Aybsiz odamni badnom etish — kechirib bo‘lmas gunoh

11:05 23 Aprel 2018 Jamiyat
515 0

Sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar tufayli 2017 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 262 nafar shaxs oqlandi. Bu shunchaki raqamlar emas. Ularning har biri ortida inson taqdiri, sha’ni va qadr-qimmati yotibdi. Muhimi, ushbu adolatli qarorlar tufayli qanchadan-qancha ko‘ngillar obod bo‘ldi, xonadonlarga shodlik qaytdi, ota-onalar va farzandlar yuzlariga tabassum yugurdi...

Ma’lumki, sud oqlov yoki ayblov hukmi chiqarish bilan adolatni qaror toptiruvchi yagona mahkamadir. Bordi-yu shu ikkisidan biri amaliyotda mutlaq unutilgan bo‘lsa-chi? Bu fikrni bejiz aytayotganimiz yo‘q. Bundan bir necha yil oldin, ya’ni 2012 — 2016 yillarda bor-yo‘g‘i 7 nafar shaxsga nisbatan ana shunday qarorlar chiqarilgan, xolos. Aksariyat hollarda tergovdagi ayblov o‘z tasdig‘ini topmasa, sudlar jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga yuborish bilan kifoyalangan, achinarlisi, shunga ham har bir sudya jur’at etolmagan.

Prezidentimiz bunday notabiiy an’anaga chek qo‘yish maqsadida 2016 yil 19 oktyabrda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s’ezdida shunday degan edi: “Eng achinarlisi, keyingi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmagan. Bundan biz, barcha tergov organlari xatosiz va juda sifatli darajada ishlayapti, degan xulosaga kelishimiz mumkinmi? Yo‘q, albatta. Sud yoki oqlov yoki ayblov hukmini chiqarishi kerak”.

Oliy sud tomonidan sudlarning 2018 yilning birinchi choragidagi shu yo‘nalishdagi faoliyati o‘rganib chiqilganda, ular mazkur muhim masalaga qat’iy mas’uliyat bilan yondashayotgani aniqlandi. 
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 114 nafar shaxsga nisbatan 68 ta jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchi hamda mahkumlarni oqlash va reabilitatsiya qilish to‘g‘risida qarorlar chiqarildi. 

Bevosita Oliy sud tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan quyi sudlarning ayblov hukmlari bekor qilinib, 11 nafar shaxs oqlandi.
Joriy yilning o‘tgan davri davomida apellyatsiya, kassatsiya hamda nazorat bosqichlarida mahkumlar va ularning advokatlari taqdim etgan shikoyatlar asosida jinoyat ishlari ko‘rib chiqilib, 50 nafar shaxs oqlandi, 64 nafari esa dastlabki tergov organlari tomonidan sudga yuborilgan jinoyat ishlarini birinchi instansiyada ko‘rish natijasiga ko‘ra aybsiz deb topildi.
Shu o‘rinda mazkur jinoyat ishlari bo‘yicha ayblovlar maqbul dalillar bilan tasdiqlanmagani, taxmin yoki og‘zaki mish-mishlardan iborat ma’lumotlar yoki boshqa nomaqbul dalillarga asoslanganligini aytish zarur. 

