Aloqa boʻyicha harbiy mutaxassislarni tayyorlashning keng koʻlamli tizimi yaratiladi

18:24 26 Dekabr 2019 Siyosat
935 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi harbiy qismga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni tomonidan berilgan topshiriqqa muvofiq, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda harbiy qism qayta tashkil etilib, yangi zamonaviy harbiy shaharchada joylashtirilgan edi.

Prezident bu yerdagi sharoitlar, oʻquv-tarbiya jarayoni, zamonaviy taʼlim vositalari, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qay darajada joriy etilgani bilan tanishdi.

Tashrif chogʻida harbiy xizmatchilar, vazirlik va idoralar, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi rahbariyati, texnika yoʻnalishidagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan suhbat boʻlib oʻtdi. Harbiy taʼlimni rivojlantirish, aloqa boʻyicha harbiy mutaxassislarni saralash va tayyorlashning keng koʻlamli tizimini yoʻlga qoʻyish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan navbatdagi choralar belgilab olindi.

Davlatimiz rahbariga harbiy qismda amalga oshirilgan qurilish ishlari, mudofaa tizimida aloqa tarmoqlarini modernizatsiya qilish, jangovar va oʻquv tayyorgarlik jarayonlarini avtomatlashtirish boʻyicha loyihalar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Shavkat Mirziyoyev harbiy qism ixtiyoridagi maxsus texnika va aloqa vositalarining namunalari bilan tanishdi.


Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?