Alisher Shodmonov Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining vitse-prezidenti etib saylandi

09:49 21 May 2019 Jamiyat
246 0

20 may kuni Jenevada Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasi (JSSA)ning 72-sessiyasi oʻz ishini boshladi.

Oʻzbekistonning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi maʼlumotiga koʻra, JSSAning Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti etib Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov saylangan, deya xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

“Bu Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan sogʻliqni saqlash tizimini yaxshilash, sogʻlom avlodni tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni shakllantirish va profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan keng qamrovli islohotlarning JSST tomonidan eʼtirof etilishidan dalolat beradi“, - deyiladi manbada.

Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasi - JSSTning oliy organi boʻlib, uning faoliyatida tashkilotga aʼzo barcha davlatlar delegatsiyalari ishtirok etadi. Uning asosiy funksiyalariga JSST faoliyati yoʻnalishlarini belgilash, tashkilot bosh direktorini tanlash, byudjetni tasdiqlash va nazorat qilish kiradi. Assambleya raisi va uning 5 nafar oʻrinbosari JSSTning har bir hududidan bittadan saylanadi va JSSA yalpi sessiyalarida navbatma-navbat raislik qiladi.

JSSAning hozirgi sessiyasida dunyoning 190 dan ziyod mamlakatidan 3 mingga yaqin delegat ishtirok etmoqda. 150 nafarga yaqin sogʻliqni saqlash vaziri, yetakchi xalqaro tashkilotlar, yirik korporatsiyalar, xalqaro jamgʻarmalar va ilmiy doiralar shular jumlasidandir.

“Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning sogʻliqni saqlash sohasidagi yutuqlari JSSA tadbiri ochilish marosimida JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning chiqishida ham oʻz aksini topdi. U, xususan, Oʻzbekiston dunyoning oz sonli mamlakatlari qatorida oʻz hududida bezgakni toʻliq yoʻq qilishga erishganini taʼkidladi“, - deyiladi TIV xabarida.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbarining yalpi sessiyada chiqishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, JSST rahbariyati hamda xorijiy davlatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilishi va sogʻliqni saqlash tizimidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga doir ustuvor masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasi sessiyasi 28 mayga qadar davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?