Alisher Navoiyning oʻlimiga kim va nima sabab boʻlgan yoxud jurʼatsiz “lofchi”ning qilmishi

11:07 03 Dekabr 2019 Madaniyat
516 0

Alisher Navoiyning ajdodlari uzoq yillar temuriylar saroyida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan. Uning otasi Gʻiyosiddin Kichkina Abulqosim Boburning saroy amaldorlaridan, keyinchalik esa Sabzavor shahri hokimi ham boʻlgan. Bu holat aka-ukalar – Baxlulbek, Alisher va Darveshalilarning shahzodalar bilan birga oʻsishiga sabab boʻldi.

Husayn Boyqaroning Xuroson taxtini egallashidan keyin Baxlulbek Xurosonga qarashli boʻlgan Xorazmning, Darveshali Balxning hokimi boʻldi. Alisher Navoiy esa muhrdorlikdan bosh vazirgacha boʻlgan yuqori lavozimlarda faoliyat koʻrsatdi.

Biroq, barcha davrlarda boʻlganidek, saroydagi siyosiy oʻyinlar, fitna va nizolar tufayli baʼzida hukmdor bilan kelishmovchiliklar, dil xiraliklar ham boʻlib turgan.

Garchi Navoiy butun umrini ijodga bagʻishlasa-da, shu sabab davlat lavozimlaridan bir necha marta isteʼfo bersa-da, Husayn bilan bolalikdan doʻstligi uni saltanatdan uzoqqa ketishiga yoʻl qoʻymas edi. Vaqt oʻtib, Husayn saltanatida Navoiyning ruhi va qalbini larzaga soluvchi, yuragini oʻrtovchi voqealar avj oldi.

Dastlab, 1497-yil Navoiyning sevimli shahzodalaridan biri, sultonning nabirasi Moʻmin Mirzo oʻz bobosining farmoni bilan qatl etildi, shoirning oʻz farzandidek qadrli boʻlgan jiyani Haydarbek 1499-yil davlatdan norozi kayfiyatdagi shaxs sifatida oʻldirildi, ukasi Darveshali davlatga xoinlikda ayblanib, Balx hokimligidan boʻshatildi.

Shuningdek, bosh malika Xadichabegimning turli fitna va igʻvolari tufayli saltanatda oʻzaro nizolarning kuchayishi singari voqealar 1500-yilga kelib Alisher Navoiyning yurak, qon-tomir tizimi bilan bogʻliq xastaligining kuchayishiga olib keldi.

1500-yilning dekabrida Sulton Husayn isyon koʻtargan oʻgʻli Muhammad Mirzo bilan yarashib, Hirotga qaytayotganida, uni kutib oluvchilarga bosh boʻlib Navoiyning oʻzi yoʻlga chiqadi.

Koʻrishish marosimida shoir hushidan ketadi va sulton uni oʻz shohona mahofasi (yotib ketish ham mumkin boʻlgan kajava)da tezlik bilan shaharga eltish hamda zarur muolajalar qilinishini buyuradi. Navoiyning tashqi koʻrinishi va tomir urishida sakta (insult, miyaga qon quyilishi) alomatlari mavjud edi.

Buning davosi (yoki birinchi yordam) esa qon olish boʻlgan. Bu voqealarning bevosita ishtirokchisi, Navoiyning sevimli shogirdi, tarixchi Xondamirning maʼlumot berishicha, shoirning xastaligida sakta alomatlari borligini shu yerdagi tabiblar va hatto, Xurosonning bosh tabibi Abdulxay Tuniy ham payqagan.

Tabiblar Alisher Navoiy Husayn Boyqaro huzurida mutasaddilar va bosh tabibga Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobida saktaga chalinganlardan birinchi navbatda qon olish zarurligi haqida maʼlumot keltirilganligini uqtirishgan. Lekin bosh tabib bunga amal qilmagan.

Bu haqda Xondamir shunday yozadi: “... tabobat ilmidan xabardor bir guruh kishilar “kasallik sogʻayishi uchun shu yerdayoq bemordan qon olish lozim”, deyishdi. Ammo tabobatdan lof-qof urib yuruvchi mavlono Abdulhay Tuniy (Xondamir Navoiyning oʻlimida mazkur bosh tabibni ayblaydi va unga nisbatan “lof uruvchi tabib” iborasini ishlatadi) bularga qarshi turib “davolashda xato roʻy bermasligi uchun Hirotda tabiblar yigʻilgach, keyin muolajani boshlash kerak”, deya turib oldi.

Hazrat sultonning yaqin kishisini (Navoiyni) mahofaga yotqizib, yoʻl sari yuzlanayotgan paytda Amir Alisherning neʼmatlari dengiziga gʻarq boʻlgan bu davlatxoh banda (Xondamir oʻzini aytmoqda) tashvishga tushib, “kasallik zoʻrligi shu darajadaki, agar qon olish ishida kechikish yuz bersa, soʻng bu xatoni tuzatib boʻlmaydi”, dedim. Xoja Abdullo janoblari (Husayn Navoiyni Hirotga olib borishga javobgar etib belgilagan amaldor) ikkilanib qolib, mansur xoqon oldiga bir chopar yubordi.

Hazrat esa “bemor tomiridan oʻsha yerdayoq darhol qon olinsin”, deya buyurdi. Ammo chopar qaytib kelgunicha va qon oluvchini topgunicha uch farsax (18-20 km.) masofani bosib oʻtgani boisidan fursat qoʻldan berilib, shu sababli qortiq (qon olishda ishlatiladigan nina) qoʻyib qon olinganida, besh-olti ser (350-400 gr)dan koʻp qon chiqmadi. Uyga eltishgach, tabiblar yana bir marta qon olmoqchi boʻldilar. Ammo ish qoʻldan chiqqani uchun biror foyda bermadi”.

Mana shu kasallik sabab Alisher Navoiy 1501-yilning 3-yanvar tongida, 60 yoshga toʻlish arafasida vafot etdi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Xurosondek ulkan davlatning bosh tabibi boʻlish darajasiga erishgan Abdulhay Tuniy faoliyati davomida yuzlab bemorlarni, shu jumladan, insultga chalinganlarni ham davolagan, Ibn Sinoning “Tib qonunlari”ni ham oʻqigan.

Lekin bosh tabibning bemordan zudlik bilan qon olmasligiga sabab Sulton Husaynning eng yaqin kishisi, buyuk mutafakkir, ulugʻ shoirning hayoti borasida tavakkal qilishdan qoʻrqqanligi, bundan tashqari, sultondan oʻz vaqtida maxsus koʻrsatma boʻlmaganligidan, jurʼatsizlik qilgani boʻldi.

Agar bemor Navoiy darajasidagi shaxs boʻlmaganda va unda sakta (insult) alomatlari sezilganda, u saroy tabiblari huzuriga olib borilib tibbiy kengashda muhokama qilinmasdan darhol qon olinib, tegishli muolaja qilinishi mumkin edi. 

Shuning uchun ham hukmdorlar va ularga yaqin kishilar ogʻir dardga chalinganda biror tabib masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi nihoyatda mushkul vazifa edi. Alisher Navoiy esa, taʼbir joiz boʻlsa, hukmdorlardan ham yuqori mavqedagi shaxs boʻlib, uning sogʻligi borasida hatto, bosh tabib ham tavakkal qila olmas edi.

Akbar ZAMONOV, 
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.

Ziyoda MAMAJONOVA,
Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanidagi 49-maktab oʻqituvchisi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?