Amerika tomoni Oʻzbekistondagi voqeliklarni yoritishda xolislik va begʻarazlikning yuqori standartlariga rioya qilish muhimligini taʼkidladi

12:02 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
37 0

Amerika Qoʻshma Shtatlarining global media Agentligi (USAGM) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonovning “Ozod Yevropa/Radio Ozodlik” radiosi oʻzbek xizmati – “Ozodlik” radiosi tomonidan jurnalistik etika qoidalarini buzganliklari toʻgʻrisidagi bayonotiga izoh berdi. Bu haqda AOKA xabar qildi.

USAGM – Amerika Qoʻshma Shtatlari hukumatining mustaqil agentligi boʻlib, uning tarkibiga “Amerika ovozi”, “Ozod Yevropa/Radio Ozodlik” radiosi (RFE/RL) va boshqa radioeshittirish tuzilmalari kiradi.

Amerika agentligining bosh ijrochi direktori Jon Lensingning taʼkidlashicha, USAGM jurnalistik etika qoidalari buzilishiga oid barcha bayonotlarga jiddiy yondashadi hamda “Ozod Yevropa/Radio Ozodlik” radiosining biror xizmati yoki jurnalistining notoʻgʻri talqinlariga yoʻl qoʻymaydi va oqlamaydi. Agentlik rahbari “xolislik va begʻarazlikning eng yuqori standartlariga rioya qilish muhimligini” taʼkidladi, chunki ular, Jon Lensingning qayd qilishicha, AQSH global media agentligi ham amal qiladigan “asosiy tamoyillardir”.

“RFE/RL”ning qayta tayinlangan prezidenti va bosh ijrochi direktori Jeymi Flay “Ozod Yevropa/Radio Ozodlik” radiosi oʻzbek xizmati faoliyati bilan bogʻliq tashvishlar yetkazilgani uchun minnatdorchilik bildirdi va keltirilgan faktlarni batafsil oʻrganishini taʼkidladi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori “Ozod Yevropa/Radio Ozodlik” radiosi oʻzbek xizmatining ish uslubiga nisbatan oʻz xavotirini bildirgan va ushbu radioeshittirishlar tashkilotining Oʻzbekiston bilan bogʻliq faoliyatida noxolislik va noprofessionallik mavjudligini qayd etgan edi. Shuningdek, Agentlik direktori “Ozodlik” radiosi tomonidan aldamchilik bilan axborot yigʻish, audioyozuvlarni soxtalashtirish va “soxta akkaunt”lardan asossiz maʼlumotlarni tarqatish uchun foydalanish holatlarini aytib oʻtgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?