Amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi

17:51 01 Avgust 2019 Siyosat
225 0

Oʻzbekiston va Belarus rahbarlari muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdi. 

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev keyingi ikki yilda tovar ayirboshlash hajmi qariyb toʻrt barobar oshganini, bu surʼatni saqlab, savdo aylanmasini yanada kengaytirish kerakligini taʼkidladi.

Buning uchun mahsulot yetkazib beruvchilar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, biznes-forum va koʻrgazmalarni muntazam tashkil etib, mavjud zaxiralarni imkon qadar ishga solish va oʻzaro manfaatli hamkorlikning barcha yoʻnalishlarini qamrab olish muhimligi qayd etildi.

– Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya savdo oqimlarini chuqur tahlil qilib, nimalar hisobidan tovar ayirboshlash hajmini jadal oshirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Aleksandr Lukashenko Belarus va Oʻzbekiston hamkorligi shunchaki doʻstona munosabatlar bilan cheklanmaganini taʼkidladi. Davlatimiz rahbari tashrifining koʻp qirrali dasturi muloqotni har tomonlama rivojlantirishga oʻzaro intilish mavjud ekanining yorqin tasdigʻidir.

- Oʻzbekiston iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishda katta yutuqlarga erishdi, avtomobilsozlik, neft va gaz kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarish kabi yangi tarmoqlar tashkil etildi. Belarus qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali Oʻzbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor, - dedi Aleksandr Lukashenko.

Belarus uzoq muddatli hamkorlik dasturini amalga oshirish, qoʻshma korxona va servis markazlarini tashkil etish, sutni qayta ishlash zamonaviy majmualari, farmatsevtika quvvatlarini ishga tushirish, axborot texnologiyalari sohasida sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Tomonlar ikki mamlakatning yirik sanoat korxonalari oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirish muhimligini taʼkidladi. Tajriba va texnologiyalar almashish orqali raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular bilan ham ichki, ham uchinchi davlatlar bozorini taʼminlash istiqbollari muhokama qilindi. Qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, toʻqimachilik, charm-teri va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va boshqa istiqbolli yoʻnalishlarda kooperatsiyani kuchaytirish ham ustuvor ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyev i Aleksandr Lukashenko ikki mamlakat hududlarida mavjud salohiyatni toʻla yuzaga chiqarish muhimligini taʼkidladilar. Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Minskda oʻtgan forumda tomonlarning hamkorlikka intilishi qatʼiyligi, oʻzaro manfaatli loyihalar koʻpligi namoyon boʻldi.

Ilm-fan, raqamli texnologiyalar, taʼlim, madaniyat, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ham kelishuvlarga erishildi.

Muzokaralar yakunida qabul qilingan qarorlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi.



Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?