Alisher Shodmonov jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining 72-sessiyasida soʻzga chiqdi

12:04 22 May 2019 Jamiyat
317 0

Shu kunlarda Jenevada Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasi (JSSA)ning 72-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda dunyodagi 190 dan ortiq mamlakat vakillari, jumladan, 150 ga yaqin sogʻliqni saqlash vazirlari, shuningdek, yetakchi xalqaro tashkilotlar, yirik korporatsiyalar, nufuzli xalqaro jamgʻarmalar va akademiyalar vakillaridan iborat uch mingga yaqin delegatlar ishtirok etmoqda. Jumladan, unda Oʻzbekiston delegatsiyasi ham qatnashmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Eʼtiborli jihati, avval xabar qilinganidek, ushbu sessiya doirasida mamlakatimiz sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov JSSAning Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti etib saylandi.

Qayd etish joizki, Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST)ning oliy organi boʻlib, unda barcha aʼzo davlatlarning delegatsiyalari ishtirok etadi. Uning asosiy vazifalari JSST faoliyatining muhim yoʻnalishlarini aniqlash, tashkilotning bosh direktorini tanlash, byudjetni tasdiqlash va nazorat qilishdan iborat.

Sessiya doirasida Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov soʻzga chiqib, yurtimizda sogʻliqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi. Qayd etilganidek, fuqarolarni sifatli tibbiy xizmat bilan toʻliq qamrab olish masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilib, soʻnggi uch yil davomida tibbiyot sohasida 150 dan ortiq huquqiy hujjat qabul qilindi. Bu ham boʻlsa soha rivoji Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsan eʼtiborida ekanidan dalolatdir. Jumladan, aholiga birlamchi tibbiy yordam, shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qator qarorlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri, shuningdek, transplantologiya, kardiojarrohlik, immunoprofilaktika, xususiy tibbiyot sektorini rivojlantirish, psixiatriya, ftiziatriya va endokrinologik yordamni takomillashtirish, sogʻlom turmush tarzi va jismoniy faollikni qoʻllab-quvvatlash borasida erishilgan natijalar haqida ham maʼlumot berdi. Mamlakatimiz tibbiyot tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan2019 — 2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi yigʻilish ishtirokchilarida, ayniqsa, katta qiziqish uygʻotdi.

Eslatib oʻtamiz, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus JSSA sessiyasi ochilish marosimidagi chiqishida mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasida erishgan yutuqlarni eʼtirof etib, dunyoning oz sonli mamlakatlari qatorida Oʻzbekiston oʻz hududida bezgakni toʻliq yoʻq qilishga erishganini alohida taʼkidlagan edi.

Sessiya shu yilning 28 mayigacha davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?