Aholi muammolari bilan ishlash sohasida yangi tizimga oʻtilmoqda

11:41 21 Yanvar 2019 Jamiyat
566 0

2019 yil 17 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

“Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalqimiz oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun koʻrishi kerak”. Prezident Shavkat Mirziyoyevning el-yurtimiz qalbi va ongidan chuqur joy olgan bu soʻzlari bugun mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarish va islohotlarni harakatlantiruvchi qudratli kuchga, taʼbir joiz boʻlsa, ularning gʻoyaviy oʻzagiga aylandi. Xalqimizning hayotiy talab va ehtiyojlarini taʼminlash, odamlarimizni rozi qilish yoʻlidagi zalvorli ishlar aynan ana shunday ezgu va hayotbaxsh gʻoyalar asosida olib borilib, tobora yangi maʼno va mazmun bilan boyib bormoqda. Bunday tarixiy oʻzgarishlar silsilasida xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash boʻyicha tamomila yangi tizimga asos solingani, xalqaro miqyosda noyob tuzilma sifatida keng eʼtirof etilayotgan Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari instituti yaratilgani shubhasiz markaziy oʻrinlardan birini egallaydi.

Xalq qabulxonalari xalqimizning necha yillik orzu-armonlarini ushaltirish maqsadida tashkil etilgani bois ham el-yurtimiz hayotidan, mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar jarayonidan tez fursatda oʻzining munosib oʻrnini topib, har bir hudud va sohadagi real manzarani, asl holat va mavjud muammolarni aniqlash hamda hal qilish yoʻlida yangi gʻoyalar, amaliy taklif va tashabbuslar yuzaga keladigan, ularni hayotga tatbiq etishning aniq mexanizmlari ishlab chiqiladigan markazlarga aylanib bormoqda.

Oʻtgan davrda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari yordamida 2 million 500 mingdan ziyod kishi oʻzini qiynab kelayotgan muammolarga yechim, oʻylantirayotgan savollarga javob topgani ularning xalqimiz mushkulini oson, ogʻirini yengil qilish, jamiyatimizda adolat tamoyillarini mustahkam qaror toptirishda amaliy ahamiyati naqadar yuqori boʻlayotganini yaqqol koʻrsatadi.

Bir soʻz bilan aytganda, Xalq qabulxonalari davlat organlari bilan aholi oʻrtasida ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, dolzarb muammolarni aniqlash, murojaatlar qonuniy va sifatli koʻrib chiqilishini taʼminlashda samarali mexanizmga aylanib, amalda oʻzini toʻla oqladi. Albatta, hayot hech qachon bir joyda toʻxtab turmaydi. Zamon bilan hamqadam boʻlish, kerak boʻlsa, undan bir qadam ilgari odimlash – bugungi kun talabi. Shu maʼnoda, biz yashayotgan hozirgi shiddatli davr, oldimizga qoʻygan ulkan maqsadlar barcha sohalarda boʻlgani kabi mazkur muhim yoʻnalishda ham oʻtgan qisqa davrda orttirilgan ijobiy tajribalarni yanada takomillashtirish, uni mazmun jihatdan rivojlantirishni talab etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida ana shu dolzarb masalaga alohida toʻxtalib, Xalq qabulxonalari faoliyatida mutlaqo yangi tizimga – sifat jihatidan yanada yuksak bosqichga oʻtilishi haqida maʼlum qilgan edi. Mana, oradan hech qancha vaqt oʻtmasdan davlatimiz rahbarining davlat organlari va boshqa tashkilotlarning fuqarolar bilan bevosita ishlashga oʻtishi, ularning xalqqa, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlariga yaqin koʻmakchi boʻlishi, Oliy Majlisga murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Xoʻsh, bu farmonning qabul qilinishi qanday sabab-omillar bilan bogʻliq? Mazkur sohadagi qanday muammolar mazkur hujjatga asos boʻldi? Ushbu yoʻnalishdagi oʻzgarishlar qaysi jihatlarda namoyon boʻladi?

Farmon muqaddimasida qayd etib oʻtilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga keyingi ikki yil mobaynida 2,5 milliondan ortiq murojaatlar kelib tushgani, Respublika ishchi guruhlari tomonidan uyma-uy yurish, ijtimoiy soha va boshqa obyektlarni oʻrganish natijasida yana 1,1 milliondan ortiq turli muammolar aniqlangani joylarda yechimini kutayotgan masalalar koʻpligini, ayrimlari oʻrta va quyi boʻgʻindagi tashkilotlar darajasida hal etilmayotganini koʻrsatmoqda.

Aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinganda bir qator kamchiliklar mavjud ekani maʼlum boʻldi.

Avvalo, murojaatlar bilan ishlashning amaldagi tizimi aholining mavjud muammolarini toʻliq qamrab olish va tezkorlik bilan hal qilish imkonini bermayotganini taʼkidlash joiz. Aniqlangan muammolarni tizimli tahlil qilish va hal etishda Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Xalq qabulxonalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishning yagona mexanizmi mavjud emasligi barcha boʻgʻinning butun bir organizm kabi oʻzaro uygʻun ishlashiga imkoniyat bermayapti. Shu bois ham tegishli ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar loyihalarini ishlab chiqishda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar, joylarda aniqlangan boshqa muammolar yetarli darajada aks ettirilmayapti. Boz ustiga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari aholi bilan bevosita muloqot qilish, uyma-uy yurish orqali muammolarni aniqlash va hal etishga, zimmasiga yuklatilgan vazifalarning toʻliq va sifatli bajarishga yetarli eʼtibor qaratmayapti.

Ana shu jihatlarni eʼtiborga olgan holda Prezident farmoniga muvofiq 2019 yil 1 fevraldan boshlab Xalq qabulxonalarining aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha amaldagi tizimi bilan bir qatorda, Xalq qabulxonalarining muammolarni uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilishini, davlat organlarining aholi bilan bevosita ishlashini nazarda tutuvchi yangi tizim joriy qilinmoqda.

Mazkur yangi tizimning birinchi oʻziga xos shundaki, bundan buyon Xalq qabulxonalari hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali muammolarni aniqlaydi hamda hal qilinishini taʼminlaydi. Yaʼni, endi Xalq qabulxonalari murojaat kelib tushishini kutib oʻtirmaydi, oʻzi masʼul boʻlgan hududda mavjud boʻlgan muammolarni uyma-uy, obyektma-obyekt yurgan holda aniqlaydi.

Mazkur yangi tizim joriy etilishining asosiy sababi murojaatlar bilan ishlashning amaldagi tizimi aholining mavjud muammolarini toʻliq qamrab olish va tezkorlik bilan hal qilish imkonini bermayotgani bilan bogʻliq. Chunki barcha davlat organlari kabi Xalq qabulxonalari ham oʻz faoliyatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish amaliyotidan foydalanib kelmoqda. Bu esa faqat murojaat tufayli yuzaga qalqib chiqqan muammolarnigina roʻyxatga olish hamda u yoki bu tarzda munosabat bildirish imkonini beradi, xolos.

Nega deganda, odam ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilmasa, bu unda umuman muammo yoʻq, degani emas. Ayniqsa, sabr-qanoat va shukronalikni hayot mazmuni, oriyatu gʻururni ulugʻ qadriyat darajasida eʼzozlaydigan xalqimiz oʻrtasida dardu-tashvish qiynab turgan boʻlsa-da, bu haqda mahalla-koʻy, mutasaddi idora va tashkilotlarga murojaat qilishni oʻziga ep koʻrmaydigan, istihola qiladiganlar koʻp. Shu bois ham davlatimiz rahbarining gʻoyasi va tashabbusi bilan mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash va aholi muammolarni hal etish sohasida yangi davrga qadam qoʻyilmoqda.

Yuqorida aytib oʻtilganidek, bundan buyon davlat organlari Xalq qabulxonalari boshchiligida oʻzlari masʼul boʻlgan hududlarda mahallama-mahalla, koʻchama-koʻcha, uyma-uy yurib, har bir xonadon, har bir oila muammolarini oʻrganib, ularni hal qilish choralarini koʻradi. “Kasalni davolagandan koʻra, uning oldini olgan afzal” deganlaridek, muammo haqida kimdir murojaat qilib kelishini kutib oʻtirmasdan, xalq ichiga, odamlar orasiga chuqur kirib borib, ular duch kelayotgan muammolarni erta aniqlab, hal qilish yangi tizimdan koʻzlangan bosh maqsad hisoblanadi.

Binobarin, bevosita muloqot, yuzma-yuz uchrashuvlarning taʼsir kuchi yanada koʻproq boʻlib, bunday jonli suhbatlar jarayonida qogʻozlarga sigʻmay qolgan tafsilotlar oydinlashadi, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz u yoki bu masalaga daxldor yangi va qoʻshimcha maʼlumotlarni aniqlashtirib olish imkoniyati katta boʻladi.

