Ayrim tumanlarda qoʻlda terilgan paxta uchun ustama haq toʻlanadi (roʻyxat)

14:12 09 Sentyabr 2020 Hujjatlar
205 0

“2020-yil paxta hosilini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2020-yilda yetishtirilgan paxta xomashyosi yigʻim-terimini tashkil etishda:

mashinada terilgan 1 t paxta uchun – 920 000 soʻm xizmat haqi toʻlash;

qoʻlda terilgan 1 kg paxta uchun birinchi terimda – 1000 soʻmdan, ikkinchi terimda – 1400 soʻmdan kam boʻlmagan mehnat haqi toʻlash;

paxta-toʻqimachilik klasterlari va kooperatsiyalari ushbu narxlardan kam boʻlmagan holda mustaqil narx belgilashlari;

paxta xomashyosi uchun mehnat va xizmat haqini har 5 kunda, zarurat boʻlganda, har kuni toʻlash tavsiya etildi.

Qarorga muvofiq, ishsiz hamda vaqtinchalik band boʻlmagan aholidan iborat terim otryadlari rahbarlari bilan mavsumiy ishga qabul qilish boʻyicha fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuziladi hamda terim otryadlari rahbarlariga paxta xomashyosi yigʻim-terimi yakuniga qadar 2 million soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mehnat haqi toʻlanadi.

Paxta-toʻqimachilik klasterlari va kooperatsiyalariga paxta xomashyosini terib olishi uchun yillik 16 foiz stavkada (shundan 1 foiz bank marjasi) kredit ajratish maqsadida uch oy muddatda qaytarish sharti bilan “Agrobank” ATB depozitiga 1,3 trillion soʻmgacha mablagʻlar joylashtiriladi.

Paxta-toʻqimachilik klasterlari va kooperatsiyalar hamda fermer xoʻjaliklari tomonidan xorijdan olib kelinadigan yuqori unumli paxta terish texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2021-yil 1-sentyabrgacha bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinadi va “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini 270 kungacha boʻlgan muddatga kechiktirib toʻlashga ruxsat beriladi.

Quyidagi tumanlarda qoʻlda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun tavsiya etilgan tarif stavkasiga davlat byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan 200 soʻmdan ustama haq toʻlanadi:

➖ Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlari;

➖ Qoraqalpogʻistonning Qonlikoʻl, Qoraoʻzak, Kegeyli, Qoʻngʻirot, Taxtakoʻpir, Xoʻjayli, Shumanay, Chimboy va Nukus tumanlari;

➖ Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlari;

➖ Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlari.

Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari taʼlim, sogʻliqni saqlash tashkilotlari va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini hamda taʼlim muassasalari oʻquvchilari va talabalarini paxta xomashyosi yigʻim-terimiga jalb qilish holatlarining oldini olish va bunga chek qoʻyish yuzasidan shaxsan masʼul ekanliklari belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?