Amerikaga joʻnatishni vaʼda qilgan folbinga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

11:51 06 Mart 2020 Jamiyat
220 0

Ishtixon tumanida istiqomat qiluvchi Baxtiyor AQSHga ketish, u yerda ishlash maqsadida “Grin karta” oʻynaydi. Lotereyasiga “yutuq” chiqavermagach, folbindan umid qiladi. Xurshida folbinga esa xuddi shunday “oʻlja” kerak edi...

2019-yil aprel oyida Baxtiyorning fol bilan uch kunda “yoʻlini ochib”, Amerikaga ketishiga yordam berishini vaʼda qiladi. Uning ishonchiga kirib aldab, Oqdaryo tumani, Loyish shaharchasi, Zarafshon koʻchasidagi uyida 9.500.000 soʻm miqdoridagi pullarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritadi. Baxtiyor uch kundan keyin “AQSHga ketaman”, deya hozirlik koʻradi. Ushbu vaqt oʻtgach, chindan ham uning telefoni jiringlaydi: “Biz AQSH elchixonasidanmiz, keling, hujjatlaringizni oling”.

Buni eshitgan Baxtiyor shoshilinch poytaxtga yoʻl oladi. Borganida, elchixonadan hech kim qoʻngʻiroq qilmagani aniq boʻldi. Tarvuzi qoʻltigʻidan tushgan Baxtiyor aldanganini bilib, ortga qaytadi. Tegishli organlarga murojaat qiladi.

Ichki ishlar organlari koʻmagida unga qoʻngʻiroq qilingan yashirin raqam Xurshida folbinniki ekanligi aniqlanadi. Ish sudga oshiriladi. Sud tomonlarning fikrlarini tinglaydi. Xurshida folbin yetkazilgan zararni qoplab berishini aytadi.

Ammo bir emas, bir necha bor mazkur modda bilan sudlangan folbinga 1 yil 9 oy 28 kun ozodlikni cheklash hamda 10.714.300 soʻm jarima jazosi belgilandi.

I.DONIYOROV,

jinoyat ishlari boʻyicha Oqdaryo tumani sudi raisi.

Manba: zarnews.uz


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?