Ayrim hududlarda 1 kg paxta terimi uchun 1200 soʻm haq toʻlanadi

18:46 07 Sentyabr 2020 Jamiyat
365 0

Maʼlumotlarga koʻra, 2020-yil paxta yigʻim terim mavsumi 10-sentyabrdan boshlanib, qisqa muddatlarda yaʼni qirq kunda yakunlanishi kutilmoqda. Paxta xomashyosi yetishtiradigan 28.8 ming fermer xoʻjaligi doimiy band boʻlgan 230 mingdan ortiq ishchilariga qoʻshimcha ravishda aholi orasidagi ishsiz fuqarolarni ixtiyoriy jalb qilish uchun 300 mingga yaqin fuqarolik-huquqiy shartnomasi tuzdi.

Ayni vaqtda ayrim hududlarda paxta narxi yana-da balandroq boʻlishi aytilmoqda. Buning sabablari va terimga koʻrilayotgan tayyorgarlik haqida Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rais oʻrinbosari Abdushokir RAHIMOV soʻzlab berdi.

- Terimchilarni ragʻbatlantirish maqsadida ishchi kuchi kam boʻlgan hududlarda paxtaning har kilosi uchun Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasi hisobidan qoʻshimcha 200 soʻm beriladi, - deydi A.Rahimov. - Bu tajriba Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida toʻliq, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatining ayrim tumanlariga tatbiq etiladi. Yaʼni birinchi terim uchun 1200 soʻm, ikkinchisi 1600 soʻm boʻladi.

Hozirda Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatiga 80 ming nafar terimchilarni qoʻshni viloyatlardan olib kelish uchun sharoitlar yaratilmoqda. Terimchilarning asosiy qismi vodiy viloyatlaridan boʻlib, ayni kunlarda fermer va paxtachilik klasterlari shartnomalar tuzib, roʻyxatni shakllantirmoqda.

Terimchilar soni 2 million 200 mingdan ortiq boʻlishini hisobga olib, 24 mingdan ortiq otryad tuzilmoqda. Ularning har biriga 80-100 nafar terimchi biriktiriladi.

2020-yil paxta hosilini oʻz vaqtida boshlash va yakunlash uchun tegishli idoralar vakillari bilan birgalikda 134 ta paxta xomashyosi yetishtiriladigan tumanda paxta maydonlarini terimga tayyorlash, terimchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish va boshqa tashkiliy masalalar borasida barcha ishlar bajarilmoqda.

Paxta yigʻim terimi mavsumida boshqa hududlardan jalb etiladigan 264 ming nafar terimchilarni yotoq joylar bilan taʼminlash uchun fermer xoʻjaliklariga tegishli 3 ming 222 ta dala shiyponida hududiy kengash mutasaddilari mahalliy hokimliklar va fermer xoʻjaliklari bilan birgalikda taʼmirlash ishlarini yakunladi.

Paxtani tashish uchun rejalashtirilgan 19,3 ming traktor hamda 30,3 ming tirkama shay holatga keltirildi. Taʼmirlash, talab etiladigan texnika vositalariga kerakli ehtiyot qismlar (traktor va tirkamalar uchun shinalar, tirkamalar uchun setkalar va boshqa) bilan taʼminlash ishlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?