Aholi Axtachidagi sement zavodidan norozi eʼtirozlar nechogʻli oʻrinli?

15:09 26 Iyun 2019 Jamiyat
559 0

“Xalq soʻzi Online”. Saminjon Husanov/Andijon. Andijon shahriga qadam bosgan kishi borki, Asakaga tashrif buyurishni ixtiyor etadi. Buning sabablari koʻp, masalan, kimdir necha ming yillik tarixga ega qadim shahar hayoti bilan tanishmoq istasa, yana kimdir oʻsha mashhur “Choʻntak” choyxonasida tamaddi qilishni ixtiyor etgan. Boshqa birovi esa oʻnlab avtomashinalar ishlab chiqaruvchi korxonani oʻz koʻzi bilan koʻrishga orzumand.

Xullas, oʻziga chorlaguvchi bu manzil sari odimlamoq istovchilar juda koʻp. Ana shunday intilish, ishtiyoq bilan viloyat markazidan atigi 3-4 kilometr yiroqlashsangiz Asaka zaminiga qadam bosasiz. Yupqa tuman qaʼridagi keng koʻchalar, ravon yoʻllar, bir qatorga saf tortgan zamonaviy uylar havasingizni orttiradi. “Yupqa tuman” dedikmi? Ha-ya, aslida oʻzimiz ham shu mavzuda fikrlashmoqchi edik. Tumandek parda tortib turgan bu holat tuman emas Axtachi qishlogʻidagi sanoat zonasida joylashgan sement zavodidan chiqqan gʻubordir. Har qalay, bizga shunday deyishdi.

Avvalo, ushbu korxonaning foydasi haqida gapirsak. “Sing Lida” nomi bilan ataluvchi masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi bu qoʻshma korxona 2013-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Unda samarali mehnat qilayotgan 220 nafar ishchi-xizmatchilar tomonidan bir kunda 150-200 tonna sement ishlab chiqarilyapti. Demak, korxona tufayli 200 nafardan ziyod oilaning qozoni qaynab turibdi. Har bir oilada oʻrtacha 4 nafar aʼzo borligini inobatga olsak, salkam ming nafar yurtdoshlarimiz aynan shu zavoddan manfaatdor ekan. Ichki bozorni har oyda 5-6 ming tonna sement bilan taʼminlab kelishining oʻziyoq mamlakatimiz iqtisodiyotiga qoʻshayotgan hissasidan dalolat. Bu yaxshi, albatta! Biroq, oyning ham orqa tomoni boʻlgani kabi korxonaning aholi eʼtiroziga sabab boʻlayotgan jihatlari ham yoʻq emas. Bu haqida ularning fikri bilan tanishamiz.

Shuhratbek TURGʻUNBOYEV, Manjara koʻchasi 33-uy.

-Bir paytlar qishlogʻimiz bahavo boʻlgan! Havosidan tanamiz yayrardi. Soʻnggi 2-3 yil ichida yashash ham qiyin boʻlib qoldi. Sement zavodidan chiqqan chang-gʻubor oʻpkamizga toʻlib qolyapti. 3 yoshli nabiram Abdulboqi Turgʻunboyev kunora kasal boʻlib qoladi. Shifokorga uchrasak, allergik kasallikka chalinganligini aytdi. Bir necha marta viloyat markazidagi shifoxonalarda davolatdik. Foydasi boʻlmayapti. Salkam bir oy yaxshi yuradida, keyin yana kasal boʻlib qoladi. Aksariyat hollarda uni Shahrixon tumanidagi qudamnikida qoldirib kelaman. Ishonasizmi, 4 kunda sogʻayib ketadi. Biznikiga kelgach, yana shu ahvol. Keksalarimizda oʻpka bilan bogʻliq kasallar ortib boryapti. Ayniqsa, nafasi qisadiganlar koʻp.Shu zavod ishga tushmasidan avval hammasi yaxshi edi.

Mahammadortiq HAKIMOV, Aylanish koʻchasi 17 uy.

-Zavoddan chiqayotgan gʻubor tomorqamizga ham salbiy taʼsir koʻrsatyapti. Daraxtlarimiz meva tugadiyu, yaxshi pishmaydi, aksariyati pishmay turib chiriyapti. Pomidorimizga sariq dogʻ tushgani yetmagandek, bir chetdan qurishni boshladi. Tomimizdagi shiferlarga bir santimetr qalinlikda sement changi oʻrnashib qolgan. Yomgʻir yogʻsa tarnovimizdan qop-qora suv oqadi. Yozning issiq kunlarida ham ayvonda oʻtirib boʻlmaydi. Ayniqsa, kechga borib qishloqni qalin chang bosadi. Huddi tuman tushganga oʻxshaydi.

Oqyoʻl DEHQONOV, Tovoqchi koʻchasi, 25-uy.

