“Aksiya”lar ortidagi “ogʻu”lar

17:50 11 Aprel 2019 Jamiyat
1850 0

“Energetik ichimliklar nima?”, “Energetik ichimliklarni isteʼmol qilasizmi?”, “Energetik ichimliklarning qanchalik “muxlisisiz?” ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu soʻrovnomani oʻtkazib shunga amin boʻldikki, aynan oxirgi yillarda ushbu ichimliklar aholi oʻrtasida keng tarqalgan va taʼmi yoqmasa ham olishga majbur boʻlishmoqda. Tabiiyki, oʻzingiz sezganingizdek “ommalashuviga” albatta, ommaviy axborot vositalari orqali uzatilayotgan, tinmay bot-bot takrorlab koʻrsatilayotgan “mega aksiyalar”ning taʼsiri katta. Xoʻsh energetik ichimliklar biz uchun qanchalik foydali?!

Televizor orqali qayta-qayta reklama qilinayotgan, bahordagi holsizlik darmoningizni quritayotgan paytda shahar peshtaxtalarida katta “banner”larda “mazasiga gap yoʻq”, “quvvatga kir” deya oʻzining yorqin ranglarda koʻrinishlari bilan eʼtiboringizni jalb etib, qiziqish uygʻotayotgan, taʼmi va tarkibini bilmasdan turib miyangiz olib ichishim kerak degan signalni qabullab boʻlgan energetik yaʼni quvvatbaxsh ichimliklar chindan ham quvvatbaxshmi?! Bugun koʻpchilikning qoʻlida ushbu ichimlikni uchratish mumkin. Ayniqsa, oxirgi paytlarda ushbu toifadagi ichimlar “quvvat” berish bilan birgalikda “mega aksiyalar”ini taqdim etishmoqda. Narxi oʻn-oʻn besh ming turadi, ammo aksiyalarida qatnashib qopqogʻini yigʻsangiz, bir dumalab millionerga aylanishingiz turgan gap. Qanday aksiyalar deysizmi?!

“…. SOTIB OL, TOSHKЕNT CITIDAN KVARTIRA YUTIB OL”

Ha, siz ham qiziqishni boshladingizmi?! Albatta, kim ham bunday “chorlov”lardan keyin qiziqmaydi. Ammo, ayrim yurtdoshlarimiz taʼmini va tarkibi bilmasdan turib, sotib olishmoqda. Eng hayratlanarlisi shundaki ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi guruhlarda va shaxsiy saxifalarida “Sitro”ning 6-qismini topib bering suyunchisi bor, evaziga 2000$ beraman” yoki “WF dan iltimos 5ta qopqoq qismini topishga yordam beringlar” degan “postlar” tez-tez uchrab turadi. Ayniqsa, oʻsmirlarning bunga qiziqishi yuqori. Aslidachi?! Chindan ham bu qopqoqchalar yutuqlimi?! Yoʻq, albatta. Bu aksiyalarda qatnashib topganingizdan koʻra, koʻp narsani yutqazasiz. Chunki, toʻliq yutuqli qopqoqlar oʻzingiz aytganingizdek 6 ta yoki 5 qism boʻladi. Endi oʻylab koʻring Oʻzbekistonda 33 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, demak pulingizni havoga sarflashingiz turgan gap. Oxirgi paytlarda, “internet trollari” tomonidan soxta qopqoqlarni sotayotganlar ham kam emas.

