Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

23:50 11 May 2018 Hujjatlar
456 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori  

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, ixtisoslashtirilgan, shoshilinch va tez tibbiy yordamni, fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash va mustahkamlash sohasidagi faoliyatni takomillashtirishga doir bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Erishilgan ijobiy natijalarga qaramay, allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash hamda profilaktika qilish sohasida jiddiy muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Xususan:

birinchidan, allergologiyaning fundamental va amaliy asoslari amaliy tibbiyotdan ajralgan holda rivojlanishi prinsipial yangi, molekulyar darajada allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy usullarini amaliyotga keng joriy etishga hamda qo‘llashga yetarlicha e’tibor qaratish imkonini bermayapti;

ikkinchidan, tibbiyot muassasalarini davolash-diagnostika allergenlari bilan ta’minlashdagi kamchiliklar tibbiyot amaliyotida antibiotiklar, antigistamin va gormonal dori vositalarining asossiz ravishda keng qo‘llanilishiga olib kelmoqda;

uchinchidan, joylarda allergik kasalliklarning birlamchi va ikkilamchi oldini olish, ixtisoslashgan allergologik yordamni ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmayapti, oqibatda bemorlar viloyat markazlarida va respublikaning poytaxtida davolanishga majbur bo‘lmoqdalar;

to‘rtinchidan, mazkur sohada kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi zamon talablariga javob bermaydi, buning oqibatida tibbiyot muassasalarini malakali vrach-allergolog va immunologlar bilan to‘ldirish qoniqarsiz ahvolda qolmoqda;

beshinchidan, axborot to‘plash, tahlil qilish va almashish, ishonchli statistik hisobot yuritishning samarali mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan, allergologik yordam ko‘rsatish sohasida tibbiyot muassasalarining ixtisoslashgan bo‘limlarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha yagona tizim mavjud emas;

oltinchidan, tibbiyot muassasalarining, jumladan, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining moddiy-texnika bazasi, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanganlik darajasi allergik kasalliklarga samarali tashxis qo‘yish va ularni davolash imkonini bermaydi.

Ixtisoslashtirilgan allergologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish, uning sifatini yaxshilash va undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolashda ilg‘or uslublarni joriy etish, shuningdek, sohada faoliyat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida:

1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
allergologiya sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish asosida allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga molekulyar tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha yagona markazlashtirilgan tizimni yaratish hamda allergik kasalliklarni erta aniqlovchi skrining dasturlarni barcha joylarda bosqichma-bosqich joriy etish;
sog‘liqni saqlash amaliyotiga ilm-fanning ijobiy natijalarini joriy etish imkonini beradigan biotibbiyotning umumjahon yutuqlari bilan bog‘liq holda allergologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, allergik kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish va davolashning innovatsion usullarini ishlab chiqish;
allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash uchun zarur bo‘lgan dori-darmon vositalari, tibbiyotda qo‘llash uchun mo‘ljallangan buyumlar va tibbiyot texnikasi, jumladan, tashxis qo‘yish va davolash allergenlari, reagentlari va sarflash materiallari bilan ta’minlash darajasini oshirish;
klinik allergologiya va immunologiya sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, tibbiyot muassasalarining kadrlar salohiyatini oshirish, bu sohada yetakchi xorijiy tibbiyot ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish;
qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, allergologiya sohasiga grantlar va investitsiyalarni jalb qilish, tajriba almashish maqsadida xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, allergologiya sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan konferensiyalar, simpoziumlar va seminarlar o‘tkazish.

