Aleksandr Lukashenko: “Shavkat Mirziyoyev — Oʻzbekistonni sevadigan va yaxshi biladigan, mamlakat uchun juda koʻp ezguliklar qilgan inson”

09:43 30 Noyabr 2018 Siyosat
731 0

Arxiv foto

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatimizning ushbu davlatdagi elchisi bilan ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga bagʻishlangan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir sifatida faoliyat yuritgan davridayoq Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasida alohida qatnashganini taʼkidladi.

“Shavkat Mirziyoyev — Oʻzbekistonni sevadigan va yaxshi biladigan, mamlakat uchun juda koʻp ezguliklar qilgan inson. U barcha ­muammoni chuqur biladi. Shu bois Prezident sifatida ish boshlaganida unga yon-atrofdagi holatning aslini bilishga hojat yoʻq edi. U hammasini ichkaridan koʻr­di. U tezda oʻzgartirdi va hamma sohada muvaffaqiyatlarga erishyapti”, deya Belarus rahbarining soʻzlaridan iqtibos keltirdi uning matbuot xizmati.

“Men koʻplab Prezidentlarni koʻrdim — hech birimiz yetilib qolgan muammolarni bu qadar faol va tezda hal qilmaganmiz. Unga shunchaki qoyil. Men buni chin dildan aytyapman”, deya taʼkidlagan Belarus rahbari Shavkat Mirziyoyevning ­Prezident sifatidagi ­faoliyatiga yuqori baho berib. Shuningdek, Lukashenko keyingi davrda mamlakatlarimiz hamkorlikni ­rivojlantirish borasida avvalgi yillardagi uzilishlarni bartaraf qilishga erishganini qayd etdi.

A. Lukashenko ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish boʻyicha dasturni toʻliq amalga oshirishga sodiqligiga yana bir bor urgʻu berib, ushbu reja roʻyobga chiqarilishini qattiq nazorat qilishini bildirdi.

Belarus yetakchisi Oʻzbekiston bilan doʻstona hamkorlik juda yaxshi va jadal rivojlanib borayotganiga toʻxtalib, jumladan, shunday dedi: “Biz avvalgi yillarda kuzatilgan hamkorlikdagi kechikishlarni yoʻq qilganimiz erishgan eng yaxshi ­natijamiz boʻldi. Men Shavkat ­Mirziyoyevga bularning hammasi uning xizmati ekanligini aytdim”.

Aleksandr Lukashenko Oʻzbekiston Prezidentining oʻzi uchun qulay boʻlgan vaqtda Belarusga tashrif buyurishi mumkinligini maʼlum qildi. “Biz Shavkat Mirziyoyevni oddiy doʻstimiz sifatida emas, balki bizning birodarimiz, Belarusni juda hurmat qiladigan inson sifatida kutib olamiz. Ana shunday xislatlari bilan u meni doim qoyil qoldiradi. Va u, albatta, Belarusga samimiy munosabatda boʻladi, chunki u mamlakatimizni yaxshi biladi. Biz har doim Oʻzbekiston uchun ishonchli hamkor boʻlamiz va buning uchun hech qanday yopiq mavzular yoʻq. Koʻp ishlar amalga oshirila boshlandi va yana koʻp saʼy-harakatlar oldinda ­turibdi”, dedi Belarus rahbari.

O. LUTFULLAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?