Ayrim musiqalar talabalarga imtihonlarni yaxshi topshirishga yordam beradi. Ular qaysilar?

19:54 11 Aprel 2020 Lifestyle
454 0

Illyustrativ foto

Imtihon kuni arafasida mumtoz musiqa tinglaydigan talabalar imtihonlarni yaxshiroq topshirishadi.

Xuddi shunday xulosaga AQSH milliy ilmiy jamgʻarmasi va Beylor universiteti olimlari tomonidan olib borilgan kuzatishlar yakunida kelindi, deya yozmoqda Technology Networks.

Tadqiqotga 18 yoshdan 33 yoshgacha boʻlgan 50 nafar talaba jalb etilgan. Ularga onlayn dars paytida Betxovenning “Oy” sonatasining birinchi qismidan, Vivaldining “Fasllar” siklidan “Bahor” hamda shu kabi taniqli kompozitorlarning klassik asarlaridan parchalar qoʻyib berildi.

Shundan soʻng kechasi Beylor universitetining uyqu laboratoriyasida olimlar kompyuter va elektrodlar yordamida talabalarning uyqu rejimini kuzatishdi va chuqur uyqu ketgan talabalarning yarmiga 15 daqiqa davomida yana mumtoz musiqa qoʻyib berishdi. Tajribaning qolgan ishtirokchilari esa odatiy sharoitda uxlashdi.

Natijada olimlar klassik vals va sonatalarni tinglaganlar ertasi kuni ertalab imtihonni 18 foizga yaxshiroq topshirishganini qayd etishdi.

Beylor universitetining uyqu laboratoriyasi direktori hamda falsafa fanlari doktori Maykl K. Skallin tajriba jarayonida nima uchun aynan mumtoz musiqadan foydalanilganligiga izoh berar ekan, jazz yoʻnalishi ishtirokchilarni choʻchitib, uygʻotishi mumkinligini, pop yangi narsalarni oʻrganishdan chalgʻitishini, tabiiy, yaʼni tabiatdagi tovushlar esa aksincha, ishtirokchilar tomonidan sezilmay qolishi mumkinligini aytgan.

Oldinroq musiqaning foydali xususiyatlari olimlar tomonidan bir necha bora isbotlangan. Masalan, shveysariyalik olimlar musiqa erta tugʻilgan chaqaloqlarning miyasini, xususan, goʻdaklarning nerv tolalari yaxshi rivojlanishida samarali ekanligi aniqlashgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?