Alisher Usmonov Oʻzbekistonga 8 million dollarlik nodir kitoblar kolleksiyasini sovgʻa qildi

18:09 22 Yanvar 2019 Jamiyat
808 0

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarovning maʼlum qilishicha, markazning maʼmuriy va asosiy binolarini qurish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi ishlarga homiylik qilayotgan vatandoshimiz, ayni paytda Rossiya Federatsiyasida istiqomat qilib kelayotgan tadbirkor Alisher Usmonov Islom sivilizatsiyasi markaziga qiymati 8 million dollarga teng boʻlgan 4 923 nomdagi nodir kitoblar kolleksiyasini tuhfa qildi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.

– Ushbu bebaho kolleksiyadan sharqshunoslik va islom olamining Yevropaga taʼsiriga doir XIII asrdan boshlab to hozirga qadar chop etilgan lotin, ingliz, fransuz, nemis tilidagi noyob kitoblar jamlangan, – deydi Sh.Minovarov “Guliston“ nashriga bergan intervyusida. – Mavjud 4 923 kitobning ingliz tilidagi katalogi ayni paytda oʻzbek tiliga tarjima qilinmoqda. Nodir kitoblar orasida Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobining ilk lotincha tarjimasi ham bor. Shuningdek, oʻta noyob sanalgan “Musulmon manbalarini tarjima qilish uchun lotincha-arabcha lugʻat” nomli qoʻllanma ham mavjud.

Beruniy, Fargʻoniy singari ulugʻ ajdodlarimizning ayrim asarlari yoʻqolib ketgan, bizgacha yetib kelmagan. Ammo bu asarlarning lotin tilidagi tarjimalari saqlanib qolgan. 1200-1300 yillarga taalluqli oʻsha lotincha-arabcha lugʻatlar yordamida ajdodlarimizning lotin tilidagi ilmiy merosini asliyatda qanday boʻlganini bemalol oʻrganishimiz mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?