Akmal Saidov taʼlim-tarbiya muammolari, korrupsiya, xayriya, “Jasliq”, bolalarning masjidga borishi, “snoslar”, hokim va tadbirkor oʻrtasidagi mashmasha haqida qanday fikrlar bildirdi?

10:27 07 Avgust 2019 Jamiyat
314 0

Foto: XPK

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan brifing oʻtkazildi.

Unda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etib, soha boʻyicha atroflicha maʼlumotlar taqdim etishi qatorida jurnalistlar tomonidan berilgan boshqa savollarga ham batafsil javob berdi.

Xususan, yurtimizda bola huquqlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar, mavjud muammolar, istiqboldagi rejalar qatori “Jasliq” jazoni ijro etish koloniyasi yopilishiga, “snos”lar bilan bogʻliq muammolarga ham toʻxtalib oʻtdi. Zero, ushbu mavzular ham bevosita inson huquqlarini taʼminlashdek dolzarb vazifaga taalluqlidir.

Ushbu brifing yurtimizdag elektron ommaviy axborot vositalari, jumladan, Kun.uz, Daryo.uz kabi yetakchi axborot manbalari qatori blogerlar tomonidan ham keng yoritilgani kun tartibidagi va unga turdosh masalalar naqadar muhim ekanligini anglatadi. Quyida mazkur manbalarga tayanib, Markaz direktori fikrlarini keltirib oʻtamiz.

A.Saidov bolalar va yoshlarimiz siyosatida taʼlim-tarbiyaning roli juda muhim ekanligini taʼkidlar ekan, bu masalada tartibga soluvchi qonunlar, masalan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun juda eski ekanligini afsus bilan tilga olgani haqida yozadi Kun.uz.

Uning aytishicha, ushbu Qonun hozirgi davrga umuman toʻgʻri kelmaydi.

“Yaqinda Belarusga prezidentimiz bilan birga borganimda ularda taʼlim kodeksi borligini koʻrdim. Bizda ham taʼlim sohasidagi qonunchilikni tartibga keltiruvchi taʼlim kodeksi qabul qilsak toʻgʻri boʻlardi, - deydi u. - Bu sohada qonunosti hujjatlar juda koʻp.

Taʼlim masalasida aytadigan boʻlsak, oʻrta taʼlim Oʻzbekistonda bepul. “Pulli boʻlishi kerak”, “hududlardan kelsa qolganlarga joy yetmay qoladi” kabi gaplar asossizdir. Bizda oʻrta taʼlim bepul – bu konstitutsiyaviy talab.

Qonunchilikdagi kemtiklardan yana biri nikoh yoshi bilan bogʻliq. Qizlarimizga boshqa, yigitlarimizga boshqa yosh meʼyori belgilangan. Masalan, 16 yoshga chiqqan qiz hali saylov huquqiga ega boʻlmaydi. Men buni 15 yildan beri aytib kelaman. BMTning bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasidagilar necha bor gapirishdi. Tenghuquqli boʻlishi kerakligini takror va takror aytishdi. Biz birinchi marta yoshni tenglashtiryapmiz.

Bola huquqlarida yana bir muammo mavjud - sharʼiy nikoh tuzilgan, lekin qonuniy nikohdan oʻtmagan boʻlsa tugʻilgan bolalar maʼlum bir huquqlarga ega boʻlmay qoladi. Bu sud tomonidan belgilanishi mumkin.

Bolalarning bogʻchalar bilan qamrab olish masalasida vazir Agrippina Shin aytib oʻtdiki, 41 foiz holatda ekan. Biz birinchi marta Milliy tiklanish demokratik partiyasida oʻrganganimizda 13 foiz bolalar bogʻchalarda edi. Bu raqamlar keyin 20 foizga, mana endi 40 foiz darajasida koʻtarildi”.

