Axmet Demir: Ota yurtimizga bo‘lgan muhabbat, o‘zbek xalqiga ishonch O‘zbekiston bilan investitsiyaviy hamkorligimizning bosh o‘zagidir

09:40 15 May 2018 Iqtisodiyot
566 0
Фото: Ҳасан Пайдоев, "Халқ сўзи".

O‘zbekistonda keyingi yillarda iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Buni sohadagi eng muhim o‘zgarish — qulay ishbilarmonlik hamda investitsiya muhiti yaratilgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Natijada iqtisodiyotimiz tarmoqlarining investitsiyaviy jozibadorligi ortib, bu, o‘z navbatida, xorijlik sarmoyadorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Xususan, Turkiya ishbilarmon doira vakillari o‘z biznes faoliyatini yurtimiz bilan bog‘lashga intilmoqda. Hamkorlikda yirik loyihalarga qo‘l urilayapti. “Demir Group” kompaniyasi rahbari Axmet DEMIR — shulardan biri.

Muxbirimiz mazkur mashhur investor bilan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi bugungi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalar, tadbirkor tomonidan hayotga tatbiq qilinayotgan loyihalar haqida suhbatlashdi.
— Bugun O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida yangi sahifa ochilayapti, — deydi u. — Buni nafaqat mamlakatingiz aholisi, balki biz, xorijlik investorlar ham ko‘rib, his etib turibmiz. Masalan, o‘zim dastlab bundan 26 yil ilgari yurtingizga kelib, biznes faoliyatimni boshlaganman... Ma’lum bir tanaffusdan so‘ng yana hamkorlik qilayotganimdan juda xursandman.

Agar oldingi hamda bugungi holatni xolis taqqoslaydigan bo‘lsak, o‘zgarishlar juda katta. Buni ko‘pchilik duch kelgan, lekin unchalik ahamiyat bermaydigan bir misol bilan tushuntirsam.
Gap shundaki, ilgari davlat ostonasiga qadam qo‘yarkansiz, bojxona nazoratidagi mas’ullar muomalasi odamni sarosimaga solar, ular sizga shubha bilan, nega kelding, degan nazarda qarayotgandek tuyulaverardi. Aslida, o‘zbeklardek xushmuomala, odamoxun xalq dunyoda yo‘q. Bu soha vakillarining qonida ham ana shunday fazilat, o‘zbekona lutf bor ekan. Buni endi-endi ko‘rayapmiz. Ularning nazoratidan o‘tish uchun atigi 3 daqiqa kifoya qilayotgani esa kutilmagan hodisa. Tizimdagi bu o‘zgarishlardan juda-juda mamnunman. Shu kabi yangilanishlar butun mamlakat haqidagi qotib qolgan eski tasavvurlarni butunlay o‘zgartirmoqda.

Yoki bo‘lmasa, viza tizimidagi o‘zgarishlarni olaylik. Bundan 2 yil oldin O‘zbekistonga vizasiz borib kelasiz, desa, hech kim ishonmasdi. Xuddi shuningdek, valyuta siyosatining liberallashtirilgani, chet ellik investorlarning faoliyati huquqiy jihatdan kafolatlangani — bularning barchasi turkiyalik investorlar e’tiborini tortmoqda.

Фото: Ҳасан Пайдоев, "Халқ сўзи".

— Sizning biznes faoliyatingizni O‘zbekiston bilan qayta bog‘lashingizga nima turtki bo‘ldi?
— Ota yurtimizga bo‘lgan muhabbat, o‘zbek xalqiga ishonch. Inson yaxshi ko‘rmagan joyida yasholmaydi. Bu aniq. Chidam bilan ishlash esa mumkin emas. Odam ishonch paydo bo‘lgan, ertasidan ko‘ngli to‘q joydagina hadiksiz, rohatlanib ishlaydi.

Yashirishning hojati yo‘q, avvallari o‘zbek do‘stlarimizda ham biznesga sarmoya kiritishda ikkilanishlar bo‘lardi. Bugun uning o‘rnini qat’iyat egallab, keyingi bir yarim yilda xalq harakatga tushib ketdi. Bu esa bizga kuch-quvvat, jasorat beradi. Prezidentga, islohotlarga ishonchni kuchaytiradi.

Bizning ofisimizga Turkiyadan deyarli har kuni mehmonlar keladi. Shu jihatdan, u qurilish idorasidan ko‘ra, ko‘proq biznes markaziga o‘xshaydi. Yurtdoshlarimga o‘z tajribamdan kelib chiqib, maslahatlar beraman, yo‘l-yo‘riq ko‘rsataman. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida biznes yuritish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlaru imtiyozlardan xabardor etaman.
Demoqchi bo‘lganim, turk ishbilarmon doiralarida kuchli hayajon, hamkorlikka ishtiyoq bor. O‘ylaymanki, buning samarasi yaqin olti oy, uzog‘i bilan bir yilda ko‘zga yaqqolroq tashlana boshlaydi.

