Akkumulyatorsiz “KamAZ”, oʻzi otar avtomat, suv ostida yuruvchi robot

11:06 27 May 2019 Jamiyat
316 0

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlari faoliyatiga zamonaviy ilmiy-texnik va ratsionalizatorlik ishlanmalarini kiritish maqsadida “Hech bir ijobiy gʻoya eʼtibordan chetda qolmaydi” shiori ostida “Techno discovery — 2019” festivali oʻtkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston armiyasida birinchi bor oʻtkazilayotgan bu turdagi keng koʻlamli festivalda uch yuzdan ortiq harbiy xizmatchilar oʻzlarining yangicha yondashuvlari asosida yaratgan ixtirolari, mavjud texnikalarga kiritgan oʻzgartirish va qoʻshimchalari, uzoq yillardan buyon foydalanilmasdan kelayotgan qurilmalarni zamon talablariga moslashtirgani bilan alohida ajralib turdi.

“KamAZ” yuk mashinasining bazasiga oʻrnatilgan ushbu punktni yaratishga 400 million soʻmga yaqin mablagʻ sarflangan boʻlib, bir yoki ikki kishi uni toʻliq ish jarayoniga tayyorlashiga 10 daqiqa sarflaydi. Uning yordamida videokonferensiyalarni ham hech qanday qiyinchiliksiz amalga oshirish mumkin. Ayni vaqtda mazkur mobil punktlar Mudofaa vazirligi tashkilotlarida ishlab chiqish yoʻlga qoʻyilmoqda.

Festivalning yana bir koʻzga koʻringan loyihalaridan biri bu — desantchining oʻquv-mashgʻulot kompleksi. Mazkur kompleks shaxsiy tarkibni parashyutdan sakrashga mukammal va ortiqcha xarajatlarsiz tayyorlashga moʻljallangan. Uning yordamida desantchining uchish apparatidan sakraganidan boshlab bajaradigan barcha amaliy harakatlarini yerning oʻzida toʻliq sinab koʻrish mumkin.

Festivalda harbiy-texnik sohaga oid ishlanmalardan tashqari hayotning barcha jabhalarida foydalanish uchun moʻljallangan innovatsion loyihalar ham ishtirok etdi.

Jumladan, suv ostida mustaqil harakatlanuvchi robot, 3D model orqali robot harakati dasturini avtomatik yaratish tizimi, odamning yuz qiyofasini tanish orqali u haqida maʼlumot berish dasturi, zararlangan hududlardan turli namunalarni olib keluvchi robot va boshqa koʻplab shu turdagi ixtirolar yigʻilganlarning qiziqishini yanada orttirdi.

Bir vaqtning oʻzida 4 ta akkumulyator batareyalarini zaryadlash imkoniga ega koʻchma batareya moduli esa nafaqat harbiy xizmatchilarga, balki uzoq yoʻlga otlangan boshqa kasb egalariga ham asqatishi shubhasiz.

Akkumulyatorsiz oʻt oladigan “KamAZ” yuk mashinasi, ming metrgacha uzoqlikdagi nishonga olishga yordam beradigan tungi koʻrish moslamasi, harbiy kadrlar bilan ishlashda individual yondashuvni kuchaytirishga moʻljallangan dasturiy taʼminot shu va boshqa turdagi koʻplab yangiliklar Oʻzbekiston armiyasi va harbiy xizmatchilarning kelajakdagi faoliyatiga yanada samara bagʻishlashiga ishonchimiz komil.

Festival yakunida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faollariga “Namunali xizmati uchun” koʻkrak nishonlari, ratsionalizatorlik ishlari bilan koʻpchilikning diqqatini tortgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvon va esdalik sovgʻalari topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?