Aktam HAITOV: “Oʻzbekiston tashabbusi afgʻon zaminida tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot uchun mustahkam poydevor boʻladi“

16:01 02 Mart 2020 Siyosat
3294 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz chiqishlarida Markaziy Osiyoda barqaror va mustahkam rivojlanish istiqbollari qoʻshni Afgʻonistonda tinchlikka erishish bilan bevosita bogʻliq ekanini qayd etib kelmoqda. Ayni damda mamlakatimiz ushbu davlatga nisbatan afgʻon xalqi tomonidan saylangan hukumatni qoʻllab-quvvatlagan holda, oʻzaro hurmat, teng huquqlilik va bir-birlarining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan doʻstona siyosatni yuritib kelmoqda.

Oʻzbekiston Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va mazkur mamlakatning tinch-barqaror rivojlanish yoʻliga qaytishi boʻyicha saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Bu yoʻnalishda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yil mart oyida Toshkentda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya tashkil etilishi muhim voqea boʻldi. Forum yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi Afgʻoniston uchun oʻziga xos tinchlik dasturiga aylandi. Ushbu hujjatda uchrashuv qatnashchilarining birlashgan pozitsiyalari aks etgan.

Unda davlatimiz rahbari qator muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi, xususan, afgʻon muammosini tinch yoʻl bilan hal etishning asosiy tamoyillarini ishlab chiqish va ular boʻyicha keng va qatʼiy xalqaro konsensus – murosaga erishish zarurligi qayd etilgan. Ikkinchidan, Afgʻoniston hukumati va qurolli muxolifat oʻrtasida muzokaralarni boshlash mexanizmini ishlab chiqish, uchinchidan, Afgʻonistonda milliy kelishuv jarayoniga xalqaro hamjamiyat tomonidan koʻmak berish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish darkorligi taʼkidlangan. Va nihoyat, barcha manfaatdor tashqi kuchlarning qurolli muxolifatdan Afgʻoniston hukumati bilan muzokaralar stoliga oʻtirishini, qarama-qarshilik va zoʻravonlikka chek qoʻyishni qatʼiy va bir ovozdan talab qilishi beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Toshkent konferensiyasi afgʻon zaminida tinchlik oʻrnatish jarayonlarini ancha tezlashtiradi. Ishonchimiz komilki, oʻtgan yil mart oyida boʻlib oʻtgan anjumandan soʻng Afgʻonistondagi barcha siyosiy kuchlar, jumladan, “Tolibonlar” harakatini jalb etgan holda, muzokaralar jarayonini yoʻlga qoʻyish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlar faollashdi. Bu butun afgʻon jamiyatini mamlakat tinchligi va ravnaqi yoʻlida milliy manfaatlar atrofida birlashtirish muhim ekanini anglash bilan bogʻliqdir.

Joriy yil 29-fevralda Doxa shahri (Qatar)da Amerika Qoʻshma Shtatlari va “Tolibon” harakati oʻrtasida Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish boʻyicha imzolangan bitimni alohida qayd etish joiz. Unda Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Bizningcha, ushbu tarixiy tadbir dunyoviy ahamiyatga ega voqea boʻldi. Jahon hamjamiyati afgʻon zaminida tinchlik, hamjihatlik va farovonlik yoʻlida tarixiy poydevorni qoʻyish asnosida, Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi va amaliy saʼy-harakatlari aniq natija bera boshlaganining yaqqol guvohi boʻldi.

Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishga yoʻnaltirilgan tarixiy bitimni imzolash marosimiga Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning taklif etilishi ham Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi roli va ahamiyatining eʼtirof etilayotganidan dalolatdir. Doxada boʻlib oʻtgan uchrashuvda xorijiy sheriklar aynan Toshkent anjumani oʻtganidan soʻng Afgʻoniston masalasida amaliy saʼy-harakatlar boshlanganini bir necha bor qayd etganlar.

Masalan, Toshkent deklaratsiyasini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Qobul bilan kelishgan holda, Afgʻonistondagi asosiy yetakchilar hamda “Tolibon” harakati vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Bundan tashqari, afgʻon muammosi boʻyicha Rossiya Federatsiyasi, AQSH, Xitoy, Pokiston, Eron, Hindiston va mintaqadagi boshqa mamlakatlar hamda musulmon olamida muhim oʻrin tutgan davlatlar bilan ham aloqa qilib turildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston ushbu mamlakatda iqtisodiy kelajak va ijtimoiy barqarorlikning zarur poydevorini yaratgan holda, Afgʻonistonda tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq loyihalarni ham amalga oshirmoqda.

Masalan, “Mozori Sharif-Hirot” temir yoʻl yoʻlagining qurilishi ana shunday muhim loyihalardan biridir. U kelajakda 30 ming nafar afgʻonistonlikni ish bilan taʼminlaydi va Qobulga har yili tranzitdan 400-500 million AQSH dollari miqdorida daromad olish imkonini beradi.

Yana bir infratuzilmaga oid ulkan loyiha – bu Qobulni Markaziy Osiyodagi yagona elektr energiyasi tizimiga ulaydigan Surxon – Puli – Xumri elektr uzatish liniyasidir. Ushbu elektr uzatish liniyasi Oʻzbekistondan Afgʻonistonga elektr yetkazib berish hajmini 70 foizga — yiliga 6 milliard kilovatt-soatgacha oshirish imkonini beradi.

Termizda afgʻon fuqarolari uchun taʼlim markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Unda 130 nafar talaba tahsil olmoqda. Kelgusida talabalar sonini 250 nafargacha oshirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Termizda eksport-import va tranzit yuk oqimlarini oshirishga qaratilgan bojxona terminaliga ega “Termiz-Kargo-markaz” xalqaro logistika markazi ham tashkil etilgan. “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududida Afgʻonistonda amalga oshirilayotgan loyihalar va dasturlar uchun ishlab chiqarishlarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Umuman olganda, Oʻzbekiston Afgʻonistonda muayyan iqtisodiy loyihalarni amalga oshirgan holda, qatʼiylikni namoyish etmoqda hamda ushbu mamlakatda tinchlik oʻrnatish yoʻlida xalqaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyordir.

Afgʻonistondagi vaziyat nafaqat mintaqaviy, balki, global xavfsizlik masalasi hamdir. Oʻzbekiston Afgʻoniston boʻyicha yuritayotgan oʻz siyosatida nafaqat ushbu mamlakat kelajagi, ayni damda umumiy xavfsizlik, terrorizm va zoʻravonliklardan xoli boʻlgan tinchlik uchun kurashmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish joizki, Oʻzbekiston va Afgʻoniston tinch, yaxshi qoʻshni boʻlishidan nafaqat ikki mamlakat, balki, butun mintaqa manfaatdor. Tinch Afgʻoniston Markaziy Osiyoning dengiz kommunikatsiyalaridan foydalanish imkonini beradi, transport yoʻlaklarini diversifikatsiya qiladi va shu orqali Oʻzbekiston mahsulotini eksport qilish uchun yangi bozorlarni ochib beradi. Bu esa, davlatimizning ham, bizning OʻzLiDeP partiyamiz elektorati manfaatlariga ham toʻla mosdir.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?