Mamlakatimizda Butunjahon aholishunoslik kuni keng nishonlanmoqda

17:00 11 Iyul 2018 Jamiyat
339 0
Foto: russia.now

1987 yil 11 iyulda Yer yuzi aholisi soni 5 milliardga yetdi. Shu kundan boshlab butun dunyoda Butunjahon aholishunoslik kuni keng nishonlanadi. “Oilani shakllantirish – inson huquqidir”. Xalqaro sananing bu yilgi mavzusi shunday deb nomlandi. Sana munosabati bilan Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, Aholishunoslik bo‘yicha BMT jamg‘armasi (UNFPA) hamkorlikda tashkil etilgan tadbir davomida bu haqda batafsil ma’lumot berildi.

Oilani mustahkamlash, ota-onalar va farzandlarning oiladagi mas’uliyatini oshirish – bugunning dolzarb vazifalaridan biri. Yurtimizda bu borada ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda aholi, ayniqsa, xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini mustahkamlash, oilani rejalashtirish masalasida yirik loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

— BMTning Aholishunoslik bo‘yicha jamg‘armasi yigirma yildirki O‘zbekistonda faoliyat olib bormoqda, — deydi UNFPAning O‘zbekistondagi vakili Mieko Yabuta. — Shu davr mobaynida reproduktiv salomatlik va inson huquqlari, gender tengligi, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda ish olib bordik. O‘zbekistondagi dasturimiz Markaziy Osiyodagi eng yirik loyihalardan biri bo‘lib, 2005 yildan buyon 21 million AQSH dollaridan ko‘proq qiymatdagi tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, yoshlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha tegishli ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga ko‘maklashish yuzasidan keng ko‘lamli ish olib borildi. Bugungi kunda ham bu borada davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz.

Tashkilotchilar bugun Toshkent shahridagi EKOPARKda (18.00 dan boshlab) sana munosabati bilan oilalar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazilishini ham ma’lum qilishdi. Jumladan, ishtirokchilar yugurish, stol tennisi va shashka sport turi bo‘yicha o‘zaro bellashadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?