“Al-Yamama”: “Oʻzbekiston — ipakchilik , kulolchilik va allomalar yurti”

14:22 20 Iyun 2019 Welcome to uzbekistan
456 0

Saudiya Arabistonining “Al-Yamama” jurnali sahifalarida Oʻzbekiston haqida turkum maqolalar chop etildi. Bu bejiz emas. Gap shundaki, shu yilning 25-may — 5-iyun kunlari 11 nafar fargʻonalik jurnalist ushbu mamlakatga ziyorat va ijodiy safar uyushtirdi.

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu safar davomida dastlab Umra amallari toʻla-toʻkis ado etildi. Soʻngra Oʻzbekistonning Jiddadagi Bosh konsulxonasida Saudiya Arabistonining yirik gazetalari, jurnallari bosh muharrirlari, mashhur telejurnalist va internet saytlari rahbar hamda blogerlari bilan oʻzaro tajriba almashuv, Oʻzbekiston imijini xorijiy OAVlarda targʻib qilish mavzuida ijodiy anjuman boʻlib oʻtdi.

Saudiyalik jurnalistlarga Oʻzbekistonda turli sohada olib borilayotgan islohotlar, jumladan, matbuotdagi soʻz erkinligi, fikrlar xilmaxilligi borasida, internet saytlari hamda blogerlarga yaratilgan sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shunisi eʼtiborliki, biz Oʻzbekistondagi islohotlar, Fargʻonadagi yangilanishlar xususida bir necha maqolalar yozib, ularni arab tiliga tarjima qilib, fotosuratlar ilova etgan holda olib kelgan edik. Uchrashuv chogʻida ularni saudiyalik hamkasblarga taqdim qildik. Ularning aksariyati “Al-Yamama” jurnalida nashr etildi.

“Al-Yamama” arab dunyosidagi eng katta tirajda nashr etilib, eng koʻp tarqaladigan jurnaldir. Binobarin, u 1963-yilda Saudiya Arabistonida birinchi tashkil etilgan, hozirgi kunda mamlakat ichkarisida va xorijda 60 ta filiali, 1500 nafar ijodiy jamoasi boʻlgan Podshohlikning eng yirik axborot-matbuot majmuasi hisoblanadi. “Al-Yamama” arab tilidan oʻgirilganda, xabar eltuvchi kabutar maʼnosini anglatadi.

“Al-Yamama” matbuot muassasasi tarkibida arab tilidagi“Ar-Riyod” kundalik gazetasi, “Al-Yamama” haftalik jurnali, ingliz tilida “Riyadh Daily” kundalik gazetasi, “Dot” gazetasi (ingliz, urdu tillarida) hamda “Ar-Riyod” nash­riyoti bor. Shuningdek, “Al-Yamama” muassasasida maʼlumotlar va ­tadqiqotlar markazi mavjud.

Bu jurnal orqali arab oʻquvchisi Saudiya Arabistoni xalqining bugungi muammolari, uni qiziqtirgan masalalar, dunyo mamlakatlari, ularning xalqlari hayoti bilan tanishib boradi.

Nashrning har bir soni 45 — 50 ming nusxada chop etiladi.

“Al-Yamama” jurnalining 2019-yil 13-iyun kungi 2562-soni muqovasida “Oʻzbekiston — ipakchilik, kulolchilik va allomalar yurti” sarlavhasi oʻrin olgan boʻlib, u jurnalning bosh mavzusi sifatida urgʻulangan.

Jurnal “Fargʻona — Markaziy Osiyo gavhari” maqolasi bilan boshlanadi. Shuningdek, unda ­“Burhoniddin Margʻinoniy — tiriklayin dafn etilgan olim”, “Mar­gʻilon — ipakchilik poytaxti” va “Rishton — kulolchilik sanʼati” sarlavhali maqolalar Ar-Riyoddagi Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazining akademik direktori, Podshoh Saud universiteti assotsiat-professori, hamyurtimiz Murtazo Saydumarov tarjimasida nashr etilgan.

“Al-Yamama” jurnali tahririyati rahbari (bosh muharriri) ­Abdullo Hamad as-Sayxan bundan keyin ham bu nashr Oʻzbekistondagi islohotlar, uning muqaddas ziyo­ratgohlari, buyuk allomalari, goʻzal sayohat maskanlari haqida maqolalar berib borishga tayyorligini bildirdi.

Darvoqe, Oʻzbekiston Jurna­listlari ijodiy uyushmasi Far­gʻona viloyati boʻlimi delegatsiyasi ­Saudiya Arabistoni Podshohligida boʻlgan kunlari mamlakatdagi gazeta, televideniye va internet sayt­larining mashhur jarnalistlaridan toʻrt nafarini Oʻzbekistonga taklif etdi. Fargʻonaga keladigan saudiyalik jurnalistlar safida “Al-Yamama” axborot markazining bosh muharriri va jurnalistlari ham boʻlishi kutilmoqda.

Muhammadjon OBIDOV,

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?