“Axborot”ni koʻrsatishmayotgandi yoxud chiroqning muhim yangiliklar vaqtida oʻchirilayotgani xususida

16:09 04 Mart 2019 Jamiyat
620 0

Illyustrativ foto

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifining birinchi kunida Toʻraqoʻrgʻon tumanida qurilayotgan yirik issiqlik elektr stansiyasini borib koʻrdi. Mazkur obyekt yaqin oylarda ishga tushgach, vodiyda elektr taʼminoti butunlay yaxshilanishi alohida taʼkidlandi.

Mamlakatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifidan oldin elektr energiyasi bilan bogʻliq manzara esa quyidagicha edi…

Kechki soat 9.00 (21.00) da “Oʻzbekiston” va “Oʻzbekiston24” telekanallari orqali “Axborot” informatsion dasturini oilaviy boʻlib koʻrish odat tusiga aylangan.

Toʻrt yarim yoshli oʻgʻlim ham bunga koʻnikkan (uni “Axborot”ni tomosha qiladigan sanoqli kichkintoylar qatoridasan, ertaga bogʻcha opangga televizorda yangiliklarni, Prezidentni koʻrganingni aytasan”, keyin “Bolajon”dagi akalarga tayinlayman, zoʻr multfilm qoʻyib berishadi, deya qiziqtiraman), tizzamga oʻtirib olib, “zangori ekran”ga tikiladi. Turmush oʻrtogʻim ham shu vaqtda kanalni “Oʻzbekiston”ga shay qilib turadi. Ota-onam esa bu paytda meni bezovta qilishmaydi. Ertalab yurt yangiliklarini dasturxon atrofida muhokama qilamiz...

Lirik chekinish sal choʻzilib ketgandek... Ammo... ochigʻini aytsam, shunday fayzli damlarni tobora qoʻmsab boryapmiz. Bunga esa viloyat va tuman elektr tarmoqlari korxonasi mutasaddilari, toʻgʻrirogʻi, ularning faoliyatidagi beqarorlik aybdor. Aslida, salga noliyveradigan “kasalim” yoʻq. Lekin ikki oydan buyon roppa-rosa 21.00 da va ertalabki 8.00 da chiroq oʻchadi (25 fevralgacha).

Xullas, xuddi shu soatlarda, yaʼni “Axborot” boshlanishi bilan lampochka “bopladimmi?” deganday koʻzini bir qisadi-yu, fonarga oʻrnini boʻshatadi. “Eh!” deyman-da, elektrchilarning goʻriga gʻisht qalamayman. Fursatdan foydalanib, telefonimdagi oʻqishga ulgurmagan xabarlarni va sumkamdagi bir dasta gazetalarni oʻqishga tushaman. Ibratbekning ham poshsho koʻngliga qarash esdan chiqmaydi. U uchun onasi bilan birga uy sharoitidagi teatr tomoshasini uyushtiramiz. Oʻzimizni aslo xafa qildirib qoʻymaymiz. Mayli, “Axborot”ni ertalab ishga ketishdan oldin koʻrarman, deyishimga uyimiz birdan yorugʻlashadi. Bolajon xursand, “Axborot” esa tugagan...

Tongda uygʻoniboq tok borligini bilib, sal xotirjam boʻlaman. Yaxshi kayfiyatda nonushta qilib, yana televizorga termilaman. Ana, “Axborot” boshlandi. Iiii, undan uyogʻi, sezganingizdek, sizga maʼlum, chiroq lip etib, ataylab oʻchakishganday oʻchiriladi. Xullas, shunday qilib, kechagi kunning eng muhim xabarlarini kuzatolmadim. “Shunga shunchalikmi, buning nimasi fojia?!” deganlar eʼtiboriga hali mulohazalarim bor.

Yanvar oyidan beri shu ahvol. Yoʻq, undan ham oldinroq ekan. Ochigʻi, bu haqda indamay yurgandim. 2018 yilning 28 dekabr sanasi. Kunduzgi soat 10.00. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllaydigan Murojaatnomasi toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatila boshlandi. Bir ozdan soʻng “svet” yoʻqoldi, ekran va dil qorongʻilashdi. Darrov viloyat elektr tarmoqlari korxonasining navbatchilik qismiga qoʻngʻiroq qildim. Dispetcherga Namangan tumanining Shoʻrqoʻrgʻon qishlogʻidan fuqaro sifatida murojaat etdim, jurnalistligimni ham qistirib oʻtdim. Asosiysi, bunday muhim pallada chiroqning oʻchirilishi umuman mumkin emasligini uqtirdim. Jon kuydirib aytganlarim zoye ketdi, tok kelishini anchagacha kutib oʻtirdim. Ora-orada “oʻsha”lar bilan bogʻlandim, aloqa band.

Ishxonadagilarni ogohlantirgandim, ularning rejasi ham meniki bilan bir xil. Haftalik gazetamizni chiqarib boʻlganmiz, boʻshagandik. Kimdir ishxonada, yana biri kafeda, kamina esa uyda “sharoit” yaratgandik. Aniqrogʻi, Prezidentning tarixiy nutqini hamkasblar qulay joyda qarshi olishga kelishgandik. Muharririmiz esa Namangan shahar hokimligining onlayn video studiyasida, ularda tok uzilarmidi?!

Siz “Mazkur Murojaatnoma bilan onlayn tarzda internetda, keyinroq esa matbuotda tanishishingiz mumkin-ku?” deya aytishingiz rost. Ammo jurnalist sifatida oʻz vaqtida bu maʼruzani diqqat bilan eshitishimiz, qayd daftarimizga yozib olishimiz shart. Men esa chiroqning aniq oʻchmasligiga ishongandim-da. Boshqalardan bilsam, qoʻshni tumanlarda ham shu vaqt oraligʻida elektr simlari toksiz rejimda boʻlgan.

Xoʻp, bu Murojaatnoma matnini kechroq batafsil oʻqib chiqdim ham, deylik. Gazeta oʻqimaydigan aksariyat oddiy xalq-chi, agar oʻshanda chiroq oʻchmaganida ular ham bunday dolzarb chiqishlarni tomosha qilisharmidi, bir-birlarini ruhlantirisharmidi... Prezident soʻzlari, ulkan islohotlar faqat hokimiyatda ishlovchi va maʼlum rahbarlarga tegishli emas-ku, axir katta maqsad xalq farovonligiga qaratilgan, odamlar buni bilishi darkor-ku?!

“Axborot” informatsion dasturi ijodkorlari ham shunday niyat bilan koʻrsatuvni tayyorlashadi. Boʻpti, turli bemaza turk seriallari qoʻyilayotganida “svet”ni uzishsin oʻsha baraka topkurlar, bu ish koʻpchilikka maʼqul tushardi.

Taʼkidlamoqchimanki, chiroqni qachon oʻchirish yoki oʻchirmaslik boʻyicha elektr taʼminotidagi mutaxassislarni bir “oʻqitvorish” kerak, shekilli. Ularning siyosiy savodxonligini oshirish yuzasidan teledasturlardan xabardor qilishga, “Axborot” koʻrishga undash zarurga oʻxshaydi!..

Orifjon Jo‘rayev, jurnalist.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?