Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida

09:33 06 Fevral 2019 Hujjatlar
536 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Uzumchilik va vinochilikni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilish tizimini takomillashtirish, ularning ishlab chiqarilishi va aylanmasini samarali monitoring qilish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish va mamlakatning investitsion maftunkorligini oshirish, shuningdek, 2017-2021yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligini (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tashkil qilish;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasini (keyingi oʻrinlarda – Inspeksiya) tashkil qilish;

v) “Oʻzsharobsanoat” AJning boshqaruv organlari yigʻilishlarida jamiyatning tashkilotlar ustav kapitallaridagi ulushini 1-ilovaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish bilan jamiyatni tugatish masalasini koʻrib chiqishni ilgari surish;

g) quyidagilarning ustav kapitalidagi ulushini:

“Oʻzsharobsanoat” AJ “Zomin uzumchilik oʻquv markazi” MCHJni kelgusida uni Agentlik qoshidagi “Uzumchilik oʻquv markazi” DUKga aylantirgan holda;

“Oʻzsharobsanoat” AJning “Markaziy sinov laboratoriyasi” MCHJni kelgusida uni Agentlik huzuridagi “Enologiya laboratoriyasi” DUKga aylantirgan holda Agentlikka berish haqidagi takliflari qabul qilinsin.

2. Quyidagilar belgilansin:

a) Agentlikning asosiy vazifalari etib:

uzumchilik va vinochilik sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, shuningdek, uzumchilik va vinochilikni jadal rivojlantirishga yoʻnaltirilgan kompleks maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

uzum, asosan uning texnik navlari plantatsiyalarini kengaytirishga, va vinochilikni rivojlantirishga, zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etishga, vinochilik korxonalarini kompleks modernizatsiyalashga koʻmaklashish;

raqobatbardosh vinochilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishda uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash, tashqi bozorlar konʼyunkturasini chuqur marketing tadqiqotlari oʻtkazish yoʻli bilan sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, mahalliy vinochilik mahsulotlarini respublikada, jumladan, xorijda ham ommalashtirish;

xorijiy va mahalliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va tarmoqning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilish orqali uzumchilik va vinochilik sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga koʻmaklashish;

uzum koʻchatlari yetishtiruvchilar faoliyatini tartibga solish, uzum, meva va rezavorlardan tayyorlangan alkogol mahsulotlari sifatini aniqlash yuzasidan Inspeksiya bilan hamkorlik qilish;

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda uzum plantatsiyalarining elektron reyestrini yuritish;

b) Inspeksiyaning asosiy vazifalari etib:

isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, shuningdek, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi boʻyicha faoliyatni litsenziyalashtirish;

isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularning aylanmasi hajmlarini monitoring va nazorat qilish boʻyicha axborot tizimlarini joriy etish va rivojlantirish;

alkogol va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun korxonalar oʻrtasida isteʼmoletil spirtini belgilangan tartibda taqsimlash;

davlat standartlari va qonun hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilgan holda isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda texnik va texnologik normalarga muvofiqligini nazorat qilish;

isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarining saqlanish sifati va aylanmasini, shu jumladan, isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda qoʻllanadigan xomashyo va yordamchi materiallar sifatini nazorat qilish;

isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar hamda alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar tomonidan litsenzion talablarga amal qilinishini nazorat qilish;

isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ular aylanmasining haqiqiy hajmlarini monitoring qilish, shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlari uchun yangi namunadagi aksiz markalarini ishlab chiqishda qatnashish;

isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar hamda alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar tomonidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning oʻz vaqtida va toʻliq tushirilishini taʼminlash boʻyicha davlat soliq xizmati organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish;

uzum, meva va rezavorlardan tayyorlangan alkogol mahsulotlari sifatini aniqlash yuzasidan Agentlik bilan hamkorlik qilish.

3. Shunday tartib belgilansinki, unga muvofiq:

isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi Inspeksiya tomonidan belgilangan tartibda beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi;

alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar mahsulotni faqat ulgurji tashkilotlarga realizatsiya qiladi, pivo mahsulotlari, koʻpiklanadigan va tabiiy vinolar bundan mustasno;

barcha yuridik shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanishga haqli;

mahalliy pivo mahsulotlari, koʻpiklanadigan va tabiiy vinolarni realizatsiya qilish barcha savdo korxonalari, shuningdek, mehmonxonalar xizmatlarini hamda alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqini beruvchi ruxsat etish guvohnomasi boʻlmasdan turib umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin;

Inspeksiya huzuridagi etil spirti sifatini aniqlash boʻyicha laboratoriyalar, ularning tegishli tarzda ishlashi uchun zarur texnik sharoitlarni taʼminlaydigan isteʼmoletil spirtini ishlab chiqaruvchi korxonalarda joylashadi;

ishlab chiqaruvchilar tomonidan isteʼmoletil spirtini realizatsiya qilish 100 foiz haqini oldindan toʻlash shartlarida amalga oshiriladi;

alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar oldindan toʻlovni amalga oshirmasdan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqiga ega;

alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan isteʼmoletil spirtini Inspeksiya tomonidan taqsimlangan hajmlardan ortiqcha hajmda xarid qilish Inspeksiyani belgilangan tartibda xabardor qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi;

alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini rejalashtirish ishlab chiqaruvchilar tomonidan bozor konʼyunkturasini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

