“Alpomish” va “Barchinoy” testlarini oʻtkazish Sariosiyodan boshlandi

16:14 29 Aprel 2019 Sport
348 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yilning 29-yanvardagi “Oʻzbekistonda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish va aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan umumiy jismoniy tayyorgarlikni belgilovchi sport meʼyorlarini oʻz ichiga olgan “Alpomish” va “Barchinoy” testlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgan edi.

Oʻtgan davr mobaynida vazirlik tomonidan aholining barcha qatlamlari oʻrtasida oʻtkaziladigan ushbu testlarni toʻgʻri tashkil etish, ishtirokchilarning ommaviyligini taʼminlash boʻyicha hududiy boʻlinmalarga tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berildi.

Kuni kecha yurtimizda ilk marotaba ushbu test sinovlari Surxondaryo viloyatining eng chekka hududlaridan biri boʻlgan Sariosiyo tumani aholisi oʻrtasida oʻtkazildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu ommaviy sport tadbirida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari hamda soha mutaxassislari ham ishtirok etib, aholining keng qatlamlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan musobaqalarni tashkil etish jarayonini sinovdan oʻtkazildi.

Musobaqa tarzida tashkil etilgan testlarni 6 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan 100 nafarga yaqin xohlovchilar turli yosh toifalari boʻlingan holda bajarishdi.

Masalan eng yosh ishtirokchilar mokisimon yugurish, arqonda sakrash, tennis toʻpini nishonga urish, joydan uzunlikka sakrash kabi mashqlarni bajarishgan boʻlsa, 60 yoshdan oshganlar 30 yoki 60 metrga yugurish, 3 kilometrga skandinavcha yurish, past turnikda tortilish kabi shartlarni bajarishdi.

Bayramona va koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan tadbirda ishtirokchilari har bir shart boʻyicha eng yaxshi natijani qayd etishga astoydil harakat qilishdi.

Har bir shart boʻyicha bahslar yakunida murabbiylar va sportchilar ishtirokchilarga oʻzlarining jismoniy imkoniyatlarini yaxshilash uchun bajarishi lozim boʻlgan mashqlar haqida batafsil maʼlumot berishdi.

Sinovlar davomida umumiy jismoniy tayyorgarligini belgilovchi sport meʼyorlari bajarishda insonlarga qulaylik yaratish, ishtirokchilar sonini yanada oshirish boʻyicha turli yosh toifasidagi insonlarning fikrlari tinglandi.

Mazkur tadbirni oʻtkazishda orttirilgan tajriba va ishtirokchilarning oʻrinli takliflari asosida musobaqalarni tashkil etish jarayoni takomillashtirilib, barcha hududlarda oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?