Aholini roʻyxatga olish nima uchun kerak?

14:38 19 Avgust 2019 Jamiyat
92 0

Koʻp yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli oʻzgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq boʻlsagina, yuqori samara beradi.

Tasavvur qiling, qoʻlingizda Oʻzbekiston xaritasi va unga qarab hududlarga doir birlamchi maʼlumotlarni aytish mumkin. Masalan, Qoraqalpogʻistonda qancha aholi yashaydi, Xorazmda bandlik masalasi qay ahvolda, Surxondaryoda nechta taʼlim muassasasi bor, Fargʻona vodiysida aholi zichligi qanday va shunga oʻxshash boshqa muhim maʼlumotlar. Biroq bunday yuzaki va taxminiy koʻrsatkichlar bilan bugungi jadal rivojlanish va islohotlar davrida uzoqni koʻzlab nimanidir reja qilish qiyin, albatta.

Aksincha, qoʻlimizda har bir hududga doir aniq faktlar boʻlsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta boʻladi. Oldingidek, dalaning oʻrtasiga hayhotdek kollej qurib qoʻyish kabi pala-partish holatlar uchramaydi. Aynan shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli maʼlumotlar kerak va ular tadrijiy ravishda yangilanib borilishi shart.

Bunday aniq va yaxlit maʼlumotlar esa aholini roʻyxatga olish asosida olinadi. Shunga qarab oʻtmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakni farazlash mumkin. Shuningdek, bu aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, maʼlumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida maʼlumot olishning yagona manbai hamdir.

Mustaqillik davrida biror marta bu jarayon oʻtkazilmagan

Maʼlumki, BMTning “2020-yilda aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasi qabul qilingan va unga asosan, BMTga aʼzo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olishni oʻtkazishi belgilab qoʻyilgan. Ayni paytda MDH mamlakatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan. Jumladan, joriy yilda Ozarbayjon, Belarus va Qozogʻistonda, 2020-yilda Tojikiston, Qirgʻiziston, Armaniston, Rossiya va Ukrainada aholini roʻyxatga olish ishlari oʻtkaziladi.

Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida hali biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmagan. Bunday sanoq soʻnggi bor sobiq ittifoq davrida, aniqrogʻi, 1989-yilda oʻtkazilgan edi. Holbuki, xalqaro tajribadan maʼlumki, koʻpgina mamlakatlarda aholini roʻyxatga olish tadbiri kamida har oʻn yilda bir marotaba tashkillashtirilishi anaʼnaga aylangan. Respublikamizda ham endi ana shunday muhim jarayon yoʻlga qoʻyiladi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2019-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Xoʻsh, mazkur farmon bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konsepsiyasi doirasida qanday ishlar amalga oshiriladi? Aslida roʻyxatga olish nima uchun kerak? U necha bosqichda oʻtkaziladi?

Mazkur tadbir bizga nima beradi?

Aholi sonini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. U aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʻlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʻrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.

Oʻz navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash boʻyicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol oʻynaydi.

Roʻyxatga olish qanday amalga oshiriladi?

Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi boʻlib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich boʻlib, bunda bevosita aholini roʻyxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yigʻiladi, nazorat tekshiruvi oʻtkaziladi va aholini roʻyxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. Soʻnggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar eʼlon qilinadi.

Roʻyxatga olish jarayonida toʻplanadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Yaʼni bundan bu yogʻiga qogʻozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga eʼtibor qaratiladi.

Oʻzbekistonning mukammal kadastr xaritasi yaratiladi

Aholini roʻyxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish koʻzda tutilgan. Bu — hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzish bilan bogʻliq masala.

Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini oʻtab boʻlgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarni qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Reja aniq, vazifa masʼuliyatli

Keyingi uch yil davomida masʼul mutasaddilarni qaynoq ish jarayoni kutib turibdi. Ularni muvaffaqiyatli bajarish bilan Oʻzbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasiyu koʻchasiga, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador boʻlgan barcha maʼlumotlarni oʻzida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega boʻlamiz. Bu qimmatli maʼlumotlar esa bizga bugun, ertaga va yaqin kelajakda juda asqatadi.

Zotan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan koʻp yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli oʻzgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq boʻlsagina, yuqori samara beradi. Demak, mazkur jarayon bilan shu choqqacha eʼtibordan chetda qolib kelgan sohaga chinakam poydevor qoʻyiladi, deyish har jihatdan toʻgʻri boʻladi.

Mavluda XOʻJAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi
 deputati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?