Almashlab ekish tizimiga qachon oʻtiladi?

14:59 06 Dekabr 2018 Jamiyat
144 0

Arxiv foto

Qishloq xoʻjaligi ravnaqini uning tarmoqlari istiqbolisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Masalan, yem-xashak bazasisiz chorvachilikni rivojlantirish imkonsiz. Xuddi shunday chorvachiliksiz dehqonchilik taraqqiy topmaydi. Chunki ushbu tarmoqdan olinadigan organik oʻgʻit tuproq unumdorligini tiklash va oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq keyingi paytda aksariyat joylarda na organik oʻgʻitdan foydalanish, na almashlab ekish qoidasiga rioya qilinyapti. Bu esa tuproq unumdorligi, ekinlar hosildorligi pasayishiga olib kelmoqda.

Darhaqiqat, yurtimizda hali-hamon almashlab ekish tizimi ishlab chiqilmagani, ekinlar ketma-ketligi hisobga olinmagani tashvishlanarlidir. Ayniqsa, chorva uchun muhim ozuqa hisoblangan beda ekinidan voz kechilgani bir qator muammolarni keltirib chiqardi. Vaholanki, beda chorva uchun oʻta toʻyimli va vitaminga boy yem-xashak boʻlishi barobarida, tuproq unumdorligini tiklash hamda saqlashda tengi yoʻq. Shuningdek, beda ekilgan yerga uch yil davomida texnikalar bilan ishlov berilmaydi. Bu ham tuproq tarbiga ijobiy taʼsir qiladi. Qolaversa, mazkur ekin atmosfera havosidagi azotni oʻzlashtirib oʻzini-oʻzi azot bilan taʼminlaydi. Demak, parvarishda azotli oʻgʻitlar qoʻllanilmaydi. Bunda nafaqat azot, balki organik oʻgʻitlar ham tejaladi. Mazkur holat Oʻzbekiston dehqonchiligining azotli va organik oʻgʻitlarga boʻlgan talabini 30 foizgacha kamaytirishi mumkin.

Tuproqni yaxshilovchi moddalardan yana biri gumusdir. Shuning uchun barcha agrotexnika tadbirlari gumus miqdori va sifati nuqtai nazaridan baholansa, maqsadga muvofiqdir. Respublikamiz dehqonchiligida tuproqda gumus miqdori va sifati pasayib ketishiga ham almashlab ekish tizimi buzilganligi, bedaning ekindan olib tashlanganligi, parvarishda organik oʻgʻitlardan deyarli foydalanilmasligi sabab boʻgan. Axir azotli oʻgʻitlar qanchalik koʻp qoʻllanilsa,gumusning parchalanishi shunchalik tezlashadi. Shu bilan birga, meʼyoridan ortiq azotli oʻgʻitlar tuproqdagi yalpi azot miqdori kamayishiga ham olib keladi. Chunki tuproqda azotning 98-99 foizi organik modda holida, yaʼni gumus tarkibida boʻladi.

Dehqonchiligimizda azotli oʻgʻitlardan keng foydalanish nafaqat gumus, balki yalpi azot miqdori pasayishiga olib keldi. Natijada yerlarimiz oʻgʻitlamasdan hosil bermaydigan holga tushib qoldi va bu jarayon hali davom etmoqda. Demak, ekinlarning azotga boʻlgan talabini organik oʻgʻitlar va dukkakli ekinlar, jumladan, beda toʻplaydigan biologik azot hisobiga qondirish kerak.

Gap yuqori hosildorlikka erishish xususida ketar ekan, yerlarning meliorativ holatiga ham alohida toʻxtalib oʻtish joiz. Zotan, soz boʻlmagan tuproqda agrotexnika tadbirlari ham, oʻgʻitlarni qoʻllash ham foydasiz. Shu maʼnoda, avvalo, respublikamiz sharoitida suvda eruvchan tuzlar va tarkibida natriy kationi ulushi yuqoriligi hisobiga shoʻrlangan yerlarni bir-biridan ajratib olish kerak. Chunki bunday tuproqlarda oʻtkaziladigan meliorativ tadbirlarning farqi mavjud. Masalan, suvda eruvchan tuzlar tufayli shoʻrlangan maydonlarda, birinchi navbatda, shoʻr yuvish tadbiri oʻtkazilishi lozim. Bunda tuz miqdori va tuproqning mexanik tarkibi kabi omillar hisobga olinsa, yanada yaxshi. Tarkibida natriy kationi koʻp boʻlgan tuproqlarda esa bu tadbir natija bermaydi. Bunda yuvishdan oldin, albatta,gipslash ishlarini olib borish zarur.

Natriy kationi yerning ishqoriyligi va gumus moddalarning eruvchanligini oshiradi hamda “qora” shoʻr degan manzarani keltirib chiqaradi. Bunda gumus moddalari tez yuvilib, parchalanib ketadi. Tuproq tarkibi buziladi. Oddiy qilib aytganda, yer qatqaloq boʻlib qoladi. Gipslashda oʻgʻit ishlab chiquvchi zavod yoki kombinatlarda chiqindi sifatida tashlanayotgan fosfogipsdan foydalanish mumkin.

Meliorativ holati buzilgan tuproqlarda ekin turini toʻgʻri tanlash ham muhim ahamiyatga ega. Bunday yerlarda natriyga talabchan va shoʻrga chidamli amarant, lavlagi, kungaboqar, ismaloq va shunga oʻxshash ekinlarni ekish maqsadga muvofiq.

Qishloq xoʻjaligi ekinlarini parvarishlashda tuproq mexanik tarkibiga eʼtibor bermaslik ham rivojlanishga toʻsqinlik qilmoqda. Vaholanki, sugʻorishda, oʻgʻitlashda, tuproqqa ishlov berishda, ekinlarni joylashtirishda mexanik tarkibning ahamiyati yuqori. Yengil mexanik tarkibli (qum, qumloq, yengil qumoq) tuproqlarda suv va oʻgʻittez-tez, kam-kamdan qoʻllanilgani maʼqul. Ularda koʻp suv bilan sugʻorish nafaqat befoyda, balki ziyon ham. Aksincha, tomchilatib sugʻorish esa yaxshi samara beradi.

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda tuproq oʻgʻitlash, sugʻorish va unga ishlov berish, umuman, barcha agrotexnika tadbirlari katta masʼuliyat talab etadi.Biz keltirgan tavsiyalar esa bu boradagi ishlarni yanada yaxshilashga xizmat qilishiga ishonamiz.

Toʻlqin ORTIQOV
Samarqand veterinariya meditsinasi institutining kafedrasi dotsenti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?