— “Chorsu” mehmonxonasini qayta rekonstruksiya qilish va zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmuasini barpo etish loyihasiga sarmoya kiritayapsiz. Nega aynan mehmonxona biznesiga qo‘l urayapsiz?
— O‘zbekiston butun dunyo mamlakatlariga eshiklarini ochmoqda. O‘z navbatida, chet davlatlar yurtingiz timsolida ishonchli hamkorni ko‘rayapti. Bu esa boshqa sohalar qatorida turizm istiqboliga keng yo‘l ochadi. Bunday sharoitda mehmonxona biznesini rivojlantirish, sifatli xizmat ko‘rsatish o‘sha mamlakat imidji uchun o‘ta muhim. Masalan, Turkiyada ayni paytda 1,5 million o‘rinli mehmonxonalar tizimi mavjud. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 40 mingtaga yaqin ekan.

To‘g‘ri, raqamlar yil sayin oshib borayapti. Ammo yurtingizning bugungi turistik salohiyati uchun bu juda past natija. Bugungi real ehtiyoj uni kamida 500 mingtaga yetkazishni taqozo qiladi. Ana shu talabdan kelib chiqib, biz mazkur loyiha ijrosiga kirishdik. Davlatingiz rahbari tomonidan 2017 yil 7 sentyabrda imzolangan Toshkent shahrida “Eski shahar” turistik zonasini tashkil etishga oid qaror ishimizni jadallashtirib yubordi.

Фото: Ҳасан Пайдоев, "Халқ сўзи".

— Ayting-chi, “Chorsu” mehmonxonasini qayta ta’mirlash loyihasining umumiy qiymati qancha? Mehmonxona mijozlariga eshiklarini qachon ochadi?
— Qiymati 33 million AQSh dollariga teng loyihamiz hujjatlarini tayyorlash hamda qurilish-ta’mirlash ishlarini yakunlash ikki yilga mo‘ljallangan. Ya’ni 2019 yil oxiriga qadar ob’ektni to‘liq ishga tushirish niyatidamiz. Lekin umumiy maydoni 34 ming kvadrat metrlik binoni zamonaviy qiyofaga keltirish oson ish emas. Chunki elektr energiyasi, ichimlik suvi kabi muhandislik tarmoqlaridan uzilgan, lifti yo‘q 24 qavatli bu inshootni axlat uyumlaridan tozalab, tartibga keltirishga, ishonasizmi, olti oy kerak bo‘ldi. Shundan so‘ng bino texnik holatini ekspertiza qilish ishlariga kirishildi. Hozirgi paytda bu yumushlar to‘liq yakunlanib, me’morlar tomonidan qayta ta’mirlash bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi.

— Odamlar orasida “Mehmonxona binosi qiyshiq, bir tomonga og‘gan”, degan gap-so‘zlar ham yuribdi. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, bu qanchalik haqiqatga yaqin?
— Avvalo, shuni aytish joizki, ushbu mehmonxona binosi nafaqat O‘zbekiston, balki Hamdo‘stlik davlatlari orasida noyob hisoblanadi. Ma’lumotlarga qaraganda, uning loyihasi Moskvada tayyorlanib, ikkita shahar — Minsk va Toshkentda barpo etilgan. Muhandislarning xulosasiga ko‘ra, u boshqa binolardan tubdan farq qiladi. Ayniqsa, zilzilabardoshligi bilan alohida ajralib turadi.

U to‘rt qismdan iborat bo‘lib, markazdagi asos atrofida uchta har biri mustaqil bino tiklangan. Ular xuddi qal’alar singari o‘ta mustahkam. Eng muhimi, juda yaxshi saqlangan, hech bir qismi qiyshaymagan. Texnik xulosalar uning yana uzoq yillar xizmat ko‘rsatishidan dalolat berayapti. 
Toshkentning qoq markazidagi mehmonxonani oddiy, shunchaki ta’mirlab bo‘lmaydi. Keyingi yillarda qurilgan ayrim mehmonxonalarni poytaxtliklar ham bilmasligi mumkin. Ammo bu binoni salkam 33 million kishilik O‘zbekiston aholisi orasida eshitmaganlar kam topiladi. Shu bois unga qayta hayot bag‘ishlash ishlariga jiddiy yondashib, jahonda ushbu jabhadagi xizmatlari bilan dong qozongan, 1,1 million o‘rinli mehmonxona tarmoqlariga ega “Marius” kompaniyasi mutaxassislari ko‘magida mukammal loyiha yaratildi.

Фото: Ҳасан Пайдоев, "Халқ сўзи".

