Axir imtiyoz beriladi, kreditni toʻlashni kechiktirish mumkin deyilgandi-ku?

18:18 02 Iyul 2020 Iqtisodiyot
801 0

Soʻnggi paytlarda ipoteka krediti boʻyicha aholida koʻplab savollar paydo boʻlmoqda. Ulardan biriga Markaziy bank javob berdi.

Savol: Ipoteka krediti olganman. Karantin vaqtida toʻlovlar qila olmagandim. Hozir bankimdan telefon qilishib, iloji boricha oʻsha oylar uchun ham qarzdorligimni yopishni talab qilishyapti. Axir imtiyoz beriladi, kreditni toʻlashni kechiktirish mumkin deyilgandi-ku?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5978-sonli farmoniga muvofiq, Markaziy bank tomonidan kredit tashkilotlariga koronavirus pandemiyasi oqibatida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan mijozlarning kreditlari boʻyicha asosiy qarz va unga hisoblangan foizlarning muddatlarini uzaytirish yuzasidan qator tavsiyalar berilgan.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank nazorati qoʻmitasining 213/1-sonli majlis bayoniga asosan barcha kredit tashkilotlariga pandemiya natijasida aholi va tadbirkorlik subyektlarining kredit toʻlovlari bilan bogʻliq risklarni puxta oʻrganib chiqib, mijozning pul oqimi va moddiy mablagʻlari asosiy qarzni yoki asosiy qarz va foiz toʻlovlarini toʻlashga yetmagan taqdirda, kredit muddatini uzaytirish koʻrsatib oʻtilgan.

Pandemiyaga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilgan davrda barcha kredit tashkilotlari kreditlar boʻyicha asosiy qarz va unga hisoblangan foiz toʻlovlari toʻlov muddati oʻtganligi yoki uzaytirilganligi uchun mijozlarga jarima choralari qoʻllanilmasligi va undiruv garov taʼminotiga qaratilmasligi belgilangan.

Jismoniy shaxslar olingan kreditlarning uzaytirilgan muddati haqidagi maʼlumotni kredit ajratgan tijorat banklaridan olishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, jismoniy shaxslar pandemiya natijasida pul oqimlari va moddiy mablagʻlari kamayganligini asoslantiruvchi izoh hamda karantin davri yakunlangandan soʻng oʻrnatilgan tartibda kredit shartnomasiga kiritiladigan oʻzgartirishlarni qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirish yuzasidan oʻzining majburiyatini qayd etgan asosda murojaatnoma kiritganda, ularning murojaatlari kredit tashkilotlari tomonidan qayd etib oʻtilgan tartiblarga muvofiq qanoatlantiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?