2. Allergik kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish va davolashni takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi o‘rinlarda kompleks chora-tadbirlar deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun xorijiy davlatlar, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari (qarzlari) va grantlarini hamda boshqa byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining allergik kasalliklarni erta aniqlash uchun 18 yoshga to‘lmagan va xavf ostida bo‘lgan bolalarni 
2019 yil 1 yanvardan 1 iyulgacha tekshirish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini (keyingi o‘rinlarda — bir martalik aksiya) e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, bir martalik aksiya oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida, shuningdek, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga borgan holda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining faol ishtirokida bepul asosda o‘tkaziladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda “Sog‘liqni saqlash” tarmog‘i bo‘yicha har yili nazarda tutiladigan byudjet mablag‘lari doirasida:
ushbu qarorda belgilangan vazifalar va yo‘nalishlarni hisobga olgan holda Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining yangilangan tashkiliy-shtat tuzilmasini va ta’sis hujjatlarini tasdiqlasin;
davlat tibbiyot muassasalarining davolash-tashxis qo‘yish allergenlariga bo‘lgan ehtiyojini aniqlasin hamda davlat tibbiyot muassasalari ehtiyojlari uchun o‘z vaqtida va uzluksiz yetkazib berish maqsadida ularni xarid qilishni tashkil etish choralarini ko‘rsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi “Dori-Darmon” AK va Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi bilan birgalikda 2018 yil 1 sentyabrga qadar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda talab eng yuqori bo‘lgan davolash-tashxis allergenlari davlat tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda allergiyaga qarshi dori vositalarini, profilaktika rekombinant allergiya vaksinalarini, davolash va tashxis qo‘yish allergenlarini ustuvor ravishda erkin iqtisodiy zonalar hududida ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda:
a) Innovasion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida laboratoriya amaliyoti xalqaro standartlariga (GLP) javob beradigan zamonaviy yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan klinik-immunologiya laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha taklif kiritsin;

b) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda oliy tibbiyot ta’lim muassasalaridagi o‘quv dasturlari va yuklamalarini tanqidiy o‘rganish asosida:
Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutida allergologiya va klinik immunologiya kafedrasini tashkil etish;
2018/2019 o‘quv yilidan klinik ordinaturaga qabul qilish kvotasini ko‘paytirish;
2019/2020 o‘quv yilidan “allergologiya va klinik immunologiya” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura yo‘nalishini ochish;
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida allergologlarning malakasini oshirish o‘quv dasturlarini takomillashtirish;
allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolash uchun zarur bo‘lgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini yaratish va ishlab chiqarish sohasidagi zamonaviy yutuqlarni hisobga olgan holda farmatsevtika tarmog‘i uchun kadrlarni tayyorlashning o‘quv dasturlarini takomillashtirish choralarini ko‘rsin;

v) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda allergik reaksiyalar va kasalliklarni hisobga olish va monitoring qilishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish uchun texnik vazifalarni ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin, uni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

g) respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida tibbiy xizmat ko‘rsatish hajmini nazarda tutuvchi allergologiya yo‘nalishida tibbiy yordam ko‘rsatish tartibini, mutaxassislarning funksional vazifalarini belgilagan holda allergologiya xonasi va bo‘limini jihozlash standartlarini tasdiqlasin;

d) Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-ta’lim jarayoniga xorijiy o‘qituvchilar va mutaxassislarni jalb qilish, ilmiy-pedagogik kadrlarning xorijda malakasini oshirish va stajirovka o‘tashini tashkil etish maqsadida allergologiya va immunologiya sohasidagi yetakchi xorijiy tashkilotlar va muassasalar, jumladan, Allergologlar va klinik immunologlarning Yevropa akademiyasi bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish va izchil rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy-amaliy choralarni ko‘rsin.
Belgilansinki, mazkur bandda ko‘rsatilgan ta’lim jarayonlarini tashkil etish oliy tibbiyot ta’lim muassasalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, mamlakatimiz tibbiyot muassasalari allergologiya bo‘linmalari va yetakchi xorijiy klinikalarning ilmiy-amaliy bazasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda xalqaro tajribani hisobga olgan holda:
Fanlar akademiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda allergen o‘simliklar changi to‘planishini kuzatishni va muayyan hududda allergiya patologiyasi bilan kasallangan bemorlarni xabardor qilishni nazarda tutadigan aerobiologik monitoring tizimini yaratish;
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda allergik kasalliklar tashxisini ultrazamonaviy biologik mikrochiplarni qo‘llagan holda tashkil etish, shuningdek, kelgusida O‘zbekiston Respublikasi aholisining “allergik pasportini” ishlab chiqish;

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda yetakchi xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda allergologiya va immunologiya sohasida ilmiy-tashxis, ta’lim va ishlab chiqarish innovatsiyalarini rivojlantirish maqsadida laboratoriya va ilmiy amaliyotning xalqaro standartlariga (GLP, GSP) javob beruvchi Xalqaro molekulyar allergologiya va immunologiya markazini tashkil etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi orasida allergik kasalliklarni profilaktika qilish, barvaqt tashxis qo‘yish va davolash masalalari bo‘yicha tizimli ravishda axborot-ma’rifiy ishlarni olib borsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari R. S. Qosimov, R. R. Inoyatov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q. V. Akmalov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti             SH. MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018 yil 11 may
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?