Aktam Haitov: Bahorgi ekish ishlarini tezroq yakunlamasak, keyin kech boʻladi

22:37 16 Aprel 2020 Siyosat
1286 0

Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida koʻp yillik boy tajriba va yuksak ilmiy salohiyatga ega mamlakat. Shu bois mamlakatimiz hozirga qadar oziq-ovqat sohasida koʻp ishlarni amalga oshirishga erishdi. Yurtimizda yetishtirilayotgan mahsulotlar ichki bozorlarni taʼminlash bilan birga xorijga ham eksport qilindi.

Bu soʻnggi uch yilda mamlakatimizda sabzavot, poliz, kartoshka ekinlari, shuningdek, bogʻ va tokzorlar maydonlari kengaytirilishi bilan birga, ushbu tarmoqlarda ishni toʻgʻri tashkil qilish orqali uning samaradorligini oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar samarasidir. Chunki keyingi paytlarda sohada manfaatdorlikni oshirish, oddiy qilib aytganda, dehqon va fermerni boy qilish uchun barcha masalalar hal qilib berildi.

Endi fermerlarimiz ham yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini ikki barobarga oshirishi zarur. Sababi bu yil qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasi vakillari uchun katta sinov va keng imkoniyatlar yili boʻladi. Pandemiya va karantin qancha vaqt davom etishidan qatʼiy nazar, aholining oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyoji kamaymaydi.

Qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yana-da rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga bagʻishlab 14-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Muhtaram Prezidentimiz bu jihatlarga alohida toʻxtalib, yerdan samarali foydalanish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tuman, 86 ta klaster va 125 ta kooperativ bu borada yetakchi boʻlishi lozimligini aytib, bogʻ va tokzorlarda qator oralari, takroriy maydonlarning har bir qarichidan unumli foydalanish zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda aytib oʻtilganidek, mahsulot hajmini oshirish uchun joriy yilda 124 ming gektar oborotdan chiqqan yerlarni toʻliq oʻzlashtirish lozim boʻladi. Bugungi kunda Baxmal tumanida 3 ming gektar, Qoʻshrabot tumanida 5 ming gektar, Beshariq tumanida 2 ming gektar oborotdan chiqqan yerda quduqlar qazilib, bogʻ va tokzorlar barpo qilish boshlangan.

Yigʻilishda bunday loyihalarni boshqa hududlarda ham amalga oshirish, suv chiqarib, lalmi yerlarni oʻzlashtirish zarurligi qayd etildi. Bu maqsadlar uchun Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi hamda Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi jamgʻarmalariga 300 milliard soʻm ajratiladi. Tashkil etilgan bogʻ va tokzorlar, issiqxonalar aholiga 3 yillik imtiyozli davr bilan, 7 yilgacha lizing asosida beriladi.

Yana bir yoʻnalish – oʻzlashtirilgan yerning ijara huquqi muayyan oziq-ovqat turini yetishtirish sharti bilan 5-10 yilga sotiladi. Bundan tushgan mablagʻ yangi yerlarni oʻzlashtirishga sarflanadi.

Videoselektor yigʻilishida pandemiya sharoitida urugʻliklar taʼminotida uzilishlar boʻlmasligi kerakligi aytib oʻtildi. Shu bois Qoʻrgʻontepa, Baxmal, Zomin, Shahrisabz, Kitob, Yangiqoʻrgʻon, Bulungʻur, Boʻstonliq tumanlari urugʻlik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirilishi belgilandi.

Taʼkidlash joizki, serquyosh yurtimizda aprel oyining ikkinchi yarmida koʻkat, pomidor, bodring, may oyida esa gilos va oʻrik tayyor boʻladi. Eksportning 60-70 foizi ushbu mahsulotlarga toʻgʻri keladi. Shu bois ayni vaqtda 4,5 milliondan ortiq dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egasi 435 ming gektar unumdor ekin maydonida mehnat qilmoqda. Zero, serhosil yerimiz, daromad olishga tomorqamiz bor ekan, doimo undan unumli foydalanish, xonadonlarimizni obod, yashash sharoitimizni munosib holatga keltirish uchun harakat qilaylik. Bunday amaliy ibrat asosida ulgʻaygan farzandlarimiz ham yaxshi yashashga intilib, oʻz kelajagi uchun astoydil mehnat qiladi.

Shundan kelib chiqqan holda barcha yurtdoshlarimizdan oʻz hovlisini, tomorqalarini tartibga keltirishni, biron qarich yerni ham boʻsh qoldirmasdan ekin ekishni soʻraymiz. Boisi hozirgi murakkab sharoitda tomorqa yerlariga sabzavot, poliz, kartoshka va boshqa ozuqa ekinlarini ekish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdek olijanob ishga oʻz hissamizni qoʻshgan boʻlamiz. Demak, har birimiz tomorqa qoʻshimcha daromad manbai ekanini doimo yodda saqlagan holda, undan yiliga ikki uch marotaba hosil olishga intilaylik. Tajribali dehqonlarning maslahatlariga amal qilib, bir yoqadan bosh chiqarib, bu jarayonda faol ishtirok etaylik.

Aziz yurtdoshlarimiz, unumdor yerimiz va serquyosh yurtimizda oʻz tomorqasiga ega boʻlgan yurtdoshlarimizning kambagʻal yashashi xalqimizning mehnatsevarlik va ishbilarmonlik fazilatiga mutlaqo yarashmaydi. Shuning uchun barcha fermer, dehqonlarni karantin qoidalariga amal qilgan holda oʻz dalasida, aholini esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishga chaqiramiz. Unutmang, bugun qilingan mehnat ertangi rohat uchun zamindir. Agar bahorgi ekish ishlarini tezroq yakunlamasak, keyin kech boʻladi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikerining oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?