“Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi. U bilan nimalar oʻzgaradi?

11:52 28 Fevral 2020 Siyosat
287 0

Hasan Paydoyev("Xalq so'zi")

Parlamentning yuqori palatasi aʼzolari “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqdi.

Aholini roʻyxatga olish – bu Oʻzbekiston Respublikasining aholisi toʻgʻrisida ishonchli va xolis axborot yigʻishdir. Aholini roʻyxatga olishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: davriylik; umumiylik va bir paytdalik; roʻyxatga olishning yakka tartibdaligi (nomma-nomligi); shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi; aholini roʻyxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.

Qonun bilan nimalar oʻzgaradi? Avvalo, oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish yana-da aniqlashtiriladi. Aholi tarkibidagi, demografik vaziyatdagi oʻzgarishlarni baholashga doir maʼlumotlar bazasini kengaytirilib, aholining sogʻligʻini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, oʻrta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash maqsad qilingan.

Qonun qabul qilinishi xalqaro standartlarga javob beradigan, aholini roʻyxatga olish sohasidagi munosabatlarni tizimli va kompleks tartibga soladigan moslashuvchan va ochiq-oshkora huquqiy doiralarni yaratishni davom ettirishga hamda bir qator dolzarb vazifalarni bajarishga koʻmaklashadi. Jumladan, aholi tarkibida yuz bergan global oʻzgarishlarni baholash, demografik siyosatni, odamlar salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar holatini yaxshilash, shuningdek Barqaror taraqqiyot milliy maqsadlarini shakllantirish va monitoring qilish kabi vazifalarni bajarish taʼminlanadi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Munisxon Karimova/ “Xalq soʻzi”- Online.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?