Aholi bank faoliyatidan norozi...mi?

15:52 14 Fevral 2019 Iqtisodiyot
549 0

Aksiyadorlik tijorat “Qishloq qurilish bank”ka 2018 yil davomida 1745 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1576 tasini jismoniy shaxslarning shikoyat va takliflari tashkil etadi.

Xoʻsh, aholi bank faoliyatidagi qaysi jihatlardan norozi?

Tahlillarga qaraganda, murojaatlarning asosiy qismi kredit va uy-joy masalasiga bogʻliq boʻlib chiqdi. Shu yoʻsindagi taklif va shikoyatlar, ayniqsa, Surxondaryo, Andijon, Fargʻona va Jizzax viloyatlaridan kelib tushgan.

Poytaxtimizda bank tomonidan “Murojaatlar bilan ishlash: yangicha tizim va yondashuv” mavzuidagi anjumanda shu haqda maʼlumot berildi.

Bank yuridik departamenti boshligʻi Erkin Atabayevning aytishicha, murojaatlar avvalgi yildagi koʻrsatkich bilan taqqoslanganda, 2 mingtadan koʻproqqa kamaygan.

— Bilasizmi, koʻplab murojaatlar aholining yetarlicha axborotga ega emasligi tufayli kelib tushmoqda, — deydi u. — Shu bois har bir filialda “resepshn”, yaʼni kelgan mijozni kutib olib, ularni qiziqtirgan masalaga oydinlik kiritishga koʻmaklashadigan xizmat joriy qilindi. Qolaversa, mavjud 14 ta mintaqaviy filialning joylarda taqdimotlari ham oʻtkazilyapti. Bu esa aholining xabardorligini oshirish, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkonini bermoqda. Biroq ayrim fuqarolar bitta masala yuzasidan takror-takror murojaat qilish holatlari ham koʻp uchrab turibdi. Masalan, jizzaxlik bir kishi 84 marta, buxorolik kishi esa 44 marta murojaat qilgan.

Bank tomonidan murojaatlarni xolislik va adolat tamoyillari asosida oʻrganishga harakat qilinayotgani eʼtiborga molik. Masalan, biror xodim yoki filial faoliyati boʻyicha kelib tushgan shikoyatni oʻrganish uchun tegishli hududga joʻnatilmaydi, balki mutaxassis borib, real vaziyatni har taraflama chuqur oʻrganadi. Shu kabi saʼy-harakatlar natijasida 17 nafar bank xodimiga intizomiy choralar koʻrilgan.

Umuman olganda, murojaatlarning 217 tasi ijobiy hal qilingan boʻlsa, 1389 tasiga tegishli tushuntirish berilgan, 27 tasi taalluqliligi boʻyicha tegishli idora va tashkilotlarga joʻnatilgan, 21 tasi maʼlumot uchun qabul qilingan, 15 tasi rad etilgan, 14 tasi koʻrmay qoldirilgan. Shuningdek, 60 tasi amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq tugatilib, 2 tasi boʻyicha tegishli tartibda chora koʻrilgan.

Said RAHMONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?