Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi hisobotlari eshitildi

18:15 31 Oktyabr 2019 Jamiyat
238 0

2019-yil 31-oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan 2019-yilning 9 oyida amalga oshirilgan ishlar natijalari boʻyicha hisobot eshitildi.

Majlisda Qoʻmita aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining joriy yil 9 oyidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, 2019-yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga 40 ta maqsadli vazifa yuklatilgan. Ularni amalga oshirish borasida vazirlik tomonidan izchil ishlar olib borilgan.

Jumladan, chet el investorlarini dasturiy mahsulotlar sohasida qoʻshimcha loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish maqsadida joriy yilning sentyabr oyida “ICTWEEK Uzbekistan 2019” AKT haftaligi oʻtkazildi. Mazkur tadbir doirasida “DIGITAL UZBEKISTAN” AKT forumi, “ICTEXPO” koʻrgazmasi, “Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarda axborot texnologiyalari va innovatsion rivojlanish” forumi tashkil etilib, Birlashgan Arab Amirliklari bilan birgalikda “mGowAward” respublika tanlovi eʼlon qilindi.

Aloqa va axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchi xorijiy mamlakatlar (Belarus va Hindiston) oliy oʻquv yurtlari bilan qoʻshma fakultetlarni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tuzilmasida Oʻzbek-Belarus qoʻshma fakultetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, 2019/2020 oʻquv yilida yangi yoʻnalish boʻyicha 505 nafar yigit-qizlar talaba boʻldi.

Bundan tashqari, 1-band boʻyicha investitsiya dasturi doirasida III-IV choraklarda bajarilishi lozim boʻlgan “Optik tolali aloqa liniyalarini qurish”, “Radiochastota spektri monitoringi tizimini kengaytirish va rivojlantirish”, “Magistral va multiservis transport tarmogʻini kengaytirish” loyihalari amalga oshirilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, majlisda vazirlik faoliyatidagi kamchiliklar ham tahlil qilindi va shundan kelib chiqib, bir qator tavsiyalar bildirildi. Xususan, magistral telekommunikatsiya transport tarmoqlarini kengaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyiha doirasida qurilmalarni respublikaga keltirish va joylarda oʻrnatish ishlarini jadallashtirish lozimligi taʼkidlandi. Shuningdek, joriy yilda optik tolali aloqa liniyalari qurilishini 10 ming kilometrga yetkazish choralarini koʻrish zarurligi, bunda olis qishloq aholi maskanlari va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga alohida eʼtibor qaratish kerakligi qayd etildi.

Davlat bojxona qoʻmitasining joriy yil toʻqqiz oyi davridagi faoliyati senatorlar muhokamasining yana bir masalasi boʻldi. Xususan, ushbu tuzilmaga 2019-yilda maqsadli vazifalarni bajarish yuklatilgan boʻlib, shundan 22 tasining muddati 2019-yilning I-III choraklari etib belgilangan. Ularning aksariyati amalga oshirilgan boʻlsa-da, belgilangan vazifalardan 2 tasi yakuniga yetkazilmaganligi aniqlandi.

Jumladan, joriy yilning III choragida “Yallama” bojxona posti hududiga tutash joyda “yagona darcha” tamoyili asosida faoliyat olib boradigan zamonaviy bojxona terminalini qurish ishlarini boshlash vazifasi belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan tarmoq jadvaliga muvofiq 2019-2020-yillarda “Yallama” bojxona postiga tutash hududlarda bojxona terminali qurish uchun “Euroasia Transportation and Logistics Company” MCHJ XK Toshkent viloyati hokimligi tomonidan shartli ravishda potensial investor deb topilgan va bojxona postiga tutash hududlarda bojxona terminali qurish uchun yer uchastkasi ajratilgan. Sentyabr oyida Davlat bojxona qoʻmitasida investorlar bilan uchrashuv oʻtkazilib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar belgilab olingan boʻlsa-da, terminalni qurish ishlari boshlanmagan.

Shuningdek, bojxona yuk deklaratsiyalarini bojxonada rasmiylashtirish vaqtini 3 kundan 1 kunga qisqartirish lozimligi belgilangan. Biroq bu masalaga doir normativ-huquqiy hujjat bugungi kunga qadar qabul qilinmagan.

Shu bilan bir qatorda majlisda Davlat bojxona qoʻmitasi faoliyatida aniqlangan kamchiliklar atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar bildirildi.

Majlisda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?