4. 2020 yil 1 yanvardan boshlab aroq va (yoki) likyor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga quyidagi qoʻshimcha litsenzion talablar joriy etilsin:

uch yil ichida oʻzining texnik uzum navlari plantatsiyalarini bir tekis yaratish va kelgusida vino materiallari va (yoki) vino ishlab chiqarishni tashkil qilish. Bunda texnik uzum navlari ekilganidan keyingi uch yildan soʻng texnik uzum navlari plantatsiyalarining maydoni aroq va (yoki) likyor-aroq mahsulotlarini yillik ishlab chiqarish hajmining 75 foiziga mutanosib keladigan vino materiallari va (yoki) vino ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan hosilni yigʻish imkonini berishi kerak;

aroq hamda isteʼmoletil spirtidan aroq va likyor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha mavjud yillik ishlab chiqarish quvvatlaridan oʻrnatilgan quvvatlarning 60 foizidan kam boʻlmagan miqdorda foydalanilishini taʼminlash. Bunda yillik ishlab chiqarish hajmi absolyut alkogolga qayta hisoblaganda kamida 100 ming dekalitrni tashkil qilishi lozim;

aroq ishlab chiqarmaydigan korxonalarda isteʼmoletil spirtidan likyor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha mavjud yillik ishlab chiqarish quvvatlaridan oʻrnatilgan quvvatlarning 50 foizidan kam boʻlmagan miqdorda foydalanilishini taʼminlash;

bunda uzum, mevalar va rezavordan tayyorlangan alkogol mahsulotlariga minimal ishlab chiqarish hajmi boʻyicha litsenzion talab oʻrnatilmaydi.

5. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Etil spirti, alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tomonidan alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirishga ilgari berilgan litsenziyalar, amal qilish muddatidan qatʼi nazar, 2019 yil 1 iyulgacha haqiqiy hisoblanadi va yangi litsenziya talablarini hisobga olgan holda qayta rasmiylashtirilishi shart.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

Toshkent shahri, Abay koʻchasi, 6-uy manzili boʻyicha joylashgan tugatilayotgan “Oʻzsharobsanoat” AJning bino va inshootlarini jihozlari va tashkiliy texnikasi bilan birga Agentlik va Inspeksiyaning operativ boshqaruviga berish, shuningdek, tugatish jarayoni yakunlanganidan keyin jamiyatning qolgan pul mablagʻlari va asosiy vositalarini Agentlik va Inspeksiyaga teng ulushlarda taqsimlash;

bir oy muddatda “Oʻzstandart” agentligi balansidagi etil spirtning sifatini aniqlash boʻyicha laboratoriyalar mulkini Inspeksiyaning operativ boshqaruviga berish;

2019 yil 1 oktyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda alkogol, likyor-aroq va vino mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalardagi davlat ulushlarini sotish uchun, jumladan, texnik navli tokzorlarni yaratish va ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalashni koʻzda tutgan holda investitsiyaviy talablarni tayyorlash;

2019 yilning oxirigacha “Oʻzsharobsanoat” AJning mazkur Farmonga 1-ilovada koʻzda tutilgan agrofirmalar, ulgurji bazalar va boshqa tashkilotlar ustav jamgʻarmalaridagi davlat ulushlarini belgilangan tartibda savdoga qoʻyishni taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi salohiyatli, jumladan, xorijiy investorlarni mazkur Farmonga muvofiq realizatsiya qilinadigan obyektlar haqida keng xabardor qilish va ularni xarid qilishga jalb etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni qabul qilsin.

7. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda, texnologik va iqtisodiy maqsadga muvofiqligini inobatga olgan holda, isteʼmoletil spirtini ishlab chiqaruvchilar tomonidan oʻz bugʻdoyzorlarini tashkil qilish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki oy muddatda mazkur Farmon talablarini inobatga olgan holda, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

alkogol mahsulotlari aylanmasini hisobga olish axborot tizimiga ulanishni asosiy litsenziya talabi sifatida belgilagan holda alkogol mahsulotining ulgurji savdosini amalga oshirish boʻyicha litsenziya faoliyatining yangi turini joriy etish;

alkogol va tamaki mahsulotlarining taʼlim, sport va diniy muassasalardan toʻgʻri chiziq boʻyicha ikki yuz metrdan ortiq radiusda joylashgan savdo obyektlarida, shuningdek, umumiy savdo maydoni ming kvadratmetrdan ortiq boʻlgan savdo majmualari (bozorlar) va yarmarka pavilonlarida realizatsiya qilish;

respublika hududiga alkogol mahsulotlarini polietilen, polistirol va boshqa polimer materiallardan tayyorlangan polimer isteʼmol idishlarida olib kirishga taqiq va javobgarlikni oʻrnatish, pivo va vino mahsulotlari bundan mustasno.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti          SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,
2019 yil 5 fevral


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?