“Al-Riyada” va “Al-Jazira” oʻzbekistonlik hojilar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi

17:21 05 Avgust 2019 Jamiyat
303 0

Saudiya Arabistonining yetakchi “Al-Riyada” va “Al-Jazira” gazetalari Oʻzbekiston vakillarining “Haj-2019” mavsumidagi ishtiroki haqida maqola eʼlon qildi.

Muallif maqola avvalida Oʻzbekistonda haj va umra ziyoratlarining tashkiliy ishlari mamlakat Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida amalga oshirilayotgani taʼkidlar ekan, Oʻzbekiston haj va umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi vakillaridan tashkil topgan delegatsiya 2019-yil yanvar oyida Saudiya Arabistoni haj ishlari vaziri Muhammad Solih Binten bilan uchrashib, muzokaralar oʻtkazgani haqida maʼlumot bergan.

“Mazkur uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasida Haj shartnomasi imzolandi va haj tartibotlari va jadvali buyicha Oʻzbekiston hojilarini harakatlanishi yuzasidan barcha masalalar muhokama etildi”, deb maʼlum qilgan Oʻzbekistonning ushbu mamlakatdagi elchisi Ulugʻbek Maqsudov nashrlarga bergan intervyusida.

Haj vaziri M. Binten mamlakatimiz vakillari bilan muloqotda Oʻzbekiston tomonidan barcha tashkiliy ishlar oʻz vaqtida va bekamu-koʻst hal qilinayotganini eʼtirof etgan. Bu yilgi mavsumda oʻzbekistonlik 7 ming 200 nafar ziyoratchi Saudiya Arabistoniga kelib, muborak haj safari amallarini bajarishmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ziyoratchilar uchun munosib shart-sharoit yaratish, haj xarajatlarini yanada arzonlashtirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar yurtdoshlarimizni cheksiz quvontirdi, — deydi mamlakatimiz elchisi saudiyalik muxbirlarga. — Haj safari bilan bogʻliq tashkiliy ishlar yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Masalan, ilgari hojilarimiz ikki va uch yulduzli mehmonxonalarda yashagan boʻlsa, 2019-yilda Madina shahridagi 5 yulduzli “Pullman Zamzam” mehmonxonasi, Makka shahridagi 4 yulduzli “Abraj al-Hidaya” mehmonxonasi ijaraga olindi. Bu esa ziyoratchilarimiz bor diqqat-eʼtiborini ibodat qilishga qaratishida yana bir muhim omil boʻlmoqda”.

Saudiya Arabistoni nashrlari jurnalistlari oʻzbekistonlik ziyoratchilarni kutib olish, kuzatish va ularga qulay shart-sharoit yaratish ishlari maxsus ishchi guruhi, Oʻzbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi va Saudiyaning “Al-Hidaya” shirkati hamkorligida tashkil etilayotganini xabar qilgan.

Maqolada Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan mamlakatimiz vakillarining haj va umra ziyoratlarini mukammal bajarishini tashkil qilish yoʻlida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar haqida batafsil maʼlumot berilgan.

Xalq soʻzi” maxsus muxbiri
Said RAHMONOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?