Alisher Usmonovning turmush oʻrtogʻi oʻzbekistonlik gimnastikachilarni onlayn tarzda tabrikladi

17:17 30 Iyun 2020 Sport
134 0

28-iyun kuni tarixda ilk bor badiiy gimnastika boʻyicha onlayn turnir boʻlib oʻtdi. Unda Rossiya, Isroil, Qirgʻiziston davlatlari qatori terma jamoamiz vakillari ham ishtirok etishdi. Bu haqda MOQ xabar berdi.

Qayd etilishicha, musobaqada Dina va Arina Averinalar (Rossiya), Lina Ashram (Isroil) kabi mazkur terma jamoalarning eng sara sportchilari qatnashdi.

Musobaqa shartiga koʻra, gimnastikachilar oʻz chiqishlarini uy arenalarida namoyish qilishdi. Muloqot internet orqali olib borilgani uchun baʼzi oʻrinlarda kichik noqulayliklar ham uchrab turdi. Yana bir noodatiy vaziyat baholash masalasi boʻldi. Hakamlar ilk bor sportchilarning chiqishini monitor orqali koʻrganlariga qarab baholashdi. Yurtimiz nomidan Taliya Abduramanova, Mayya Filippova, Liliya Vlasova, Irina Kudryasheva va Gyozel Filippova kabi mutaxassislar hakamlar hayʼati tarkibiga kirishdi.

Garchi bajariladigan elementlar kutilgan boʻlsa ham uzoq muddatli izolyatsiya va karantin sabab sportchilarning ijro mahoratida kichik kamchiliklar uchrab turdi. Shunday boʻlsada, gimnastikachilarning chiqishi ularni onlayn kuzatib borgan tomoshabinlarning eʼtiboriga sazovor boʻldi. Taʼkidlash joiz, bellashuv davomida “Tashkent live” kompaniyasi qizlarimizning jamoaviy mashqini jonli efirda uzatilishini taʼminlab bordi.
 

Yana bir alohida eʼtirof etiladigan jihati, musobaqa garchi onlayn rejimda davom etgan boʻlsa ham, xalqaro reglamentning barcha talablariga javob beradi. Zero, uning davomida ochilish marosimi, ishtirokchilar paradi, rasmiylarning sportchilarni qutlovchi nutqi, xolis baholash va hatto gala-konsert ham tashkil qilingan. Mazkur sport turi boʻyicha tashkil qilinayotgan birinchi onlayn musobaqaning ochilish marosimida Xalqaro gimnastika federatsiyasi FIG badiiy gimnastika texnik qoʻmitasi prezidenti Natalya Kuzmina va Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasi prezidenti Irina Viner-Usmanova ishtirok etgani yana bir ahamiyatli vaziyat boʻldi.
 

Musobaqa davomida Yekaterina Fetisova yakkalik, Yekaterina Pirojkova boshchiligidagi Nilufar Shomurodova, Dinara Ravshanbekova, Kamola Irnazarova, Kseniya Aleksandrova, Sevara Safoyeva kabi qizlarimiz guruh mashqlarida yurtimiz sharafini himoya qilishdi. Halqa va bulavada oʻz dasturini namoyish qilgan Fetisova yakunda kumush va bronza medallari bilan taqdirlandi.

Guruh mashqlarida qatnashgan qizlarimiz musobaqada katta iroda va sabr namoyish qilganlarini aytib oʻtish mumkin. Translyatsiyada yuzaga kelgan muammolar sabab qizlarimiz 3 bor oʻz chiqishlarini gilamda namoyish qilishlariga toʻgʻri keldi. Shunday boʻlsa ham, yakunda ular kumush medalga sazovor boʻlishdi.

Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimi mashhur «Lujniki» gimnastika saroyida boʻlib oʻtdi. Unda soʻzga chiqqan Irina Viner-Usmanova musobaqa ishtirokchi va gʻoliblarini qutlab oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?