Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoyevni Belarusga taklif etdi

12:06 13 Sentyabr 2018 Siyosat
397 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko 12 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Tashrif doirasidagi asosiy tadbirlar 13 sentyabr kuni Koʻksaroyda rasmiy kutib olish marosimi bilan boshlandi.

Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko avval tor doirada muzokara oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, Oʻzbekiston bilan Belarus samimiy doʻst va ishonchli sherik ekanini taʼkidladi.

– 2016 yil Samarqanddagi uchrashuvimizda davlatlararo munosabatlarni har tomonlama mustahkamlashga kelishib olgandik. Oʻtgan ikki yilda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik xalqlarimizni quvontiradigan darajaga yetdi. Oʻzaro tovar ayriboshlash hajmi 2017 yil yakunlari boʻyicha 60 foizdan ziyod oʻsdi. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida esa qariyb 4 barobar oshdi. Bunday natijalar hech qachon boʻlmagan. Bu oʻzaro hamkorlik uchun ulkan salohiyat borligidan, odamlarimiz bir-birini sogʻinganidan dalolat beradi. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini toʻldiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Belarus Prezidenti taklif uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

– Sizning rahbarligingizda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor, – dedi Aleksandr Lukashenko. – Ham ichki, ham tashqi siyosatda oqilona oʻzgarishlar qildingiz. 33 million aholiga ega gigant mamlakatni toʻgʻri yoʻldan olib boryapsiz. Qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamladingiz. Ushbu muvaffaqiyatli siyosiy kurs bilan Sizni tabriklayman. Biz yaxshi bilgan va oʻzaro manfaatli boʻlgan barcha sohalarda hamkorlik qilishga, tajriba almashishga tayyormiz.

Muzokarada Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikka doir keng koʻlamli masalalar muhokama qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi oʻrtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlashga, oʻzaro manfaatli sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirishga kelishib olindi.

Xalqaro va mintaqaviy jarayonlar yuzasidan fikr almashilar ekan, bugungi kundagi dolzarb masalalar boʻyicha tomonlarning pozitsiyasi mos kelishi tasdiqlandi. Davlat rahbarlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoyevni oʻzi uchun qulay vaqtda Belarusga tashrif bilan borishga taklif etdi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?