Aholining ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini qondirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar samaradorligi talab darajasida emas. Hukumatga parlament soʻrovi yuborildi

12:26 21 Oktyabr 2020 Siyosat
212 0

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashda “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablari ijrosi, suv inshootlarini loyihalash va qurish, foydalanishga topshirish, mablagʻlardan samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar holati oʻrganildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentyabrdagi

PF-6074-sonli Farmoni bilan suv taʼminoti va oqova suv xizmatlarini koʻrsatish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish boʻyicha istiqboldagi vazifalar ham belgilab berilgan.

Soʻnggi ikki yilda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash uchun byudjetdan 3,7 trln. soʻm ajratilgan, 48 ta loyihaga 1,9 mlrd. dollar xorijiy kreditlar jalb qilingan. Natijada mamlakat boʻyicha 1 734 ta inshootda 6 463 km. ichimlik va 300 km.ga yaqin oqova suv tarmoqlari tortilgan.

Suvdan foydalanishni samarali tartibga solishni taʼminlash uchun suv resurslarini boshqarish boʻyicha yangi tuzilmalar yaratilgan. Aholining 67,8 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Yer osti suv manbalariga ega boʻlgan hududlarda markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish Toshkent shahrida 99,7 foizni, Fargʻona viloyatida 83,4 foizni va Samarqand viloyatida 63,7 foizni tashkil etadi.

Majlisda oʻrganishlar hududlarda aholining ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini qondirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar samaradorligi talab darajasida emasligini koʻrsatgani taʼkidlandi.

Jumladan, mamlakat ichimlik suvi inshootlarining umumiy quvvati sutkasiga 11,8 mln. metr kubdan iborat boʻlsa-da, amalda uning 60 foizidan foydalanilmoqda.

Umumiy uzunligi 70,3 ming km. boʻlgan ichimlik suvi magistral quvurlari va tarmoqlarining 38 foizi, foydalanilayotgan 12 mingdan ortiq ichimlik suvi quduqlarining 29 foizi taʼmirtalab ahvolda.

Shuningdek, 2 mingta yoki 20 foiz suv nasoslari ishdan chiqqan. Shaharlarning faqat 79 tasi, yaʼni 57 foizida kanalizatsiya tizimi mavjud boʻlib, ularning ham 23 foizi taʼmirga muhtoj.

Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va oqava suv xizmatini yaxshilash boʻyicha ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanishda jiddiy xato va kamchiliklar mavjud.

Xususan, inshootlar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari joyiga chiqib oʻrganilmasdan, nazorat oʻlchovlari oʻtkazilmasdan, bajarilishi lozim boʻlgan ish hajmlari hujjatda toʻliq aks ettirilmasdan, ichimlik suvi manbalariga aniqlik kiritilmasdan ishlab chiqilish holatlari oqibatida samarasiz xarajatlarga yoʻl qoʻyilgan;

Qolaversa, tizimda sogʻlom raqobat muhiti shakllantirilmagan, loyihalash va qurilish-montaj ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar qonun hujjatlariga zid ravishda tanlangan. Oqibatda inshootlarning qurilib ishga tushirilmasligi yoki qurilish-montaj ishlarining oxiriga yetkazilmasligi, mablagʻlarning samarasiz ishlatib yuborilishi kabi holatlar yuzaga kelgan. Qurilish ishlarining natijadorligini nazorat qilish tizimi talabga javob bermaydi. Foydalanishga topshirilgan ayrim inshootlar suv taʼminoti korxonalari tomonidan samarasiz ishlatilgan, oqibatda aholiga ichimlik suvi yetkazib berilmagan.

Davlat byudjeti, xalqaro moliyaviy institutlar va boshqa manbalardan jalb qilingan mablagʻlardan foydalanishning ochiq, shaffof tizimi yaratilmagan, mablagʻlardan foydalanishning holati boʻyicha hisobot berish hamda qarz mablagʻlarini qaytarish tizimi yoʻlga qoʻyilmagan.

Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash sohasida qonun hujjatlarida belgilab berilgan vazifalar oʻz vaqtida bajarilmagan.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-noyabrdagi PQ-4040-sonli qarorida belgilangan, 2019-yil 1-iyulga qadar Samarqand, Buxoro, Namangan va Qarshi shaharlarida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini Osiyo taraqqiyot banki konsultantlarini jalb qilgan holda, davlat xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish toʻgʻrisidagi topshiriq oʻz vaqtida bajarilmagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PQ-4300-qarori bilan topshiriqning ijro muddati joriy yilning 1-iyuli etib belgilangan boʻlsa-da, tender gʻoliblari bilan shartnomalarni rasmiylashtirish ishlari bajarilmasdan qolgan.

“Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida mahalliy davlat hokimiyati organlariga oʻz hududidagi suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash vakolati berilgan boʻlsa-da, ayrim hududlarda ushbu vakolatlar yillar davomida bajarilmasdan qolmoqda.

Shu jihatdan aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?