harbiy, madaniy tadbirlar, nazariy va amaliy mashgʻulotlar orqali oʻzaro tajriba almashishlari koʻzda tutilgan.

Shuningdek, xorijlik mehmonlar oʻzbekistonlik kursantlar tomonidan poligonda bajarilgan amaliy mashgʻulotlarini kuzatib, oʻzaro fikr almashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?