Markaz direktori qonunchilikdagi kamchiliklar haqidagi fikrlarini davom ettirib, hozirgi kunda korrupsiyaga qarshi kurash ketayotgan vaqtda lobbizm haqidagi qonun yoʻqligini qayd etgan.
Ayni chogʻda sohadagi muhim holatlardan biri sifatida xayriya masalasiga toʻxtalib, xayriya qilayotgan shaxslarga huquqiy imtiyozlar berish kerakligini, ularning soligʻi kamaytirib qoʻyilsa, bundan ham jamiyat yutishi, ham tadbirkorga yaxshi boʻlishiga urgʻu berdi. 
Akmal Saidov “Jasliq” koloniyasining tugatilishini nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham aks-sado berganini taʼkidladi. 
“Stiv Sverdlovning soʻzlari bilan aytganda, prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy jasorati boʻldi. Bu tan olish kerak, tarixiy voqea. 1999-yilda tashkil etilgan Jasliq koloniyasida men ham boʻlganman, - dedi u. - Ochigʻini aytishimi mumkin, boshqa turmalar bilan solishtirganda yaxshiroq edi. Bu joyda hamma sharoitlar bor edi. Men Jasliqda qiynoqlar boʻlmagan deb ayta olmayman. Bu joyga nisbatan uzoq vaqtlar davomida juda salbiy fikrlar boʻldi. Bu Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi reytingini tushirib yuborishga asosiy sababchilardan biri boʻldi. Biz bundan oʻzimizga dars olishimiz kerak.
Markaz direktori bolalar mehnati, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri, bolalarni masjidga borishi, libos masalasida ham gapirib oʻtdi. 
“Xalqaro tashkilotlar, turli inson huquqi himoyachilari tomonidan bolalar mehnati borasida statistikalar keltirilgan, - deydi u. - Men ularning maʼlumotlarini keltira olaman. Unga koʻra, har yili Oʻzbekistonda 3 millionga yaqin bolalar paxtaga olib chiqilar edi. Lekin men ushbu maʼlumotlarga doimo ishonmaganman. Oddiy arifmetika boʻyicha hisoblasangiz ham bu maʼlum. Oddiy arifmetika bilan hisoblasangiz qayerdadir 5-sinfdan, qayerdadir 7-sinfdan olingan. Shuning ortidan 60dan ortiq kompaniyalar bizga boykot eʼlon qilgandi. Oʻylaymanki, bu ishlar siyosiy tazyiqqa aylantirilgan. Iqtisodiy tarafdan bu AQSH Osiyo bozorida Oʻzbekistonga boy berganidan, deb oʻylayman.
Qonunchilikdagi yangilik sifatida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqildi. Hukumat tomonidan qonunchilik palatasiga keldi va hozir mening qoʻmitamga kelib tushdi. Hozir men buni birinchi oʻqishga tayyorlayapman. Bu masalada barcha yechimlar shu qonunda beriladi. Bolalarning masjidga borish masalasida savol berildi. Bolalarning asosiy vazifasi bu oʻqish. Oʻqishdan tashqarida ota-onasi bilan masjidga borishida hech qanday tazyiq yoʻq. Libos masalasiga kelsak, maktab bizda dunyoviy. Agar maktab diniy boʻlsa, madrasami yoki Xadichai Kubromi, marhamat oʻsha maktab qoidalari boʻyicha kiyinavering. Lekin dunyoviy davlatda dunyoviy talablarga amal qilishingiz kerak. Diniy libos masalasida dunyoda biror joyda aniq tushuncha yoʻq. Hayit namozlari, hatto juma namozlaridan olib chiqilgan holatlarni ham koʻrsatdi deyishyapti. Bu notoʻgʻri. Bu nima degan gap?”
Brifingda Akmal Saidov savollardan kelib chiqib “snos”lar mavzusiga ham toʻxtalib oʻtdi:
“Men ham bu masala boʻyicha oʻz talablarimni bildirdim. Hokimlar fuqarolarni qabul qilishi shart dedim. Bunga hokim janoblari qachon amal qiladi? Xoʻjayevning uyi buzib yuborilganda Ortiqxoʻjayev janoblari bilan kim uchrashuv tashkil qildi? Ortiqxoʻjayev menga murojaat qilib, rosa kesatdi-ku: “Janob Saidov menga xat yozdi”, deb.