Alisher Palvonov (21 yosh): - Energetik ichimliklarni xush koʻrmayman. Ammo shu aksiyasiga qiziqib olaman. Aksiyalar boshlanganidan beri xarid qilaman. Menimcha, shu paytgacha olgan energetik ichimliklarimning puliga shu avtomobil yoki uyga boshlangʻich toʻlov, umuman oʻzimga kerak barcha maishiy texnikalarni sotib olsam boʻlardi. Buni “shuv” tushganimcha bilmasdim. Negaki bu ichimliklarning barcha qopqoqlarni bor, faqatgina oʻsha omadli qopqoqlar kam. Facebook ijtimoiy tarmogʻi orqali yutuqli qopqoqqa suyunchi bor deb post qoʻydim. Koʻpchilik menda bor qancha berasiz deb yozdi. Boshida hazillashib yozyapti deb oʻyladim. Ammo bir tarafdan qiziqib koʻrdim va ular bilan uchrashdim. Aytgan pullarini berdim. Oʻzimda yoʻq xursandman. Kompaniyaga borsam bu qopqoqlar “soxta qopqoqlar” ekanini aytishdi. “Uddaburon”larni esa haligacha qidiraman. Shuncha pullarimga achindim. Negaki kuniga 3 yoki 4 ta energetik ichimliklar sotib olardim.

Bu qopqoq yigʻish shunchaki qiziqish emas, endilikda ishqibozlar uchun bu asosiy maqsadga aylanayotgan edi. Albatta, televizorda Samarqandlik mashina yutgan, Navoiylik maishiy texnikalar, Nukuslik skuter yutib turgan reklama roliklarini koʻrib havasingiz ortadi. Sizga ham yutuqli sovrinlar tugab qolmasidan oldin oʻsha “topilmas qopqoqni” topishni xohlaysiz. Ammo har bir narsada meʼyor boʻlsa juda yaxshi. Axir oʻtmagan “mahsulot”ni inson salomatligini oʻrtaga qoʻyib, sotishning oqibati achinarli boʻlishi mumkin. Joriy yildan boshlab “Reklama toʻgʼrisidagi“ qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan va uning 221-moddasida energetik ichimliklar boʻyicha cheklovlar joriy qilindi. Unga koʻra, endilikda quyidagilar taqiqlanadi:

- soat 7-00 dan soat 22-00 ga qadar energetik ichimliklarni televideniye va radio orqali reklama qilish;

- reklama qilish maqsadida energetik ichimliklar namunalarini oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar orasida tekin tarqatish;

- asosan oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar uchun moʻljallangan tadbirlarga homiylik qilish, agar bunda energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan yoki tasviridan foydalaniladigan boʻlsa;

- oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar orasida energetik ichimliklarning nomi, tovar belgisi yoki tasviri tushirilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, oʻyinlarni va shu kabilarni) tarqatish, shu jumladan sotish;

- asosan bolalar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan bosma nashrlarda, shuningdek tibbiyot, sport va taʼlim muassasalarida energetik ichimliklarni reklama qilish.

QUVVATBAXSH ICHIMLIKLAR QUVVATBAXSHMI?!

Yevropa davlatlari allaqachon bunday ichimliklardan voz kechishmoqda. Ular energetik ichimliklarni “oʻlim kokteyli” deb atashadi. Maʼlumot uchun shuni aytish lozimki, tilga olinayotgan ichimliklar organizmga qoʻshimcha quvvat bermaydi. Faqat bu vositalar tarkibidagi moddalar organizmning ichki rezerviga yoʻl ochadi. Soddaroq qilib aytganda, ichimlik hech qanday quvvatga ega emas, faqat oʻz resurslaringizdan foydalanadi.

