Aholini roʻyxatga olishdan maqsad nima?

22:32 04 Mart 2020 Jamiyat
593 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq Respublikamizda 2022-yilda aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish belgilangan. Aholini roʻyxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng koʻlamli tadbir boʻlib, aholi toʻgʻrisidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.

Aholini roʻyxatga olish tarixiga bir nazar

Maʼlumotlarga koʻra, dastlab qadimgi Gretsiya, Vavilon, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misr kabi mamlakatlarda aholini roʻyxatga olish ishlari oʻtkazilgan. Shu davrda soliq yigʻish, yaʼni boj olish hamda harbiy maqsad uchun asosan erkaklar sonini aniqlash muhim boʻlgan va asosan ular roʻyxatga olingan. Aholini ilk bor rasmiy roʻyxatga olish 1790-yil AQSHda, keyinchalik 1800-yil Shvetsiya va Finlyandiyada, 1801-yil Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada oʻtkazilgan. Ammo roʻyxatga olish juda oddiy shaklda boʻlib, uzoq muddatga choʻzilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin aholini roʻyxatga olish tizimi yana-da takomillashtirildi. 1945-1954-yillarda 151 ta davlatda, 1965-1974-yillarda 179 ta davlatda aholini roʻyxatga olish tadbiri oʻtkazilgan.

XIX asrga kelib, aholini roʻyxatga olish kengaydi. Aholini roʻyxatga olish – fuqarolar haqida axborot toʻplashning keng koʻlamli va koʻp maqsadli tadbirdir. Ushbu mavzu doirasida Yevropaning qator mamlakatlarida statistika tashkilotlari tuzildi. Aholini roʻyxatga olish ilmiy dasturlar asosida olib borilishi yoʻlga qoʻyildi. Xususan, 1870-1879-yillar dunyoning 48 ta, 1890-yil esa 57 ta davlatida aholi roʻyxati oʻtkazilgan. XIX asr oxirida dunyo aholisining 21 foizi roʻyxatga olingan boʻlsa, XX asr boshida 54 foiz aholi roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Respublikamizda demografik jarayonlarning holatini oʻrganishda mamlakat hududida oʻtkazilgan aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari muhim ahamiyat kasb etadi. Manbalarda keltirilishicha, Oʻzbekiston hududida dastlab aholini roʻyxatga olish ishlari 1897-yilda oʻtkazilgan boʻlib, ushbu roʻyxatga olish maʼlumotlari XIX asr oxirida Oʻzbekistonda mavjud oilalar, aholi soni, aholining yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tugʻilish, oʻlim holati kabi demografik jarayonlar haqida tasavvur hosil qilishga yordam bergan.

Keyinchalik Oʻzbekiston hududida 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989-yillarda aholini roʻyxatga olish ishlari tashkil etilgan. Aholining rivojlanishi uning tarkibiy tuzilishi, xususiyatlari va demografik jarayonlarning uzluksiz ravishda oʻzgarib borishi taʼsirida sodir boʻlib boradi. Shu sababdan aholini tadqiq etish hamda doimiy ravishda kuzatib borish talab etiladi.

Aholini roʻyxatga olish nima uchun kerak?

Aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari “ijtimoiy himoya”, “investitsiya”, “uy-joy”, “sogʻliqni saqlash”, “madaniyat”, “turizm”, “taʼlim”, “yoʻl qurilishi va infratuzilma” kabi manzilli dasturlarning tayyorlanishi va amalga oshirilishida xizmat qiladi. Kelgusida aholini roʻyxatga olish natijalariga asoslanib, ushbu dasturlarni amalga oshirish natijalarini baholash, iqtisodiy prognozlash va demografik siyosatni shakllantirish mumkin.

Aholini roʻyxatga olish bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining tavsiyasi boʻlib, hozirgi kungacha dunyoning koʻplab mamlakatlarida bu jarayon oʻtkazildi. Mazkur tadbir butun dunyo aholisining umumiy, keng koʻlamli qiyofasi yaratilishiga xizmat qiladi.

 

Orif Abdurahmonov,

Toshkent shahar statistika boshqarmasi

Demografiya va mehnat statistikasi

boʻlimi boshligʻi

Nilufar Murodova,

Toshkent shahar statistika boshqarmasi

axborot xizmati xodimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?