Yana ham muhim bir jihat borki, bu haqda alohida aytib oʻtish ayni muddaodir. U ham boʻlsa, bunday ish tizimi nainki odamlarning muammolarini aniqlash va hal qilishda, balki ularning yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqidagi fikr-mulohazalarini oʻrganish, davlatimiz va jamiyatimizni har tomonlama rivojlantirishga doir taklif va tavsiyalarini jamlashda ham taʼsirchan vositaga aylanadi.

Mazkur farmonda belgilangan yana bir yangilik – tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari boshchilik qiladigan sektorlar shtablari aʼzolaridan iborat ishchi guruhlar hududlarni mahalla va xonadonlar, oilalar kesimida tahlil qilib, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa – bir yillik va oʻrta muddatli manzilli tadbirlar rejalarini shakllantiradi.

Tuman va shaharlar hokimliklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi qisqa muddatli – bir yilga moʻljallangan manzilli tadbirlar rejalari ijrosini taʼminlaydi. Xalq qabulxonalari va Prezident Administratsiyasi boʻlinmalari esa mazkur tadbirlar rejalari ijrosini nazorat qiladi.

Oʻrta muddatli manzilli tadbirlar rejalari, shuningdek, Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarda aks etgan tizimli muammolar davlat investitsiya dasturlari, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini, xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalarni ishlab chiqishda inobatga olinadi. Ushbu dastur va loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari bilan kelishiladi. Yaʼni, bundan buyon turli dastur va loyihalar bevosita odamlar yoʻllagan murojaatlar tahlili, real hayot manzarasini inobatga olgan holda tayyorlanadi.

Farmonda belgilab qoʻyilganidek, Xalq qabulxonalari hududlardagi ijtimoiy muhitni oʻrganish, aholi muammolarini hal qilish jarayoniga jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari va boshqa tegishli tashkilotlarni jalb qilgan holda ochiqlik, shaffoflik va xolislikni taʼminlash choralarini koʻradi.

Bugun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Mazkur dasturlar amalda oʻzining kutilgan natijasini berishi uchun ularga, birinchi navbatda, eng ogʻir va murakkab sharoitda boʻlgan aholi punktlarini kiritish har tomonlama toʻgʻri va adolatli boʻladi. Shu masalada real manzarani aniqlab olish uchun esa Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarni chuqur tahlil qilish obyektiv xulosa chiqarishda hal qiluvchi oʻrin tutadi. Shu bois davlatimiz rahbari farmoniga koʻra, endilikda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish-koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladigan aholi punktlari roʻyxati Xalq qabulxonalari bilan kelishilgan holda shakllantirishi belgilangani avvalambor eng ogʻir va murakkab ahvolda boʻlgan aholi maskanlariga eʼtibor qaratish imkonini beradi.

Prezident farmonida oʻz ifodasini topgan yana bir prinsipial yangilik – Xalq qabulxonalari sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati, murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan tegishli Xalq deputatlari kengashlari majlisida muhokama qilish uchun har chorakda axborot kiritishi hamda ushbu axborot yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hisoboti eshitilishi belgilab qoʻyilganidir. Mazkur taʼsirchan huquqiy mexanizm hududlarda murojaatlar bilan ishlash borasida masʼuliyat yanada kuchayishi, xato va kamchiliklar kamayishiga xizmat qiladi, turli darajadagi rahbarlarning xalq oldida hisobot berish tizimi hayotiy samara berishiga yangi bir turtki boʻladi.

Hududlarni oʻrganish jarayonida aniqlangan va respublika darajasida hal etiladigan muammolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga hal qilish uchun kiritiladi.

Prezident Farmoni bilan Xalq qabulxonalariga bir qator qoʻshimcha vazifalar ham yuklatildi. Xususan, endi Prezident Xalq qabulxonalari sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish borasidagi faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib boradi.

Xalq qabulxonalariga hududlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ommaviy va sayyor qabullar oʻtkazish tizimini muvofiqlashtirish va nazorat qilish vazifasi yuklatilgani esa sohaga doir qonun hujjatlarining hamma joyda bir xilda bajarilishining qoʻshimcha kafolati boʻladi, fuqarolar qabullari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihati, farmon asosida Xalq qabulxonalari mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilishda ishtirok etishi bu jarayonlarda avvalambor murojaatlarda koʻtarilgan hamda uyma-uy yurish paytida maʼlum boʻlgan muammolar yechimi aks ettirilishi uchun puxta zamin yaratadi.