Muhabbat Jamshidova (shifokor): - Bugun bozorlarimda quvvatbaxsh ichimliklar sotuvi koʻpayib ketdi. Ayniqsa aksiyalari hammani qiziqtiryapti. Ammo ularning tarkibini koʻpchilik bilmaydi. Energetik kokteyllar tarkibiga odatda katta miqdorda sintetik kofein, dorivor oʻsimliklardan olinadigan faol biologik tabiiy vositalar (limon, jenshen va h.k), shuningdek, S, RR, V2, V5, V6, V12 vitaminlari kiradi. Quvvatbaxsh ichimliklar kayfiyatni koʻtaradi, charchoqni qoldiradi va aqliy faoliyatni yaxshilashga yordam beradi. Uning taʼsiri bir chashka qahvadan ikki barobar koʻp saqlanadi, deb hisoblashadi. Biroq tibbiyot xodimlari bu fikrga qoʻshilmaydi. Negaki, energetik ichimlik sogʻliq uchun qahvadan koʻra xavfliroq. Qoʻshimcha quvvat baxsh etadigan ichimliklarni isteʼmol qilish bilan inson turli kasalliklarni oʻziga chaqiradi. Qon bosimi, yurak-qon tomir tizimida muammosi borlarga bunday vositalarni qabul qilish qatʼiyan man qilinadi. Bu ichimliklar tarkibida quvvat beruvchi moddalar bilan bir qatorda inson salomatligiga xavf soluvchi kofein, guarana, taurin kabi moddalar ham mavjud. Boshqa kuchaytirgichlar kabi kofein asab tizimi ishdan chiqishiga olib keladi. Uning taʼsir kuchi 3-5 soatgacha saqlanib qolib, organizmga dam berishga toʻgʻri keladi. Belgilangan meʼyor oshishi taxikardiya, depressiya, nevroz oshishi kabi qoʻshimcha alomatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Mahbuba Kamolova: - Energetik ichimliklarni umuman xarid qilmayman. Chunki bundan ikki yil oldin ukam bitta korxonada qorovullik qilardi. U tunda uxlab qolmay deb energetik ichimliklarni koʻp ichardi. Biz ham eʼtiborsiz boʻlganmiz. Bir kuni uyqudan turmadi, shuni oʻylasam haligacha qaltirab ketaman. Ukam vafot etdi. Chunki energetik ichimliklarni haddan ziyod koʻp ichganligi uchun, yuragi oʻynoqi boʻlib qolgan ekan. Buni ekspertizadan keyin bildik.

Xoʻsh energetik ichimlar tarkibi nimalardan iborat. U haqida maʼlumotga egamisiz?! Energetik ichimliklar tarkibida inson organizmi uchun xavfli kofein, guarana, taurin kabi moddalar borligini bildik. Aynan ushbu moddalar inson organizmiga qanchalik taʼsir qiladi?! Taurin-energetik ichimliklarda albatta boʻlishi kerak boʻlgan element. U mushak toʻqimalarida toʻplanadigan aminokislota boʻlib, ichakdagi yogʻlar emulsiyasiga yordam beradi. Energetik ichimlikning bir bankasida 400-1000 mg miqdorgacha boʻladi. Asab buzilishiga olib keladi. Kofein- organizmni zoʻriqtirishga, turli asab va yurak kasalliklarini keltirib chiqaradi. Melatonin, matein, inozit - bu vositalar uygʻunligidagi ichimlik organizmni jismoniy va aqliy zoʻriqish bilan ishlashga majbur etadi.

OʻZIMIZNING CHOYDAN QOʻYMASIN

Energetik ichimliklar (shu toifadagi barcha mahsulotlar) bugungi kunda jahon bozorini tark etishmoqda. Chunki asosiy maqsad inson salomatligi. Salomatlikni uyga va avtomobil oʻrniga qaytib ololmasligini yaxshi bilishadi. Vaqtinchalik charchoqlarni xolos etish oʻrniga kelgan doimiy kasalliklar tabiiy mahsulotlarni isteʼmol qilib, tanaga dam berganimiz yaxshi. Negaki salomatlik bebaho boylikdir. Jismoniy mehnat bilan shugʻullangandan soʻng bunday ichimliklarni ichsa, odam charchoq hissini tuymasligi mumkin. Ammo ushbu ichimliklar vaqtinchalik yoʻqotgan charchoq ertangi kun uchun yoki ichimlik taʼsiri oʻtgandan soʻng ikki barobar ortadi. Natijada, organizm charchoqni yoʻqotish uchun yana quvvat talab etadi. Shunday ekan, tabiiy harakatda boʻlish uchun sunʼiy vositalardan meʼyoridan ortiq foydalanish hayot tarziga jiddiy zarar yetkazishini aslo unutmaslik lozim. Xulosa oʻzingizdan…

Ayjamal JOLDASBAYEVA

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassis 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?