Masalan, jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati sudining 2015 yil 3 avgustdagi hukmiga ko‘ra, 2006 — 2009 yillarda mazkur viloyat prokurori lavozimida ishlagan D. Abdurahmonov viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Sh. Safarovning kamchiliklarini yashirish uchun ikki marotaba, ya’ni 2007 yilda va 2008 yilda pora olganlikda va 2009 yilda Oltinsoy tumani prokurori Sh. Mavlonovdan himoyasiga olish evaziga bir marta pora olganlikda ayblangan edi. Jinoyat ishi Oliy sudda o‘rganilganda, ayblov faqat Sh. Safarov va Sh. Mavlonovning tergovdagi ko‘rsatmalariga asoslangani, bundan boshqa ishonchli dalil yo‘qligi oydinlashdi. Qolaversa, keyinchalik Sh. Safarov va Sh. Mavlonov MXX xodimlarining tazyiqi ostida noto‘g‘ri ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganini bildirganlar.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Oliy sud raisi o‘rinbosari tomonidan keltirilgan protest jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida 2018 yil 30 martda ko‘rib chiqildi va D. Abdurahmonovning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmagani sababli jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati sudining 2015 yil 3 avgustdagi hukmi hamda ushbu sud kassatsiya instansiyasining 2016 yil 12 yanvardagi ajrimi bekor qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, huquqshunos bo‘lgan yoki huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda ishlagan shaxslar ham kuchli tazyiq va qiynoq ostida o‘zini himoya qilishga ojiz qolishgan. Misol uchun, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2012 yil 18 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, D. Pirmatov Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan aybdor, deb topiladi. Bunga 2012 yil 2 aprel kuni viloyat IIB Reabilitatsiya markazi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan ushbu fuqaroning xonadonida Toshkent viloyati MXX hamda IIB boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tintuv paytida 1,460 gramm “Opiy” giyohvandlik vositasi topilganligi asos qilib olinadi.
Ayblanuvchi dastlabki tergov va sudda bunga iqror bo‘lmaydi, aksincha, uzoq yillardan buyon ichki ishlar tizimida ishlashi, giyohvandlik vositasini umuman iste’mol qilmasligini aytib, o‘ziga nisbatan asossiz ayb qo‘yilganini bildiradi. Boz ustiga, u ilgari ham Reabilitatsiya markazida saqlanayotganlarni ozod etish uchun dastlabki tergovda shaxsi aniqlanmagan noma’lum kishidan 300 ming so‘m pora olganlikda ayblashga harakat bo‘lganligini qo‘shimcha qiladi.

Yanada qizig‘i shundaki, uning uyida o‘tkazilgan tintuv bayonnomasida ko‘rsatilgan xolis guvohlar — T. Maxamatov qaynog‘asi, S. Sulaymonova esa o‘z onasi bo‘lib chiqdi. Ona o‘z farzandiga, qaynog‘a kuyoviga nisbatan shunday og‘ir ko‘rsatma beradimi? Yo‘q, albatta. Shundan bo‘lsa kerak, ular dastlabki tergovga ham, sudga ham chaqirilmagan. Shu bois kassatsiya instansiyasi tintuv o‘tkazish haqidagi bayonnoma va birinchi instansiya sudining uni dalil, deb topgan xulosasini nomaqbulga chiqardi va pirovardida yana bir aybsiz inson oqlandi.

Agar D. Pirmatovni ayblashda nomaqbul dalillardan foydalanilgan bo‘lsa, namanganlik yana bir ichki ishlar xodimi ishida yengiltak ayolning quruq gapi asos qilib olingan. Dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi R. Jo‘rayev 2013 yil yanvarda M. Sharipovaning xonadoniga kelib, Omina, Guli va Setora taxallusli qizlarni uyali telefonida tasvirga tushirib, uni televideniyega bermaslik evaziga 100 ming so‘m pora olgani ayblov sifatida keltirilgan. Ammo shu voqealar bo‘lgan paytda sudlanuvchi IIV Akademiyasi dala-o‘quv mashg‘ulotida bo‘lgan, poligondan tashqariga chiqmagan. Buni u bilan mashg‘ulotda birga bo‘lgan namanganlik 43 nafar IIB xodimi tasdiqlagan.

R. Jo‘rayevga pora berishda qatnashganligi aytilgan qizlar uni umuman ko‘rmagani va tanimasligi, M. Sharipova ko‘rsatma berishga majburlaganini bildirgan. Qisqasi, ayblanuvchining pul olganligini tasdiqlovchi biror-bir dalil bo‘lmagani bois 2017 yil 17 noyabrda oqlandi.
Shulardan ham ayon bo‘lmoqdaki, hali sudlar oldida dolzarb vazifalar turibdi. Eng avvalo, sudyalar jinoyat ishlarini ko‘rishda hech kimni qonunsiz ayblamasligi, faqat aybi asosli dalillar bilan isbotlangan shaxslarnigina javobgarlikka tortishi, aksincha bo‘lgan hollarda esa oqlashlari kerak. Zero, ana shunda sudlar tom ma’noda “Adolat qo‘rg‘oni” sifatida o‘zini to‘liq namoyon etadi.
Vohid NAZAROV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi o‘rinbosari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?