Amerika universiteti Oʻzbekistonda oʻz filialini ochmoqda

16:04 11 Fevral 2019 Jamiyat
200 0

Yaqinda Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Vebster Universiteti oʻrtasida taʼlim xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi bosh kelishuv va binolardan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Kelishuv Oʻzbekistonda Amerikaning doimiy asosda faoliyat yuritadigan ilk oliy oʻquv yurti filiali ochilishini anglatadi.

Tadbirda AQSH Davlat departamenti, Taʼlim vazirligi, USAID, Amerika xalqaro taʼlim kengashi, Jahon banki, XVJ, AQSH taʼlim va tahliliy doiralari vakillari ishtirok etdi. Oʻz navbatida marosimda AQSHga ishchi tashrif bilan borgan Bosh vazir oʻrinbosari Tanzila Norboyeva, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov ham qatnashdi.

Elchi Javlon Vahobov oʻz chiqishida Oʻzbekistonda inson kapitaliga investitsiya kiritish va taʼlim standartlari hamda sifatini oshirish mamlakatda olib borilayotgan siyosatning ustuvor jihatlaridan ekanligini taʼkidladi. U mamlakatda xorij oliy oʻquv yurtlari faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratilayotganini qayd etar ekan, ishtirokchilarni respublika taʼlim bozorida ochilayotgan mazkur imkoniyatlardan foydalanishga chaqirdi.

Vebster Universiteti prezidenti Elizabet Strobl oʻz oʻquv muassasasi Oʻzbekistonda akademik dasturlarni taqdim etadigan Amerikadagi ilk oliy taʼlim dargohiga aylanayotgani katta sharaf ekanligini aytib oʻtdi. “Barchamiz taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash sohasidagi muhim islohotlarni ilgari surishdagi yetakchiligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oldida qarzdormiz. Zero, ular bizning hamkorligimizni ilgari surish uchun asos yaratdi”, - deydi Amerika universiteti rahbari.

Uning soʻzlariga koʻra, Vebsterning Oʻzbekistondagi taʼlim jarayonlari bir qismiga aylanishga boʻlgan intilishi mamlakat tarixiy-madaniy ahamiyatining dunyo tomonidan tan olinishiga asoslanadi. U ingliz tilini oʻrgatish boʻyicha magistratura dasturining yoʻlga qoʻyilishi Amerika oliy taʼlim yurti kutganidan ham ziyoda boʻlgani va ular buni kengaytirmoqchi ekanliklariga alohida urgʻu berdi.

2018 yil sentyabr oyida Vebster Universiteti bilan erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Oʻzbek davlat jahon tillari universiteti bazasida TESL(ingliz tili ikkinchi xorij tili sifatida) magistrlik dasturi ishga tushirildi. Ayni paytda unda oʻzbekistonlik 1200dan ortiq talaba taʼlim olyapti.

Bundan buyon Vebster Universiteti ham bakalavriat, ham magistratura uchun barcha turdagi akademik xizmatlarni taqdim etadi. Biznes boshqaruvi, marketing va ishbilarmonlik, kompyuter bilimlari, jurnalistika va media-sanoat, sogʻliqni saqlashni boshqarish, STEM-taʼlimi, innovatsiyalar shular jumlasidandir.

AQSH Davlat kotibining taʼlim va madaniyat boʻyicha yordamchisi Meri Roys oʻzi boshqarayotgan Taʼlim va madaniyat masalalari byurosi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida AQSHga qilgan tarixiy tashrifi chogʻida erishilgan “strategik sheriklikning yangi davri”ni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini taʼkidladi. Oʻtgan yilda Oʻzbekistondan 570 talaba AQSHda oʻqidi, bu undan oldingi yilga nisbatan 30 foiz koʻpdir.

“Men taʼlim vaziri Sherzod Shermatov bilan uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston maktab taʼlimini isloh qilish boʻyicha aniq maqsadlarga ega ekanligiga ishonch hosil qildim, - dedi AQSH taʼlim vaziri katta maslahatchisi Maurin Maklaflin. – Oʻzbekistonga koʻp marotaba borganman va men tashrif buyurgan maktablar, tanishgan talabalar hamda birga ishlagan odamlar juda kuchli. Menda dunyo merosi boʻlgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari katta taassurot qoldirgan”.

U ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikni kengaytirish uchun taʼlim va madaniy aloqalarni mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidlar ekan, taʼlim jabhasidagi oʻzaro hamkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?