-Yoshim 75 da. Mahallamizda bajarilayotgan ishlarni koʻrib hali uzoq yashagim keladi. Boisi, koʻchalarimizga asfalt bosishdi. Simyogʻochlarimizni almashtirib, yangitdan elektr simi tortishdi. Ichimlik suvidan shikoyatimiz yoʻq. Ariqlarimizda suv tinmaydi. Bitta arzimiz zavoddan, uka. Toʻgʻri, qishlogʻimizning aksariyat aholisi mana shu zavod tufayli tirikchilik qilyapti. Vaqtida oylik maosh beradi. Har bir ishchi har oyda oilasiga 1,5 million soʻm atrofida mablagʻ olib kiradi. Yana qancha yurtdoshlarimiz zavod bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xullas, minglab oilalarning tirikchiligi shu zavodga bogʻliq. Shu bois ham zavod bizga kerakmas, demoqchi emasmiz. Faqat, undan chiqayotgan chang-gʻubor dilimizni xufton qilyapti. Qarang, kunduz kuni ham atrofimizni tuman qoplagandek manzara hukmron. Mutaxassislar yaxshilab oʻrganib chiqib, aholiga zarar yetmaydigan biror chorasini topsa boʻlarkan. Axir, sobiq Ittifoq davrida ham bu kabi korxonalar faoliyat yuritgan. Biroq, ulardan aholi aziyat chekmagan. Meʼyoriy talablarga amal qilinmayaptimikin, deymanda.

Xullas, aholining arzi tugamaydi, savollarni oxiri yoʻqdek. Ana shu savollarga javob izlab korxonada boʻldik.

-Har bir korxona oʻz faoliyatini boshlar ekan, tegishli idoralar tomonidan oʻrganib chiqiladi,-deydi qoʻshma korxona rahbari Ahliddin Zokirov. –Bizning korxona ham faoliyatini boshlaguniga qadar bir necha tekshiruvlardan oʻtgan. Odatda bu kabi obyektlar aholi yashash hududidan bir kilometr narida joylashgan boʻlishi kerak. Bizning korxona 1,5 kilometr uzoqlikda joylashgan boʻlib, sanoat zonasining eng oxirgi hududidamiz. Atrofimizdagi sanoat korxonalari faoliyatimizga nisbatan biror marta ham eʼtiroz bildirishgani yoʻq. Qishloqdagi odamlarning zavodimizdan taralayotgan gʻubordan zaharlanganligi tufayli kasallikka chalinganligiga, tomorqasidagi ekinlar qurib qolayotganiga qoʻshila olmaymiz. Boisi, har oyda tegishli idoralar tomonidan mutaxassislar kelib, ish faoliyatimizni oʻrganib turishibdi. Kamchiligimiz boʻlsa oʻz vaqtida chora koʻryapmiz. Atrofga zarar berilsa birinchidan oʻzimizning vijdonimiz qiynaladi. Tumandek koʻringan manzaraga keladigan boʻlsak, biz joylashgan hududdan 3 kilometr narida Bogʻishamol qir-adirlari joylashgan boʻlib, mayin esgan shabboda ham adirdagi changni aynan shu qishloqqa uchirib kelmoqda. Shu bois bu manzarani hatto zavodimiz ishlamagan kunlari ham bemalol kuzatish mumkin.

Xullas, ming bir savolga ming bir javoblar! Rasmiy maʼlumotlarda hammasi yaxshi, aholi esa har doimgidek norozi. Nima qilish kerak? Surishtiruvimiz davomida amin boʻldikki, bu eʼtirozlar vaqtincha. Boisi, viloyat hokimligi tomonidan zavod uchun Xoʻjaobod tumanining aholi yashash hududidan ancha olis qismida 40 gektarlik maydon ajratilgan boʻlib, shu kunlarda qurilish ishlari davom etmoqda. Zavod ishga tushgach, uning faoliyati 4 barobarga ortadi. Demak, 800 nafar ishchilar aynan shu zavod tufayli doimiy ish joyiga ega boʻladilar. Qoʻshma korxona Axtachidagi faoliyatini 2020-yilning 4-choragida yakunlab, Xoʻjaobod tumanida yangi sahifani boshlaydi. Bu safar uning ortidan keladigan foyda bilan bir qatorda yetkazilishi mumkin boʻlgan zararlar ham atroflicha oʻrganib chiqilgan va shu jihatlar hisobga olingani holda maydon tanlangan. Bu yaxshi albatta! Biroq, ungacha aholi eʼtirozi davom etaveradimi?

“Yoʻq, albatta,-deydi korxona rahbari Ahliddin Zokirov.-Avvalo, aytish joizki, zavodimizdan chiqayotgan namlik (gʻubor yoki chang emas) maxsus filtrlar orqali tashqariga chiqarilmoqda. Hammasi talab asosida tashkillashtirilgan. Shunday boʻlsada, vaziyatni yanada yengillashtirish maqsadida Xitoy davlatidan ventilyator moslamasi olib kelmoqdamiz. Iyul oyining 15-sanasidan boshlab vaziyat umuman oʻzgaradi. Shunda aholining biz bilan bogʻliq eʼtirozlariga oʻrin ham qolmaydi”.

Odatda hamma narsa inson manfaatlari uchun bunyod etiladi. Shunday ekan, amaldagi barcha harakatlar yon-atrofimizdagilarning minnatdorligiga sabab boʻlmogʻi kerak. Biz koʻrganimizni xolisona bayon etdik. Qolgan gapni mutasaddi idoralar vakillaridan kutib qolamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?