Farmonda Xalq qabulxonalarining doimiy eʼtibor markazida boʻlib kelayotgan dolzarb ijtimoiy masala – nogironligi boʻlgan shaxslar, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga koʻmaklashish masalasi yuzasidan ham masʼuliyatli vazifa yuklatilgan. Bundan buyon davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mazkur yoʻnalishdagi ishlari Xalq qabulxonalari tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 dekabrda qabul qilingan “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizmini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilab qoʻyilgan norma mazkur yangi farmonda yanada rivojlantirilgan. Yaʼni, bundan buyon Xalq qabulxonalari davlat xizmatlari koʻrsatish bilan bogʻliq barcha faoliyatni muvofiqlashtiradi.

Xalq qabulxonalari oʻzining faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha jamoat va nodavlat-notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilishi yuzasidan belgilab qoʻyilgan vazifalar ular faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlardan jamoatchilikni muntazam xabardor qilishda yangi imkoniyatlarni yaratib beradi.

Yuqorida qayd etib oʻtilgan keng koʻlamdagi dolzarb vazifalarni bajarish shunga mutanosib maqom va huquqlarga ega boʻlishni ham talab etadi, albatta. Farmonda masalaning ana shu amaliy jihatlari oʻz yechimini topgan – Xalq qabulxonalariga bir qator huquqlar berilib, katta imkoniyatlar yaratilgan.

Birinchidan, Xalq qabulxonalari sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli oʻrganish, koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish, shuningdek, sektorlar faoliyatini baholashda ishtirok etadi.

Ikkinchidan, Xalq qabulxonalariga sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan davlat organlari hududiy boʻlinmalarining mansabdor shaxslari va xodimlarini ragʻbatlantirish yoki yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha yuqori turuvchi davlat organlariga takliflar kiritish huquqi berilmoqda.

Uchinchidan, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan axborot hamda hujjatlarni soʻrash va olish, ularning mutaxassislarini jalb qilish huquqiga ega boʻldi.

Toʻrtinchidan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ular faoliyati va koʻrsatadigan xizmatlariga oid tartib-qoidalarning aholiga toʻliq va tezkor yetkazilishini taʼminlashga qaratilgan choralar koʻrish huquqi berildi.

Oʻz-oʻzidan ravshanki, bildirilgan bunday yuksak ishonchni oqlash, berilgan huquq va vakolatlardan faqat va faqat qonun doirasida, xalq va davlat manfaatlari yoʻlida foydalanish Xalq qabulxonalari xodimlarining ham insoniy, ham fuqarolik, ham davlat xizmatchisi sifatidagi muqaddas burchi sanaladi. Shu bilan bir qatorda, ularning qonun asosida, xolis va adolatli faoliyat yuritishi uchun zarur huquqiy va tashkiliy zamin yaratilishi muhim amaliy ahamiyatga ega vazifa hisoblanadi. Shu munosabat bilan Farmonda mazkur masalaga alohida eʼtibor qaratilib, Xalq qabulxonalari masʼul xodimlarini lavozimga tayinlash va ozod etishning yangi tartibi belgilangan.

Unga koʻra, Prezidentning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari mudirlari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

Prezidentning tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari mudirlari – Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

Xalq qabulxonalarining boshqa xodimlari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

Xalq qabulxonalarining boshqaruv xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining xodimlari hisoblanadi.

Farmonda shuningdek Xalq qabulxonalari moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, xodimlarning oylik maoshlarini sezilarli darajada oshirish, xizmat avtotransport vositalari bilan taʼminlash, faoliyatida yuqori koʻrsatkichlarga erishgan xodimlarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirib borish yuzasidan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Kadrlar masalasi haqida soʻz borar ekan, Xalq qabulxonalarining kadrlari tarkibini aholi bilan bevosita ishlash uchun zarur boʻlgan bilimga, tashkilotchilik va tahlil qilish qobiliyatiga, yuksak maʼnaviy-axloqiy va psixologik fazilatlarga ega boʻlgan malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, ularning muntazam ravishda malaka oshirishini yoʻlga qoʻyish vazifalari belgilangani muhim ahamiyatga ega. Misol uchun, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda Xalq qabulxonalari xodimlari uchun maxsus malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Shular qatorida Xalq qabulxonalarining yangilangan nizomi, ularning sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi tartibi, Xalq qabulxonalari faoliyatini baholash tartibi va mezonlarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi. Misol uchun, Xalq qabulxonalarining aholi muammolari bilan ishlash samaradorligi indeksini aniqlashda uyma-uy yurish orqali oʻrganib chiqilgan uy xoʻjaliklari, ijtimoiy va boshqa obyektlar, muammolarni hudud darajasida hal etilishi holati, respublika darajasida hal etilishi belgilangan muammolarni hal etish uchun zarur choralar koʻrish darajasi, muammoni hal etishning oʻrtacha muddati kabi mezonlarga tayanilishi rejalashtirilgan.