Oʻsha vaqtda men aytgan gaplarni bajarishganda edi, hozirgidek holatga tushmasdik. Bir oy koʻzimni ochirishmagandi. Oʻsha rahbarlar, katta-kattalar. Murojaat qilgan odamlar mening tugʻishgan qarindoshimmas. Menga murojaat qilishdi, yordam soʻrashdi. “Qabul qilishsa boʻldi. Oʻzim tushuntirib olaman” deyishdi. Buzilishlar qonun doirasida boʻlsin dedim. Agar oʻsha odam qonunni buzgan boʻlsa ham, uyni buzish uchun sudning qarori boʻlishi kerak. Kompensatsiyani qilinglar dedim. Agar oʻshanda hamma boshini koʻtarganda edi, Yakkabogʻ, Rishton voqealari boʻlmasdi. Oʻzbekistonning yuziga dogʻ tushirgan aynan shu ishlar boʻldi. Xususiy mulk daxlsiz boʻlaturib shunday holatlar kuzatilsa, xorijiy sarmoyadorlar keladimi?! Men chet elda ishlaganman. Chet elliklar bilan muloqot qilaman. Ularning munosabatini bilaman-ku. Qonunga, xususiy mulkka ishonch boʻlishi kerak. Mustaqil sud boʻlishi kerak, mulkimni himoya qila olishim kerak. Shuningdek, menga birov tazyiq oʻtkazmasligi kerak. Bu oddiy bir odamning uyini buzishmas, buning katta siyosiy ahamiyati ham bor. Biz mamlakat miqyosida emas, xalqaro miqyosda fikrlashimiz kerak” 
Maʼlumot uchun, shu yil 27-aprel kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev investor Muhammadbobur Xoʻjayev va uning sherigi, xususiy quruvchi Aziz Zokirov bilan muloqot oʻtkazgandi. Unda Muhammadbobur Xoʻjayevga oʻziga tegishli Rishton koʻchasidagi 106-uyning buzilishi natijasida 600 kishi ishsiz qolib, tadbirkor 1,35 million dollar zarar koʻrgani boʻyicha masalalar oʻrtaga tashlanib, ikki tomon muzokara olib borgan. Uchrashuv avvalida hokim Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy markazi rahbari Akmal Saidov tomonidan yuborilgan xatni oʻqib eshittirgandi. Xatda tadbirkorning shikoyati oʻrganib chiqilishi hamda OAVda tarqalayotgan xabarlarni qonuniy va adolatli koʻrib chiqish soʻralgan.
Anjumanda Akmal Saidov uylarni noqonuniy buzilmasligini birinchi boʻlib Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz aprel oyida koʻtarib chiqqanini taʼkidladi, deb yozadi Daryo.uz.
“Xususiy uy muqaddas-ku, sudni qarorisiz uyni buzish mumkin emas. Bunga hokim janoblari qachon amal qiladi? Xoʻjayevning uyi buzib yuborilganda Ortiqxoʻjayev janoblari bilan kim uchrashuv tashkil qildi? Ortiqxoʻjayev menga murojaat qilib, rosa kesatdi-ku: “Janob Saidov menga xat yozdi”, deb. Men oddiy fuqaro kelsa ham yozaman, qabul qiling, deb aytdim, qabul qildi. Oʻshanda hammasi toʻxtab, qolganlar ham quloq solganda edi, hozirgi kundagi ahvolga kelmas edik. Hamma katta-katta rahbarlar Saidov shunaqa debdi deb, bir oy meni koʻzimni ochirmadi. Tadbirkor tugʻushgan qarindoshim emas, kelib: “Yordam bering, hokim meni qabul qilsa boʻldi, masalani tushuntirib beramanʻ, dedi. Xatda buzilishlar qonun doirasida boʻlishini yozdim. Qurishda qonun buzilgan boʻlsa, uyni buzish kerakdir? Lekin sud qarori bilan buzish kerak! Qurilish qoidalari buzilgan boʻlsa, u meni ishim emas, uni tartibga soluvchi ekspertizasi va boshqa tegishli idoralari bor. Lekin buzilgan uyning mablagʻini kim qaytaradi? Buzishga buzibsizlar, mayli, kompensatsiyasini toʻlab beringlar, quruvchi pul sarflagan-ku dedim”, — dedi Saidov.
Markaz rahbarining taʼkidlashicha, agar oʻsha vaqtda hamma bosh koʻtarib, bunga qarshi chiqqanida, balki hozirgidek Yakkabogʻdagi hokim oʻrinbosariga oʻt qoʻyishlar, Rishtondagi dod-voylar, Urganchdagi kabi katta eʼtirozlar boʻlmas edi.
“Gazak olib ketdi. Hech kim indamadi, faqat meni bir oy koʻzimni ochirishmadi. Agar oʻshanda toʻxtatilganda, boshqalar ham quloq solganda, hozirgi kundagi noxushliklar boʻlmasdi. Oʻzbekistonning xalqaro obroʻsiga katta dogʻ tushirgan harakatlarni bittasi shu boʻldi. Xalqaro darajaga chiqib ketishiga oʻzimiz sharoit yaratib berdik. Xususiy mulk daxlsiz boʻlmasa, xorijiy sarmoyador keladimi? Investor: “Oʻzbekistonda hozir qurilgan uy buzib tashlanayotgan ekan, qanday borman?”, deydi. Men chet elda ishlaganman, chet eldagi hamkasblar bilan muloqot qilaman, ularni qonunga, xususiy mulkka munosabatini bilaman-ku. Ertaga mulkini himoya qila olishiga ishonch beruvchi mustaqil sud va taʼziq oʻtkazmasliklariga asos kerak. Shunda Oʻzbekistonga birov keladi. Bitta odamning uyini buzishning katta siyosiy ahamiyati ham bor. Biz mamlakat miqyosida emas, xalqaro miqyosda fikrlashimiz lozim”, — dedi markaz rahbari.

Avvalroq tadbirkor Muhammadbobur Xoʻjayev va Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev uchrashuvidan soʻng Davlat soliq qoʻmitasi soliq qonunchiligini buzgani iddao qilingan tadbirkor ishini oʻrganishni boshlagani xabar qilingan edi. Lekin oʻrganish natijalari eʼlon qilingani yoʻq.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?