“Amaldorlar ularning “Muallim” degan sharafli nomini ham yerga urib, “Malim” deb yigʻilish-davralarning oxiriga, traktorchidan ham orqaroqqa oʻtqazdilar”

17:04 12 Sentyabr 2019 Jamiyat
75 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Bundan ikki yil avval — 2017-yil 3-avgustda Prezidentimiz mamlakat ijodkor ziyolilari bilan boʻlib oʻtgan mashvaratda tarixiy bir suhbat qurgan edilar. Davlatimiz rahbari maʼnaviyat, maʼrifat, madaniyat sohalarining jamiyat hayotidagi oʻrnini alohida taʼkidlab, bu sohani Mudofaa vazirligi faoliyatiga qiyoslab oʻtdilar.

Shu paytgacha hech kim maʼnaviy jabhalarga bu qadar taʼrif berib, ahamiyatini bu qadar yuksaltirmagan edi. Ijodkorlarimiz uchun ushbu qiyos oʻziga xos dasturdek boʻlib, qayerda uchrashuv va chiqishlar boʻlsa, oʻsha taʼrif tilga olinadi. Bu bilan mudofaa sohasi Vatan himoyasi va uning sarhadlari mustahkamligi, mamlakat xavfsizligini taʼminlasa, maʼnaviyat, maʼrifat, madaniyat fuqarolar ruhiy dunyosining daxlsizligi, milliy madaniy qadriyatlar sofligi, insonlar qalbi va ongining yot gʻoya va qarashlardan xavfsizligini saqlashi taʼkidlanadi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 23-avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi va murojaati oʻsha paytdagi qarashlarning izchil davomi, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi yangi islohotlarning tizimli ravishda, muntazam davom etayotganining tom maʼnodagi isboti boʻldi.

Endilikda global dunyoda yuz berayotgan va boshqa barcha oʻzgarishlarni nazarda tutib, taʼbir joiz boʻlsa, zamona, davr tomirlarini ushlab turib, tashxis qoʻyilyapti, istiqbol yoʻllarining aniq tarxi chizilyapti. Kun tartibiga millat, xalq, mamlakat taqdiri bilan bogʻliq muhimdan-muhim sanalgan oʻrta maktab va unda oʻqituvchi-muallimning oʻrni masalasi qoʻyilmoqda.

Maktab masalasi ham sharafli, ham yoqimli, ham ogʻriqli masala, desak, yanglishmaymiz. Sharafliligi shuki — unda millat taqdiri, kelajagi aks etadi. Shu maʼnoda, uning harbiy sohalarga qiyoslangani xalqimiz maʼnaviy dunyosining xavfsizligi, butunligi va rivojini kafolatlaydigan hayot-mamot masalasi ekanligidan kelib chiqadi. Unda ishtirok etish, maktablarimiz rivoji uchun xizmat qilish barchamiz uchun sharafli burch.

Yoqimliligi shundaki, barchamizning maktab bilan bogʻliq yorugʻ xotiralarimiz, hayajonli damlarimiz bor. Birinchi qoʻngʻiroq, birinchi muallim, sinfdoshlar, yillar davomida olinadigan bir olam bilimlar, hayratlar va doʻstlik, dildoshlik, ilk muhabbat, kelajak orzular nashidasi — barchasi maktab davrimiz bilan bogʻliq. Va biz bu davr xotiralarini umrimizning oxirigacha qalbimiz mulki sifatida saqlaymiz.

Bular maktab sharafining yoqimli tuygʻulari esa-da, hozirgi kunda bular yonida nihoyatda tashvishli oʻylar, dard, ogʻriq bor ekani hech kimga sir emas. Murojaat-maʼruzada Prezidentimiz buni bor koʻlami va siru sinoati bilan teran namoyon etdilar. Oʻylaymizki, Yurtboshimiz soʻzlarini tinglagan barchamizning qalbimiz, ongu tafakkurimiz jumbushga kelib, alam-anduhlarimiz yuzimizga harorat berdi. Nazarimda, hammamiz oʻzimizni gunohkor his qilib, oʻzimizga nega bunaqa boʻldi, qachon shu holga kelib qoldik, nega ota-onangdek azizu tabarruk oʻqituvchimiz bu ahvolga tushdi, deb savol berdik.

