Alisher Shadmanov JSST Yevropa mintaqaviy byurosining sessiyasida nutq soʻzladi

14:33 20 Sentyabr 2018 Jamiyat
317 0
Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Avval xabar qilganimizdek, shu kunlarda Italiya poytaxti Rim shahrida oʻz ishini boshlagan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosining 68-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda.

Maʼlumki, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo 53 ta davlat, jumladan, Oʻzbekiston ham mazkur nufuzli tashkilot tomonidan ilgari surilgan “Salomatlik — 2020” strategiyasini qoʻllab-quvvatlagan edi. “Salomatlik – 2020” strategiyasi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, inson salomatligi va boʻlajak nasllar kamolotiga salbiy taʼsir etadigan tibbiy-ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik muammolarning oldini olishga yoʻnaltirilgan yirik dastur hisoblanadi. Soʻnggi ikki yil mobaynida Oʻzbekistonda ushbu strategiyani amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda olib borilayotgan tibbiy islohotlar bugun yangi bosqichda davom etmoqda. Endilikda, tibbiyot xodimi faoliyatiga soha amaldorlari emas, balki oddiy odamlar, aholining bevosita oʻzi xolis baho beradigan tizim yaratish yoʻlida ish olib borilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, sessiya doirasida soʻzga chiqqan Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov oʻz maʼruzasida ana shu masalalar xususida toʻxtaldi. Jumladan, u Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, tizimni takomillashtirish dasturi va unda belgilangan asosiy vazifalarga, shuningdek, yurtimiz tibbiyotini yanada rivojlantirish maqsadida jahonning yetakchi xorijiy investorlarini jalb qilish borasidagi ishlarga eʼtibor qaratdi.

“Sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish nafaqat bugungi kun, balki kelajak uchun ham bebaho investitsiyadir. Bu Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda ham yaqqol oʻz ifodasini topmoqda”, dedi A.Shadmanov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?