Axborot xizmati xodimlarini nima bezovta qilmoqda?

14:14 23 Iyul 2018 Jamiyat
277 0
Illyustrativ foto

Shu yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari axborot xizmatlari tomonidan markaziy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarida 3 ming 300 dan ortiq chiqishlar tashkil qilindi.

“Bu boradagi ko‘rsatkichlar, raqamlar o‘z yo‘liga. Ammo, ushbu materiallarning xalqchilligi, ommabopligi va ta’sirchanligi qay darajada, degan g‘oyat muhim hayotiy savol biz, axborot xizmati xodimlarini bezovta qilmoqda” — deydi qo‘mita bo‘lim boshlig‘i N. Salomov.

Davlat bojxona qo‘mitasi va O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda “Davlat bojxona xizmati organlarida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishning dolzarb masalalari” mavzuida tashkil qilingan seminar-treningda muhokama etildi.

Tinglovchilarga deputatlar, blogerlar va shu sohadagi professional ekspertlar tomonidan axborot xizmatlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, matbuot xizmatlari faoliyatini belgilovchi asosiy qonun hujjatlari va ularning muhim xususiyatlari, bojxona organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, internet uchun materiallar tayyorlash va ularni joylashtirish usullari, PR-kommunikatsiyalar modellari kabi bir qator dolzarb mavzularda amaliy mashg‘ulotlar o‘tildi.

Prezidentimizning tegishli qarori asosida Davlat bojxona qo‘mitasining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi va uning hududiy boshqarmalardagi guruhlari qayta tashkil etildi. Ilgari bu kabi shtat birliklariga ega bo‘lmagan Jizzax, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida ham axborot xizmatlari ochildi.

Seminar doirasida jurnalistlar bilan axborot xizmatlari xodimlari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining yangi uchib kelish zaliga press-tur ham uyushtirildi.

Rahim SHЕRQULOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?