Aholi salomatligini ta’minlash — ustuvor masala

09:27 21 Iyun 2018 Jamiyat
203 0
Foto: my.gov.uz

Mamlakatimizda tibbiyot hamda farmatsevtika sohasi tubdan isloh etilib, xalq manfaatiga qaratilgan ekan, aholi salomatligi masalasi ham islohotlarning negizini tashkil qilishi tabiiy.

Prezidentimiz ayni shu sohaga taalluqli “Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekdi.

Xo‘sh, mazkur Farmon mazmun-mohiyati, shuningdek, amaliyotda to‘xtatilayotgan hamda tatbiq etilayotgan yangi talablar nimalardan iborat?

So‘nggi yillarda eng zarur hamda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy buyumlarni cheklangan narxlarda sotish talabi joriy qilingan edi. Ezgu maqsadni ko‘zlab yo‘lga qo‘yilgan bu tadbir dastlab kutilgan natijalarni berdi: ya’ni dorilar arzonlashdi, ularning narxi hamma yerda mo‘tadil tus oldi.

Ammo keyinchalik narxlar o‘zgarib, uni bir qolipga solib bo‘lmasdan, boshqa tarafdan, o‘zgarmas bo‘lgan sotilish narxlari sababli ayrim dori-darmonlar taqchilligi kuzatila boshlandi. Shu bois Farmon bilan muqaddam joriy etilgan tartib bekor qilinib, uning o‘rniga yanada maqbuli taklif etilmoqda. Gap shundaki, muqaddam tatbiq qilingan — ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni cheklangan narxlarda sotish talabi bekor qilinadi.

Bunday tartibga o‘tishga sabab bo‘lgan ayrim raqamlarni keltirib o‘tish o‘rinli. Prezidentimizning 2016 yil 31 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra, 343 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy buyumlarga nisbatan cheklangan narxlarda sotish me’yori qo‘yilgan bo‘lib, ularning 116 turdagisi O‘zbekistonda, 227 tasi esa xorijda ishlab chiqariladi.

— Mazkur amaliyotda byudjet pullarini iqtisod etish ro‘kach qilinib, asosiy e’tibor dorilar sifati hamda samarasiga emas, balki qanday qilib bo‘lsa ham, kamroq mablag‘ sarflashga qaratila boshlandi, — deydi Davlat raqobat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilshod Azimov. — Bundan tashqari, narxlar o‘rtacha olingan emasmi, o‘zimizda ishlab chiqarilgan, tannarxi nisbatan arzon dori vositalarining narxi ham qimmatga tushgan xorij preparatlariga tenglashtirib qo‘yildi. Oqibat esa ma’lum, zarur dori-darmonlar taqchilligi kuzatildi.

Misol uchun, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, zimmasiga markazlashtirilgan holda mamlakat hududlariga dori-darmon yetkazish vazifasi yuklatilgan “O‘zmedimpeks” davlat unitar korxonasi tomonidan Surxondaryo viloyatiga 1,1 milliard, Andijon viloyatiga

2 milliard so‘mlik dori vositalari va tibbiy buyumlar yetkazib berilmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bo‘lim boshlig‘i Ismatjon Azizovning ta’kidlashicha, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirganidan so‘ng bu boradagi amaliyot yanada shaffoflashdi. Aniqrog‘i, davlat mablag‘larini turli maqsadlarda sovurishga barham berildi. Shu bois Farmonga ko‘ra, ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni cheklangan narxlarda sotish talabi o‘rniga endilikda bunday mahsulotlarga ulgurji xarid narxiga 10 foizlik savdo ustamasi joriy etiladigan bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, “O‘zmedimpeks” davlat unitar korxonasining belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari, davlat sog‘liqni saqlash muassasalari uchun tibbiyot texnikalari hamda maxsus tibbiyot avtotransportining yagona yetkazib beruvchisi maqomi bekor qilinadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘tgan yili 8825 turdagi dori vositalari ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 2540 turdagisi yoki 29 foizi

o‘zimizda ishlab chiqarilgan. Salmoqli 71 foizi yoki 6285 tasi esa xorij dori-darmonlaridir. E’tibor bering, import qilingan dori-darmonning 50 foizidan ko‘pi, to‘g‘rirog‘i, 1764 turdagisi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari va 1582 turi Hindistondan keltirilgan. Atigi 5,6 foizigina mos ravishda 299, 48 va 6 ta dori turlari bilan tartibga solish talablari yuqori bo‘lgan davlatlar, ya’ni Germaniya, AQSH hamda Yaponiyadan import qilingan.

Farmon bilan kiritilayotgan yangi tartib shundan iboratki, 2018 yilning 1 avgustidan e’tiboran yuqori tartibga soluvchi talablarga ega davlatlarda joriy etilgan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalarini tan olish tartibi joriy qilinadi.

Maqsad ezgu — xalqimiz salomatligini asrash, buning uchun esa barcha zarur shart-sharoitni yaratish. Zero, odamlarni rozi qilish, ularning huquq va manfaatlarini o‘ylash eng oliy ishdir. Dorixonalardan esa xalqning sog‘lig‘i ham, cho‘ntagi ham zarar ko‘rmasin.
Bosh prokuratura huzuridagi
Axborot-tahlil multimedia markazi materiallari asosida
R. ShЕRQULOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?