Biz oʻtgan asr 60, 70, 80-yillari maktab koʻrgan avlod koʻz oʻngimizda oʻqituvchi-muallimning ulugʻligidan to uning chorasiz, zabun ahvolga tushib borishining guvohi boʻldik. 1981-yili, yaʼni Shoʻro davrida qalbi qaynoq va uygʻoq benazir adibimiz Oʻtkir Hoshimov maktab va maktab oʻqituvchisining ahvoli haqida “Qalbning oppoq daftari” nomli publitsistik maqola yozib, respublika matbuotida bong urgan edi. (Qarangki, mavzuga qaytmoq uchun orada qariyb 40 yil oʻtishi kerak boʻlibdi). Oʻshanda ne-ne ehtiroslar qaynagan edi. Biroq shoʻro korchalonlari na bolalarimiz kelajagi, na oʻqituvchi obroʻsini oʻylamay, oʻqituvchi va oʻquvchilarni oʻqish davrining asosiy qismini dala mehnatida oʻtkazadigan, chorasiz, ilojsiz zahmatkashga aylantirib yubordilar. Butifos hidini hidlab, ne-ne kasallik azoblariga duchor boʻlib, butun bir avlodlar voyaga yetdi. Bechora oʻqituvchining alamu iztirobi ichida qolib, ne-ne xoʻrlik, kamsitish, haqoratlarga chidashga majbur boʻldi. Kecha bir zamon oʻquvchi va ota-onalarning ardogʻida, butun mahalla va qishloqning bosh ziyolisi, maslahatgoʻyi, iftixori boʻlgan odam asta-sekin choʻkib, kichkina tortib bordi. Amaldorlar ularning “Muallim” degan sharafli nomini ham yerga urib, “Malim” deb yigʻilish-davralarning oxiriga, traktorchidan ham orqaroqqa oʻtqazdilar, chunki traktorchi kimningdir yeri, tomorqasini haydab berardi. Foydali, kerakli odam. “Malim”chi?! Unga jadid bobomiz Behbudiyning “Padarkush” pyesasidagi boyning soʻzlari bilan aytganda, “oʻzining yemakka noni, kiymakka kiyimining tayini yoʻgʻu, oʻzgaga aql oʻrgatar”, qabilida qaraldi. Oqibatda oʻqituvchining obroʻsi tushgandan-tushib, qadr-qimmati toptaldi. Bu holat yaqin-yaqingacha davom etdi. Hatto mustaqillik yillarida ham bu nihoyatda alamli dardning chorasini qidirmadik.

Ammo shu bilan masala-muammo hal boʻldimikin?! Dardning davosi topildimikin?!

Yoʻq, albatta! Yillar davomida jarohatlangan oʻqituvchilik psixologiyasi bugun birdan oʻzgarib qolishi qiyin, albatta. Uni moddiy, tashkiliy qoʻllab-quvvatlash masalaning juda muhim bir tomoni, ammo hammasi emas. Bugun maktab va muallimlik jamiyatning eng sharafli sohasi, kasbi ekanligini anglatish, oʻqituvchining hurmatini joyiga qoʻyish uchun juda koʻp ish qilish va hammamiz bu ishga masʼul boʻlib, oʻzimizni safarbar etishimiz zarur. Birinchi navbatda, adabiyot va sanʼat, teatr spektakllari, kuy-qoʻshiq, televideniye va albatta, kino sanʼatining eng yetakchi mavzularidan biri maktab va ustoz masalasi boʻlishi kerak.

Oʻz vaqtida rus kinorejissyori Stanislav Rostoskiyning buyuk aktyor Vyacheslav Tixonov bosh rolni ijro etgan “Dushanbagacha omon boʻlsak” filmi ne-ne bahs-munozara va ehtiroslarga sabab boʻlgandi. Tarix oʻqituvchisi Melnikov qancha avlodlarning ideali, ibratiga aylangan edi. Yoki oʻtgan asrning 70-yillarida butun respublika boʻylab jaranglagan Sanobar Rahmonovaning Poʻlat Moʻmin sheʼri bilan aytgan “Ustozlar” qoʻshigʻi qanchadan-qancha odamlar qalbida ustozlarga mehr uygʻotdi.

Bunday misollar koʻp. Men shu oʻrinda oʻqituvchilarimizning eng tashabbuskor, tinib-tinchimaydigan, jamiyat maʼnaviyati uchun oʻzini toʻla javobgar his etadigan insonlar boʻlganini yana yodga olmoqchiman. Buning birinchi yorqin misoli — najotni maktab va maorifda, taraqqiyparvarlikni muallimda koʻrgan jadid bobolarimiz hayoti va faoliyati boʻlsa, ikkinchisi, aynan shular tarbiyasini koʻrgan, ularga havas qilib, oʻqituvchi boʻlgan insonlar. Aslida, qishlogʻu shahar, el-yurt maʼnaviy kamolotini oʻylaydigan birinchi odam oʻqituvchi edi.

Marhum ustozimiz, professor Begali Qosimovning bir maqolasidan iqtibos: “Toʻraqoʻrgʻondagi 3-son oʻrta maktabining Yoqub Gʻafforov singari fidoyi oʻqituvchilari esga tushadi. 1961-yilda u kishining gʻayrat va tashabbusi bilan oʻlkashunoslik toʻgaragi tuzilib, mashhur maʼrifatparvar Isʼhoqxon toʻra Ibrat qadamjolari boʻylab 40 dan ortiq sayohat va ekskursiyalar uyushtirilgan. Toʻgarak Ibratning 80 dan ortiq zamondoshi bilan suhbatlar qurib, uning bir qator asarlarini va shaxsiy buyumlarini topishga muvaffaq boʻlgan. 1964-yilda mazkur maktabga va shahar koʻchalarining biriga Ibrat nomi berildi. Maktabda Ibrat muzeyi tashkil etilib, 2500 dan ortiq eksponat jamlandi”. Mana, oʻqituvchining tashabbuskorligi! Bugun oʻqituvchilarimiz qalbiga shu kayfiyat va harakatni joylash, tiklash uchun koʻp ish qilishimiz kerak. Prezidentimizning murojaatlari tarixiy ahamiyat kasb etib, mamlakatimizning barcha fuqarolarini va eng avvalo, jamiki ziyolilarimizni harakatga solmogʻi lozim. Maʼrifatparvar bobolarimiz aytmoqchi “maktab uchun ishlamoqqa, saʼy koʻrsatmoqqa ayni zamon yetdi”.

Shuhrat RIZAYEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?