Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda xalqaro kuryerlik joʻnatmalarining bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha chop etilgan maqola yuzasidan munosabat

14:13 19 Sentyabr 2019 Jamiyat
58 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 166-moddasiga asosan xalqaro kuryerlik joʻnatmalari orqali yuboriladigan hamda bojxona chegarasidan olib oʻtiladigan tovarlar bojxona nazoratidan oʻtishi kerak.

Xalqaro kuryerlik joʻnatmalari bojxona nazoratini amalga oshirmasdan qabul qiluvchilarga berilishi yoki bojxona hududidan tashqariga joʻnatilishi mumkin emas.

2016-yildan buyon xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining bojxona nazorati “Boshpochtamt” bojxona posti tomonidan ikki manzilda amalga oshirib kelinmoqda.

Xalqaro kuryerlik joʻnatmalarining hajmi yil sayin ortib bormoqda. Raqamlarga murojaat etsak, 2016-yilda 2 ming 703 tonna boʻlgan boʻlsa,

2018-yilda 7 ming 463 tonnani tashkil qildi. Joriy yilning oʻtgan 7 oyida esa bu koʻrsatkich 4 ming 144 tonnaga yetdi.

“Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatining “Xalqaro pochta” filialida joy yetishmasligi sababli, xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazoratidan oʻtkazish uchun boshqa joy tayinlanishi boʻyicha taklif kiritilgan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-iyuldagi PQ-3873-sonli qaroriga asosan xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi Toshkent xalqaro aeroportiga yaqin hududda joylashgan (taxminan 1 km) “SPT Pochta” MCHJ binosida hamda Navoiy xalqaro aeroportida amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyilgan.

Taʼkidlash oʻrinliki, “SPT Pochta” MCHJ tomonidan xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish uchun moʻljallangan barcha sharoitlarga ega boʻlgan yangi zamonaviy terminal qurib foydalanishga topshirilgan.

Ammo Navoiy xalqaro aeroporti hududida joylashgan binoda xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazoratidan oʻtkazish uchun shart-sharoitlar yaratilmagan va bu tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga koʻplab noqulayliklar tugʻdirmoqda.

Shu sababli bu yerga kelayotgan xalqaro kuryerlik joʻnatmalarining bojxona nazoratidan oʻtkazilishi vaqtincha Toshkent shahrida joylashgan “Bosh pochtamt” TIF bojxona postida amalga oshirilmoqda.

Masalaning yana bir jihati kuryerlik tashkilotlari soni ortib borayotganligi (hozirgi paytda 120 tadan ortdi) va ularning ayrimlari tomonidan noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanish holatlari aniqlanayotganligidir.

Ular tomonidan olib kelinayotgan kuryerlik joʻnatmalarining aksariyati (70 foizdan ortigʻi) yangi kiyim-kechaklar va oyoq kiyimlarni oʻrtacha 20-30 kilogrammlik karobkalarga har xil shaxslar nomiga yuborilayotganligi maʼlum boʻlmoqda. Ular hududimizga kiritilganidan soʻng, “nomaʼlum joy”larda toʻplanib, qayta jamlanib, ichki bozorlarga sotish uchun tarqatilmoqda. 2019-yil 8 oyida kuryerlik tashkilotlari tomonidan tovar moddiy boyliklarini noqonuniy oʻtkazish bilan bogʻliq 615 million soʻmlik 126 ta (6 ta jinoiy ish) holat aniqlandi.

Davlat bojxona qoʻmitasi tizimida kuryerlik tashkilotlari faoliyatiga hech qanday noqonuniy toʻsiqlar qoʻyish holatlari mavjud emas. Aksincha aholiga qulaylik yaratish, bu turdagi faoliyat yoʻnalishlarini amalga oshiruvchilarga qonunchiligimiz asosida xizmatlar koʻrsatib kelinmoqda. Xususan, ular tomonidan olib kelingan joʻnatmalarning tijorat maqsadida deb topilgan tovarlar boʻyicha 2019-yilning 8 oyida 37,6 milliard soʻm bojxona toʻlovlari undirib, davlat byudjetiga oʻtkazilgan.

Davlat bojxona qoʻmitasi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?