Prezident farmonidan kelib chiqadigan vazifalarni ijro etish asnosida endi mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati konkret mahalladagi ijtimoiy infratuzilmalar, iqtisodiy vaziyat, ijtimoiy muhit, ijtimoiy soha obyektlarining holatidan kelib chiqib, “namunali”, “yaxshi” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratilgan holda baholanadi. Bu shundan dalolat beradiki, endilikda turli dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda birinchi navbatda eng ogʻir hududlarga eʼtibor qaratilib, muammolarni yechish chora-tadbirlari koʻriladi.

Farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalariga aholining ijtimoiy muammolarini aniqlash va hal qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning hududlarda amalga oshirilishini, shu jumladan, 
2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha belgilangan vazifalarning bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilib borish vazifasi yuklatildi.

Vazirlar Mahkamasiga “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz!”, “Har bir oila – tadbirkor” va boshqa davlat dasturlari ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalariga taqdim qilib borilishi hamda uy-joylar, yoʻl qurilishi, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmoqlari, kanalizatsiya va boshqa kommunal xoʻjalik obyektlari, ijtimoiy soha maskanlarini qurish va taʼmirlash reja-dasturlari hamda boshqa davlat dasturlari, shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish uchun ajratilgan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tuman va shahar kesimida joylashtirilishi va muntazam ravishda yangilab borilishini taʼminlash boʻyicha aniq koʻrsatmalar berilgan.

Farmonda yana bir muhim masala yechimi koʻrsatib oʻtilgani katta amaliy ahamiyatga egadir. Unga koʻra “Hudud” axborot tizimi yanada takomillashtirilib, unga barcha Xalq qabulxonalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar integratsiya qilinadi. Natijada Xalq qabulxonalari xodimlari, sektorlar shtablari aʼzolari qogʻoz koʻrinishida turli hujjatlarni toʻldirish, yuritish, rasmiylashtirish, saqlash kabi ishlardan xalos boʻlib, asosiy vaqtini fuqarolar bilan koʻproq bevosita muloqot qilish, muammolarni joyida oʻrganish uchun uzoq hududlarga chiqish ishlariga safarbar etadi.

Mazkur tadbirning mantiqiy davomi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning hududiy boʻlimlari faoliyati hamda ular koʻrsatadigan xizmatlarga oid tartib-qoidalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, mobil ilovalar, veb-saytlar, elektron toʻlov vositalari orqali aholiga toʻliq va tezkor yetkazilishini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi fuqarolarimizning ham vaqtini, ham mablagʻini tejashga xizmat qiladi.

Shu bilan bir qatorda, 2019 yilning 1 iyuliga qadar barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning viloyat boʻlinmalari veb-saytlarini, 2020 yilning 1 yanvariga qadar tuman va shahar boʻlinmalari veb-saytlarini tashkil qilish vazifasi qoʻyilgani fuqarolarning davlat organlarining hududiy boʻlinmalariga bevosita elektron tarzda murojaat qilish imkoniyatini yaratadi.

“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va bugun hayotimizdan tobora chuqurroq oʻrin olayotgan ushbu tamoyil yurtdoshlarimizning hayotdan rozi boʻlib yashashiga zamin yaratmoqda. Bugun poytaxt Toshkent shahridan to mamlakatimizning eng uzoq hududida yashayotgan yurtdoshimizga qadar islohotlarning real natijasini oʻz hayotida koʻra boshlagani, bu yangilanishlar minglab oilalar hayoti, millionlab insonlarning ongi, qalbi va dunyoqarashi oʻzgarishiga ham turtki boʻlayotgani buning yaqqol isbotidir. Prezidentimizning “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishi barobarida islohotlarning taʼsirchanligini yanada oshirishga, xalqimizning hayotdan rozi boʻlishi uchun yanada keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?