Mehmonxona peshtoqiga nechta yulduz taqiladi? Bir paytda necha kishiga xizmat ko‘rsatiladi?
— Mehmonxona kamida to‘rt yulduzli bo‘lib, 350 ta xonadan iborat bo‘ladi. Xorijlik hamkorlarimiz bunday yirik inshootda namunali xizmat ko‘rsatish uchun 2 gektarlik maydon kamlik qilishini aytishdi. Shundan so‘ng biz Toshkent shahar hokimiyati va boshqa mutasaddilarga qo‘shimcha yer maydoni ajratish bo‘yicha murojaat qildik. Natijada yana 3 gektar yer qo‘shib berilayapti.

Bu joyda xalqaro mehmonxonalardagi barcha shart-sharoit yaratiladi. Ochiq va yopiq hovuz, tennis korti, yirik anjumanlar, tantana hamda marosimlar o‘tkaziladigan muhtasham zal, ishbilarmonlar uchun doimiy faoliyat ko‘rsatiladigan har xil sig‘imdagi konferensiya zallari o‘rin oladi.
Loyihamizning yana bir yangiligi shundaki, mehmonxonaga tutash hududda Hunarmandlar majmuasi tashkil etiladi. Bu yerda 22 ta hunarmandlik markazi faoliyat yuritadi. Ya’ni zargarlar, yog‘och o‘ymakorlari, kandakorlar, naqqosh, rassom va xattotlar shu yerda ishlashi, mahsulotlarini sotishi uchun zarur shart-sharoitga ega bo‘lishadi. Eng muhimi, Prezident qarori bilan bu yerda ishlaydigan hunarmandlarga 7 yillik soliq imtiyozlari berilishi ko‘zda tutilayapti.

Majmuada bundan tashqari, ikki qavatli uchta bino tiklanadi. Ulardan bittasi chet ellik investorlar uchun ofis vazifasini o‘taydi. Ya’ni mehmonxonaga joylashgan ishbilarmonlar shu yerda mehnat faoliyatini olib borishi, o‘z mahsulotlari taqdimotini o‘tkazishi mumkin. O‘z navbatida, o‘zbekistonlik fermer hamda tadbirkorlarga xorij mahsulotlari bilan tanishish, o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilish, hamkorlar topish uchun biznes muloqot maydoni vujudga keladi.

Binolardan yana biri “Cover work center” bo‘lib, u yosh tadbirkorlar uchun ajratilsa, uchinchisida oilaviy mehmonxona tashkil etiladi. Har biri uch xonali mo‘’jaz boshpanalarda mehmonlar o‘zini xuddi o‘z xonadonidagidek his qilishi uchun uy sharoitidagi barcha narsalar muhayyo etiladi.

— Sizni xalqimiz savdo sohasidagi xizmatlaringiz orqali yaxshi taniydi. Kelgusida ushbu jabhada ham yangi loyihalarni amalga oshirish niyatingiz bormi?
— Albatta. Ammo biz ishni eng muhimlaridan boshlayapmiz. Ayni paytda mehmonxonani ta’mirlashdan tashqari, turizm sohasidagi yana bir yirik loyiha — Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan avtomobil yo‘llari atrofida zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish tizimini tashkil etish ustida ishlayapmiz. Unga ko‘ra, 12 ta joyda, yo‘lning ikki tarafida jami 24 ta majmua bunyod etiladi. Unda avtomobillarga yonilg‘i quyish, transportlarga texnik xizmatlar ko‘rsatish shoxobchalari, minimarket, kemping o‘rin oladi. Ular ziyorat turizmi sayyohlari talablari darajasidagi shart-sharoitlarga ega bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra, majmualarning har biri 1 gektar joyda bunyod etiladi. Buning uchun umumiy hisobda taxminan 35 — 70 million dollar atrofida sarmoya kiritishni rejalashtirganmiz. Zero, u nafaqat xayrli, balki foydali, ayni chog‘da, turizm ravnaqiga xizmat qiladigan istiqbolli loyihadir.

Xuddi shunday loyihalarni tezlik bilan ishga tushirish kerak. Chunki avtomagistralda servis xizmatlarini rivojlantirmasdan turib, turizmni taraqqiy toptirib bo‘lmaydi. Holbuki, tarixiy, ziyorat turizmi borasida O‘zbekistonda mavjud imkoniyat dunyoning boshqa davlatlarida yo‘q. Ayniqsa, musulmon olami uchun yurtingiz Makka va Madinadan keyingi muqaddas zamin hisoblanadi.

Qolaversa, tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar bus-butun saqlab qolingan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qarshiga boring, o‘zingizni o‘tmishda yurgandek his qilasiz. Turkiyaning ham tarixiy shaharlari ko‘p. Ammo u yerda o‘sha davr ruhiyatini sezmaysiz. Sababi, ularni zamonaviy binolar qurshab olgan.

Biz qo‘l urayotgan loyihalar mavjud ichki imkoniyatlardan unumli foydalanish, turizmni rivojlantirish, investitsiyalar oqimini ko‘paytirish orqali iqtisodiyot ravnaqiga xizmat qiladi. Bu borada o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda yana ko‘plab loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.
«Xalq so‘zi» muxbiri
Said RAHMONOV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?